Boy berilgan vaqt ortida yashiringan xatar

Darsdan uyga qaytish uchun avtobusga o‘tirdim. Yonimdagi ikki qizaloqning suhbati beixtiyor, qulog‘imga chalindi.

– Shohida yupkang nega bunchalik tor, uyingdagilar urishmaydimi? Kecha buni deb ustozdan ham gap eshitding. Xafa bo‘lmagin-u kundan-kunga yurish-turishing o‘zgarib borayapti.

– Birinchidan, men zamonaviy qizman. Oyim nimani xohlasam, o‘shani olib beradi. Ikkinchidan, kalta bo‘lsa nima qilibdi, Koreyada hamma shunday kiyinadi.

– Sen qayerdan bilasan? Axir u yerga bormagan bo‘lsang?!

– Borishim shart ekanmi, ana seriallarida ko‘rsatishayapti-ku. Maktab formalari bir xil – kalta va chiroyli. Ularni hech kim “Nega bunday kiyinayapsan?” deb urishmaydi ham.

Ikki dugonaning gaplarini eshitib, seriallar inson ongini shu qadar zaharlashi mumkin ekanidan hayratda qoldim.

Hamon yodimda o‘quvchilik yillarim kechki ovqatdan so‘ng ota-onam biz farzandlarga televizor ko‘rishni ta’qiqlashgan edi. Biz ham o‘z ixtiyorimiz bilan xonamizga kirib, darslarimizni tayyorlardik. Ota-onam seriallar yosh bolaning axloqi va ma’naviyatiga yomon ta’sir qiladi, deb hisoblardi. Endi o‘ylab qarasam, yaqinlarimning tutgan yo‘li to‘g‘ri bo‘lgan ekan.

Hozirda aksincha ba’zi oilalarda serial tugamasdan bolalar darsga qo‘l urmaydi. Ular uchun bilim olish ikkinchi darajali bo‘lib qolgan.

 

Ertasiga o‘qishga borib, berilgan uy vazifasini emas, aksincha kechagi film voqealarini o‘rtoqlari bilan qizg‘in muhokama qiladi. Qahramonlarga bilib-bilmay taqlid qiladi. O‘ylab qolaman, nega ularning ota-onalari farzand tarbiyasiga bu qadar befarq bo‘lmasa! O‘zga yurt urf-odatlari, bizga yot bo‘lgan g‘oyalar bilan sug‘orilgan chet-el seriallarini tomosha qilgan bolakay ertaga qanday inson bo‘lib kamolga yetadi? Kim kafolat beradi bu filmlar uning ongiga salbiy ta’sir o‘tkazmaydi, deb? Ertaga kech bo‘lganda aybni kimdan izlaymiz? Har narsaga qiziquvchan boladanmi yoki farzandining tarbiyasiga loqaydlik bilan qarayotgan ota-onadanmi? Yoki faqat reklama beruvchilarni o‘ziga jalb qilish uchun turli bo‘lar-bo‘lmas seriallarni efirga uzatayotgan telekanallardanmi?

 

Oybek VEYSAL o‘g‘li, kinoshunos:

Mamlakatimizda xorij seriallarini namoyish etishdan oldin, uning terrorizm, pornografiya, davlatga qarshi siyosat olib borish kabi jihatlari soha mutaxassislari tomonidan nazoratga olinadi. Qolaversa, ular efirga uzatilishdan oldin bosh muharrir ko‘rigidan o‘tkaziladi. Mana shunday chig‘iriqlardan so‘ng serial ekran yuzini ko‘radi. Teleseriallar milliy telekanallarimizga asosan elchixonalardan sovg‘a qilinadi. Chet eldan sotib olish esa katta mablag‘ talab qiladi.

Yana o‘qing:  Insult faqat kattalarda uchraydimi?

Endi bunday badiiy ijod mahsulining bola tarbiyasiga ta’sir haqida gapirsak, bu borada faqat telekanallarni aybdor deyish, mutlaqo noto‘g‘ri. Unda ota-onaning vazifasi, burchi nimadan iborat? Axir, ular farzandiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, ongini zaharlaydigan narsalardan himoya qilishi kerak emasmi?

Filmlar qaysi xalqning ijod mahsuli bo‘lmasin, u inson ma’naviyatini yuksaltirishi, ezgulikka, insonparvarlikka chorlashi lozim. Bu fikrlarga yoshlarimiz nima deyishar ekan. Ular milliy telekanallarimiz orqali berib borilayotgan seriallardan o‘zlari uchun nima olishmoqda?

 

Ma’mura XO‘JAQULOVA, talaba:

Asosan, bo‘sh vaqtlarimda ba’zan serial tomosha qilaman. Menga ko‘proq xorij seriallari yoqadi. Negaki, ularning filmlarida hayotiy voqealar juda chiroyli tarzda ochib berilgan. Ayniqsa, tarixiy seriallarni tomosha qilganimda, go‘yo o‘sha zamonga tushib qolgandek bo‘laman. Qahramonlar ham rollarini maromiga yetkazib ijro etishadi.

O‘zimizning kino ijodkorlar tomonidan suratga olingan kino va seriallar ham yo‘q emas. Ammo ularda qandaydir bo‘shliq bor, nazarimda. Men o‘zbek rejissyorlari tomonidan milliy qahramonlarimiz – Shiroq, To‘maris, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Amir Temur, Bobur, Mirzo Ulug‘beklar haqida sifatli kinofilm yoki seriallar surtga olishini juda-juda istardim. Chunki, ular haqidagi filmlarni tomosha qilgan yoshlar qalbida tug‘ilib o‘sgan yurtiga sadoqat, muhabbat tuyg‘ulari shakllanadi.

 

Yuqoridagi fikrlarni tinglab, bu borada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligiga amin bo‘ldik. Eng asosiysi, yosh avlod tarbiyasi yo‘lida barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, ertaga kelajak avlod yetuk va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetadi.

 

Dilfuza ASHURBOY qizi,

O‘zMU talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: