KO‘KLAM TAOMNOMASI
Har birimiz qishning sovuq kunlaridan so‘ng keladigan bahor faslini intiqlik bilan kutamiz. Fasllar kelinchagi bahor qalbimizga iliqlik olib kelishi bilan birga tanamizda sezilarli noxush holatlarni ham yuzaga keltiradi.
Ko‘pchilik odamlar tez charchash, ishtaha yo‘qolishi, uyquchanlik, teridagi o‘zgarishlar (teri rangining o‘zgarishi, dag‘allashishi, qurishi)dan noliy boshlaydi.
Bu yerda ikkita omil o‘zaro ta’sirga kirishadi: bir tomondan, ultrabinafsha nurlarga boy bahor oftobi moddalar almashinuvini kuchaytiradi, bu o‘z navbatida organizmning vitaminlarga ehtiyojini oshiradi.
Biz bahorda meva va sabzavotlarni kuzdagiga qaraganda ancha kam iste’mol qilamiz. Ko‘klamda mahsulotlardagi vitaminlar ham, kuz faslidagiga qaraganda kamroq bo‘ladi. Shuning uchun bahorda odam o‘zida yuqoridagi ta’kidlangan holatlarni boshidan kechiradi.
Shunga qaramay, bahorda dorixonalarga borishga shoshilmay turganingiz ma’qul deb, quyidagi maslahatlarga amal qilishingizni tavsiya etamiz.
Bu faslda organizmning vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojini tabiat bergan ne’matlardan oqilona foydalanish orqali to‘ldirishga harakat qiling.
Servitamin taomlar, darmondorilarga boy oziq-ovqat maxsulotlaridan iste’mol kilishni kanda qilmang.
Meva qoqilaridan tayyorlangan sharbatlarni ko‘proq iste’mol qiling.
Sharbatlar nihoyatda foydali bo‘lib, tarkibida organizm uchun zarur bo‘lgan mineral tuzlar, pektin moddalar , kletchatka hamda vitaminlarga boy qimmatli mahsulot hisoblanadi. Sharbatlardan o‘rik, olma, olxo‘ri, pomidor, uzum, sabzi sharbatlari tarkibida temir, kaliy, R,S darmondorilari mavjud bo‘lib, har kunlik ovqat iste’molingizga kiritsangiz foydadan xoli bo‘lmaydi.
Hozirgi kunda qora qarag‘at (smorodina) sharbati ham iste’molga chiqarilgan. 100 gramm qorag‘at sharbatida 90 mg gacha darmondori, vitamin S mavjud bo‘ladi, bu katta yoshli odamning shu vitaminga bo‘lgan kunlik ehtiyojini to‘la qondiradi.
Shuni unutmangki, sharbat yengil hazm bo‘ladigan, foydali ichimlikdir. Uy sharoitida tayyorlangan sharbatlarda mevalarning eti qanchalik ko‘p bo‘lsa, unda foydali moddalar shunchalik ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun bolalarga sharbatlarni o‘zingiz tayyorlab berganingiz ma’qul. Meva va sabzavotlarni xomligicha yeyishni tavsiya etamiz.
Sabzavotlar va ko‘katlar (karam, lavlagi, kartoshka, ko‘k salat, ko‘k no‘xat, ko‘k piyoz, rediska) qo‘shib tayyorlangan salatlar ishtahangizni ochish bilan birga organizmni foydali ozuqa bilan ta’minlaydi.
Bahor mavsumida insonga kuch-quvvat baxsh etuvchi taomlar zarurligini xalqimiz yaxshi biladi. Organizmga quvvat bag‘ishlovchi oqsillar, yog‘lar, karbon suvlar, mineral moddalar, darmondorilarga boy, hamma sevib iste’mol qiladigan sumalak va halim shifobaxshdir.
Shuning uchun bu taomlardan iloji boricha ko‘proq tanovvul etishingizni tavsiya etamiz.
Ismaloq, yalpiz, otquloq, jag‘-jag‘, beda, ko‘k piyoz va ziravorlar qo‘shib pishirilgan taomlar bahor mavsumida rohatlanib yeyilishidan qat’iy nazar tanangizni xam kerakli moddalarga to‘ldiradi va organizmni xiltlardan tozalaydi.
Xitoy va Himolay tog‘larida yashovchi aholining uzoq umr ko‘rishi boisini aniqlagan olimlar shu odamlarning ovqat ratsioni (taomnomasi)ni tekshirishganda ular donli, dukkakli mahsulotlarni tabiiy holda, undirib ko‘p iste’mol qilishlari ma’lum bo‘ldi. Shunisi e’tiborga loyiqki, qishki mavsumdayoq ular bahorgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishgan. Ya’ni, bug‘doy, arpa, suli, loviya, no‘xat, soya, tariq, mosh kabi donli mahsulotlar, urug‘larni o‘stirib (nish) maysalaridan turli xildagi salatlar, suyuq ovqatlar tayyorlab iste’mol qilganlar. Shu sababli ular o‘z organizmlarini turli xil darmondarilar bilan oziqlantirganlar va avlodlariga ham ovqatlanish inson salomatligini saqlashda muhim omil ekanligini yoshligidan ongiga singdirib borganlar.
Shu asnoda, bug‘doy va arpaning endi nish urgan maysalari miya va yurak faoliyatini me’yorlashtirishi, teri va sochni baquvvat qilib, qarish jarayonini sekinlashtirishi aniqlangan.
Nafaqat bahor mavsumida, balki yil bo‘yi salomat , bardam-baqquvat bo‘lib yurishingiz uchun sut, qatiq, jigar, qora non, baliq, dukkakli mahsulotlar (mosh, loviya, no‘xat va hokazo)ni tez-tez iste’mol qilishingizni tavsiya etamiz. Bu mahsulotlar tarkibidagi, V guruh vitaminlari xotirani yaxshilash bilan birga asab tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Tarkibida S va Ye vitaminlari bo‘lgan limon, apelsin, na’matak, kungaboqar yog‘i organizmni turli infeksiyalardan saqlovchi hamda miya faoliyatini yaxshilovchi ozuqalardir.
Yong‘oq, yeryong‘oq, mayiz, turshak va olma qoqilarni xalqimiz azaldan sevib iste’mol qilishadi. Bu mahsulot nihoyatda foydali.
Bahorgi mavsumda O‘zbekiston sharoitida ko‘p yetishtiraladigan o‘rik turshagidan doimiy ravishda iste’mol qilib turish zarur. Chunki, o‘rik tarkibida 27 foiz qand, organik kislotalar, pektin, kraxmal, oshlovchi moddalar, temir, mis, kalsiy, magniy mikroelementlar, kaliy tuzlari, vitamin S, karotin bor. Abu Ali ibn Sino o‘rik va uning turshagidan me’da-ichak faoliyatini yaxshilashda foydalangan bo‘lsa, xalq tabobatida xafaqon va yurak xastaliklarini davolashda ishlatilgan.
O‘rikning “Isfarak”, “Xurmoyi” navlaridan turshak tayyorlanadi. Turshak yurak sanchig‘i, nafas yo‘llari yallig‘lanishi, ko‘kyo‘tal, isitmasi bor odamlarga g‘oyat foydali. O‘rik turshagidan quyidagi sharbatlarni tayyorlab iste’mol qilsangiz, tanangizni foydali va zarur moddalar bilan ta’minlaysiz.
TURSHAK SUVI
Turshakning 10-14 donasini idishga solib, issiq suv bilan yuvib tashlang. Keyin chinni yoki sirli idishga turshakni ko‘mib turadigan qilib suv quying. So‘ngra ustini yopib, sovugunicha tindirib qo‘ying. Turshak suvi tashnalikni qondiradi. Yurakni baquvvat qiladi.
O‘RIK ShARBATI
May oyining oxirlarida ertapishar o‘riklar “g‘arq” pishadi. So‘ngra yoz davomida o‘rikning turli navlari birin-ketin o‘z hosilini beradi. Uddaburon uy bekalari tomonidan o‘tgan yilgi hosildan tayyorlangan o‘rik sharbati ham bahorgi “ilik uzildi” davrida taningizga rohat bag‘ishlaydi. Ammo o‘z vaqtida o‘rik sharbati tayyorlashga ulgurmagan bo‘lsangiz, bu yil barvaqtroq harakat qiling. Quyida sizga o‘rik sharbati tayyorlash xususida tavsiya beramiz:
Mevalarni chayib, o‘riklarni danagidan ajrating (Sharbat uchun sal qatiqroq o‘riklarni tanlaganingiz ma’qul). Sirli idishda mevalar qaynatilib, biroz miqdorda shakar qo‘shiladi (2 kg o‘rikka 3-4 l suv hamda 0,5stakan shakar yetarli).
Keyin sharbatni elakdan suzib oling. Yana bir qaynatib, sterillangan bankalarga yopishingiz mumkin.
Lobar ZOKIROVA,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti bo‘lim mudiri