BILASIZMI? (2013-11)
Yaponiya ilmiy-sanoat texnologiyalari agentligi neylon tolasiga yupqa sensorli datchik (qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilma) o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni vaqtda bunday maxsus toladan mato ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.
Agentlik vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bunday matoning qalinligi atigi bir mikrometrni tashkil etadi. Undan, ayniqsa, shifoxonalarda keng foydalanish mumkin. Bunday qurilma bemor salomatligini bevosita kuzatishda juda qo‘l keladi.
***
Yana kunchiqar mamlakati olimlari tomonidan tishni tashqi ta’sirdan himoya qiladigan yupqa parda yaratildi. “Medical xpress” nashrining yozishicha, tishga kiydiriladigan mazkur vosita kariyesni bartaraf etish va sezuvchanlikni kamaytirish xususiyatiga ega.
U gidroksiapatit – tishning suyak to‘qimasi va qattiq to‘qimalarining asosiy mineralidan tayyorlangan ultraegiluvchan chidamli materialdan iborat. Ekspertlarning ta’kidlashicha, stomatologiya sohasida olamshumul yangilik bo‘ladigan mazkur vosita shikastlangan emallarni qayta tiklaydigan va tishlarni muhofaza qiladigan dunyodagi birinchi egiluvchan apatit pardadir.
Yaponiyaning Kinki universiteti vakillari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu parda tishga kiydirilganda, u ko‘rinmas tusga kiradi. Pardani hatto juda yorug‘ chiroq ostida ham ko‘rish mushkul. Xabarlarga ko‘ra, pardada kichik teshikchalar bo‘lib, ular so‘lak chiqarish va havo kirishi uchun mo‘ljallangan. Mazkur kashfiyotni yana bir necha yildan so‘ng amaliyotga joriy etish mo‘ljallanmoqda.