Olma ekish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar

Ekish uchun tavsiya etiladigan olma navlari: intensiv tipdagi navlar – Besh yulduz (Red Delishes olmalari), Starkrimson, Fudzi; an’anaviy navlar – Renet Simirenko, Golden Delishes, Rozmarin, Djonatan, Toshkent Borovinkasi va h. k.

Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Ko‘chatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonida suvning yurishi hisobga olinib, yer yaxshi tekislanadi. Maydonning har kvadrat metrga 6-10 kg go‘ng, chirindi, 200-250 g fosfor, 100-120 g kaliy va 150-200 g ammoniyli azot o‘g‘iti solinib, chuqur (25-30 sm) haydaladi.

Olmani payvandtaglariga qarab ekish sxemasi o‘zgaradi: kuchli o‘suvchi payvandtagda – 6×5 m (sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda) va 5×5 m (shag‘alli-qumlik tuproqlarda), o‘rta bo‘yli payvandtagda 5×4 m, past bo‘yli payvandtagda – 3×2,5 m. Bu yerda 3 m – ko‘chat qatorlari orasidagi masofa, 2,5 m – ko‘chatlar orasidagi masofa. Olma ko‘chatlarini ekish muddati kuzda noyabr oyiga, erta bahorda esa fevralning oxiri-mart oyining boshlariga to‘g‘ri keladi.

Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismini 20-25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga, qolgan qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. O‘raga 350-400 g fosfor, 30-40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8-10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi. Ko‘chatni ekishdan oldindan tayyorlab qo‘yilgan shaltoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olish lozim.

Ko‘chat o‘raga tik holda qo‘yilib, tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatni payvand qilingan joyi tuproqdan 4-5 sm yuqorida qolishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘latib suv quyiladi. Shunda tuproq zichlanib, nihol yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga yangi tuproq solib, to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproqning namligiga qarab vaqti-vaqti bilan sug‘orib turiladi.

Tomorqa maydoni 0,03 ga bo‘lsa, ushbu maydonning quyosh tushadigan sharqdan janubga qaragan tomoniga olmaning o‘rta bo‘yli ertaki, o‘rtaki va kechki navlaridan 2-3 tupdan ekish tavsiya qilinadi. Tomorqa maydoni 0,06 ga bo‘lsa, yarmiga sabzavot, qolgan qismiga esa mevali daraxtlar, 0,10 ga bo‘lganda sabzavot uchun maydon qoldirib, qolgan kattaroq qismiga mevali ko‘chatlarni joylashtirish mumkin.

Yana o‘qing:  Shirin manti

Parvarishlash. Daraxtlarga bahorda yarusli (qavatli) qilib shakl beriladi. Bunda daraxtning birinchi qavatida 3-4 dona asosiy shox qoldiriladi, qolganlari qirqib tashlanadi. Ikkinchi qavat shoxlari asosiy shoxlardan 30-40 sm, birinchi qavat shoxlaridan 25-30 sm masofada qoldiriladi. Uchinchi qavat shoxlari ham shu zaylda shakllantiriladi. Shakl berishda shox-shabbalarning bir-biriga soya berishini oldi olinib, bir maromda siyraklashtiriladi.

Daraxt hosil qilmaydigan yilida butash tizimi quyidagicha amalga oshiriladi: shu yili o‘sib chiqqan novdalar kuchliroq kaltalashtiriladi, xalqasimon meva shoxlari siyraklashtiriladi, murakkab xalqasimon shoxlar kaltalashtiriladi. Daraxtlar hosil bergan yili novdalar 35-40 sm o‘sgan eski shoxlariga taqab qirqiladi. Bir yillik novdalarni qisqartirish hosil kurtaklarini ko‘payishiga olib keladi.

Tomorqadagi olma daraxtlariga 300-350 g azotli, 250-300 g fosforli va 200-250 g kaliyli o‘g‘itlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Har 2-3 yilda o‘rtacha 50-60 kg chirigan go‘ng solish hosildorlikni oshiradi.

Bo‘z tuproqlarda olma daraxtlari o‘suv davri mobaynida 4-6 marta, shag‘alli yerlarda 10-12 marotaba sug‘oriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Olma daraxtiga zararkunandalardan olma qurti (mevaxo‘r), meva kanasi, binafsha rang qalqondor, kasalliklardan un shudring, kalmaraz (parsha), monilioz zarar keltiradi.

Binafsha rang qalqondorga qarshi erta bahorda kurtaklar yozilgunga qadar 5 foizli Karate em. k. purkaladi. Bundan tashqari, 17,5 foizli Perfekto sus. k., 20 foizli Bagira em. k. (10 sotix maydon hisobiga 15-20 ml) preparatlari bilan ishlov beriladi.

Olma qurtiga qarshi 17,5 foizli Perfekto sus. k. (10 sotix maydon hisobiga 15-20 ml), 5 foizli Karate em. k. (10 l suvga 3-4 g) qo‘llanilganda yaxshi samara beradi.

Meva kanasiga qarshi 17,5 foizli Perfekto sus. k. (10 sotix maydon hisobiga 15-20 ml) purkaladi.

Olmaning kalmaraz (parsha), monilioz kasalliklariga qarshi Bordo suyuqligining 3 foizli (10 l suvga 300 g mis kuporosi + 300 g so‘ndirilmagan ohak) eritmasi sepiladi. Kasalliklarga qarshi tadbirlar dori vositalari kurtaklar yozilguniga qadar o‘tkaziladi.

Hosilni yig‘ishtirish. Olma navlarining pishish muddati may oyining oxirlaridan boshlanib, oktyabr oyining boshlarigacha davom etadi. Odatda, ertaki olmalar qisqa muddat saqlanadi, ular bir terimda yig‘ishtirib olinadi. O‘rtaki va kechki navlarda terim bir necha marta o‘tkaziladi. Har bir nav pishgan paytida o‘ziga xos rang va tusga kiradi. Buni hosilni terishda inobatga olish kerak. Hosilni yig‘ishtirishda mevani bir qo‘l bilan ohista ushlab, meva bandiga zarar yetkazmasdan uzib olinadi. Terilgan mevalar yashiklarga joylashtiriladi. Yashiklar omborda saqlashga qo‘yilishi mumkin.

Yana o‘qing:  Bolangiz tirnog‘ini ko‘p tishlaydimi?

 

Sh. Ahmedov

 

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: