Balog‘at davri – jadal o‘sish pallasi
o‘smirlar taomnomasiga bir nazar
O‘smirlik davri – 10 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan davr hisoblanadi. Bu vaqt oralig‘ida yoshlar organizmida jadal o‘sish va rivojlanish kuzatiladi.
O‘spirin yigit-qizlar voyaga yetish davrida ularning organizmida juda katta gormonal o‘zgarishlar kuzatiladi. Shu sababli o‘smirlar bu pallaning bir necha bosqichlaridan sog‘lom o‘tishlari uchun o‘z vaqtida sifatli va to‘yimli hamda to‘g‘ri ovqatlanishlari zarur.
10-13 yoshda organizm tez o‘sa boshlaydi. Suyaklar mustahkamligi uchun sut va sut mahsulotlari – suzma, qatiq, yogurt hamda pishloq zarur. Chunki, ular tarkibida kalsiy mo‘l bo‘ladi. Mushaklarning rivojlanishi va o‘sishi uchun yana bu yoshdagi bolalar ratsioniga yetarli miqdorda hayvon yog‘lari, go‘sht mahsulotlari, tuxum, baliq qo‘shish tavsiya qilinadi.
14-16 yoshda o‘smir organizmidagi gormonal nomutanosiblik sababli yuz terisida turli xil toshmalar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun yog‘li, qovurilgan ovqatlardan ko‘ra qaynatilgan va dimlangan taomlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Yana bu yoshda achchiq, sho‘r hamda marinadlangan mahsulotlar, shuningdek, turli konserva hamda “fast-fud”larga ruju qo‘ymasdan imkoni boricha tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni tanovul qilish sog‘liq uchun foydali.
16-18 yoshda o‘smir organizmi deyarli shakllanib bo‘ladi. Aynan shu davrda qizlar bilib-bilmay parhez qilishi, go‘shtsiz ovqatga qiziqib, kaloriyasiz taomlar tanovul qilishga harakat qiladi. Vaholanki, bu bilan ularning sog‘lig‘iga katta zarar yetishi mumkin.
Noto‘g‘ri ovqatlanish va uning asoratlari
Bunday ovqatlanish quyidagi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin:
– pakanalik;
– ko‘rish qobiliyatining pasayishi;
– tez-tez bosh aylanishi;
– tez charchash;
– immun tizimining susayishi;
– tishlarning kasallanishi;
– bo‘g‘imlardagi o‘zgarishlar;
– suyaklar mo‘rtligi va ularning sinishi;
– yuz terisining kasallanishi (yog‘li seboreya, husnbuzar toshishi);
– qizlarda hayz siklining o‘zgarishi.
O‘smirlik davrining barcha bosqichida shifokor maslahatiga binoan polivitaminli dori vositalarini ichish zarur.
Bu yoshdagi yigit-qizlar shirin gazli ichimliklar, gamburgerlar, pitssa, chips va boshqa shunga o‘xshash mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilib, organizmga foydali bo‘lgan meva-sabzavot va dukkakli, yorma don mahsulotlaridan tayyorlanadigan ovqatlarni kam iste’mol qiladilar. Bu paytda ovqatlanish tartibi albatta to‘rt mahal bo‘lishi zarur.
Nonushta o‘smirlarga kuch-quvvat berib, u turli don mahsulotlaridan sutli ovqat, quymoq va boshqalardan tayyorlanishi kerak.
Tushlik kunlik taomnoma me’yorining 35-40 foizi va nonushta hamda kechki ovqatning 25 foizini tashkil qilishi zarur.
Ertalab faqat kattalar kofe ichishlari mumkin. Uni ozgina ovqat bilan cheklash mumkin emas.
To‘liq sifatli tushlik – birinchi ovqatga sho‘rva yoki qaynatma berish hisoblanadi. Ikkinchi ovqatga sabzavotli garnir, go‘shtli, baliqli ovqat hamda desert sifatida meva va quritilgan mevalar kiritiladi.
Tushlik bilan kechki ovqat oralig‘idagi taom (tolma choy) yo‘qotilgan energiyaning o‘rnini to‘ldiradi. Bu paytda sut, non, har xil shirin kulchalar iste’mol qilish o‘smir organizmi uchun juda foydali.
Kechki ovqat iloji boricha yengil hazm bo‘ladigan oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat bo‘lishi kerak. Pechenye, tort, shirinliklar va shokoladda juda ko‘p shakar bo‘lgani uchun ularni kamroq, goh-gohida iste’mol qilish zarur.
O‘smirlar ovqatlanish ratsionida nimalarga e’tibor berish kerak?
Non va donli hamda dukkakli, unli mahsulotlar 40 foiz, shuningdek, meva-sabzavot, ko‘katlar 30 foizni tashkil etishi kerak. Go‘sht, parranda, baliq, tuxum 12,5 foiz, shuningdek, sut va sut mahsulotlari 12,5 foizgacha, yog‘, shakar, tuzlamalar 5 foiz bo‘lishiga e’tibor berish lozim.
Ovqatlanishda me’yorni bilish zarur
Televizor ko‘rib yoki kompyuterda ishlab, ovqatlanish, ayniqsa, yosh organizm uchun hamda ko‘zga zarar. Shu sababli diqqatni chalg‘itmasdan va sekin ovqatlanish zarur. Bu miyaning o‘z vaqtida me’da to‘lganligi to‘g‘risida axborot olishi uchun kerak. O‘z vaqtida ovqatlanmaslik, ochlik hissi tufayli keyin ham ko‘proq miqdorda ovqatlanishga sabab bo‘ladi. Yegulik hajmiga albatta e’tibor berish shart.
Maslahatlar:
Sog‘lom ovqatlanishda quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
– “fas-fud” kabi tez tayyorlanadigan mahsulotlarni iste’mol qilmang;
– 1 dona “gamburger”, qovurilgan kartoshka, shirin ichimliklar tarkibidagi yog‘, shakar organizmning bir kunlik energiya talabini qondiradi. Shu sababli ularni kam tanovul qiling;
– ovqatlanish oralig‘ida meva hamda sabzavotlarni xom holida ko‘proq yeng. Yaxshisi sarxil va ho‘l hamda quruq mevalar, qotgan nonni tanovul etishni unutmang,
– kartoshkali chips yoki pechenye, shirinliklarni kam iste’mol qiling.
Aziza ShIRINOVA,
Salomatlik va tibbiy stastika instituti Tashkiliy-uslubiy bo‘limi mudiri