TIBBIYOT VA FARMATSEVTIKA YUTUQLARI NAMOYISHI
“O‘zekspomarkaz”da sakkizinchi xalqaro ixtisoslashgan “PharmMedExpo Uzbekistan – 2012” tibbiyot ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma “Zarexpo” milliy ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, xorijiy farmatsevtika kompaniyalarining mamlakatimizdagi vakolatxonalari uyushmasi ko‘magida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Komilov va boshqalar mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi. Bunda Prezidentimiz Islom Karimovning 2007 yil 19 sentyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda yuzdan ziyod farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishlab chiqarish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilayotir. O‘ndan ziyod farmatsevtika korxonasida ISO 9001 va GMP xalqaro sifat standartlari joriy etildi va ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “PharmMedExpo Uzbekistan” xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi soha mutaxassislarini tibbiy-ilmiy yangiliklar va ishlanmalar, innovatsion loyihalar bilan bevosita tanishtirish, o‘zaro tajriba almashishda katta imkoniyatlar yaratmoqda. Shuningdek, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash, aholining sifatli dori-darmonga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda o‘z samaralarini berayotir.
Sakkizinchi xalqaro ixtisoslashgan “PharmMedExpo Uzbekistan – 2012” tibbiyot ko‘rgazmasida O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Hindiston, Bangladesh, Qozog‘iston, Ukraina, Rossiya, Pokiston singari davlatlardan o‘nlab korxona va firmalar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma stendlaridan dori-darmon, tibbiy diagnostika, laboratoriya va davolash uskunalari, tabiiy farmatsevtika va kosmetika mahsulotlari, oftalmologiya, stomatologiya, jarrohlik, tibbiy reabilitatsiya va boshqa sohalarda qo‘llaniladigan zamonaviy preparatlar, tibbiyot sohasi uchun maxsus mebellar, mineral qo‘shimchalar va vitaminlar, xizmat ko‘rsatish keng o‘rin olgan.
– Bugun dunyoning ko‘plab ishlab chiqaruvchilari O‘zbekiston bozoriga kirishga va mamlakatingiz ishbilarmonlari bilan faol hamkorlik qilishga intilmoqda, — deydi Buyuk Britaniyaning “BTL Medical Technologies” kompaniyasi vakili Andrey Zaxarov. – “PharmMedExpo Uzbekistan” ko‘rgazmasida uchinchi marta ishtirok etayapmiz. O‘zbekistonning har tomonlama barqaror rivojlanayotgani, barcha tarmoqlar, jumladan, tibbiyot sohasi ham izchil taraqqiy etayotgani hamkorlik istiqbollari porloq ekanidan dalolatdir.
– Mazkur ko‘rgazmada ilk marta ishtirok etayapmiz, – deydi Pokistonning “Amicus Enterprises” kompaniyasi vakili Rashid Mahmud. – Kompaniyamizda asosan stomatologiya va jarrohlik asbob-uskunalari ishlab chiqariladi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan yetakchi tibbiyot kompaniya va firmalaridan vakillar ishtirok etayotgan ushbu ko‘rgazmada mahsulot va xizmatlarni namoyish etish, muzokaralar o‘tkazish va shartnomalar imzolash uchun barcha sharoitlar yaratilganidan juda mamnunmiz.
Mamlakatimiz va jahon farmatsevtika sanoatining so‘nggi yutuqlari namoyish etilayotgan mazkur ko‘rgazma doirasida dori-darmon va sohaga oid texnika va texnologiyalar yetkazib berish to‘g‘risida ko‘plab shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.
Nodira MANZUROVA,
O‘zA muxbiri