Ibrat guli, ma’naviyat nuri

Qamchiq dovonida bunyod etilgan temir yo‘l orqali po‘lat karvonda, go‘zal tog‘ manzaralaridan bahramand bo‘lib so‘lim vodiyga borish har bir yurtdoshimiz qatori mening ham ulkan orzuimga aylangandi. Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligini nishonlanishi umidimga qanot bag‘ishladi.

Poyezd ulkan qoyalar oralab yelib boradi. Oppoq qor bilan qoplangan daralar, archazorlar, ulug‘vor daraxtlar hayratingga hayrat, quvonchingga quvonch qo‘shadi. Vagondagi osoyishta muhit, qulay shart-sharoit safarga ma’no, vujudga orom bag‘ishlaydi. Vagon xizmatchilarining xush muomalasi, iltifotidan ko‘ngil xushnud bo‘ladi.

Yon o‘rindiqda hayotning achchiq-chuchugini tatigan nuroniy onaxon kumush marjon taqqan daraxtlarni, qor qoplagan atrof-olamni kuzatib borayotib, beixtiyor so‘z ochadi:

– Avvallari bunday quyuq qor yoqqanda dovondan o‘tib bo‘larmidi?! Yaratganga shukr, Vatanimiz erishgan shunday yutuqlarni, ajib-davru davronni ko‘rdik… Bir paytlar bu dovondan oshib o‘tish amri-mahol edi. Yo‘lni qor bosib, kunlab sovuqda qolib ketgan kezlarimiz bo‘lgan…

– Poyezd o‘rindig‘ining qulayligini aytmaysizmi, bemalol chordona qurib o‘tirsa bo‘ladi, – uning so‘ziga javob qaytardi yonidagi otaxon…

Xushro‘ygina vagon xizmatchisi keksa yo‘lovchilarning suhbatini bo‘lib qo‘yganidan xijolat tortib, iltifot bilan chanqovbosdi uchun ichimlik taklif qildi:

– Men ko‘p choy ichaman, qizim, og‘rinmaysizda, – dedi onaxon jilmayib.

– Buvijon, sizdek duogo‘y bobo-buvilarga xizmat qilib horimaymiz, bemalol aytavering, – qizning yuzida samimiy tabassum yugurdi…

Andijonliklar azal-azaldan ziyoga intiluvchan, mutolaani xush ko‘ruvchi kishilardir. O‘qish-o‘rganish, intilish bor joyda ma’naviyat, ma’rifat, pirovardida, yuksalish bo‘ladi. Ayni shu salohiyat tufayli mustaqillikning o‘tgan yigirma olti yilida viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plandi. Avtomobil zavodi, ko‘plab qo‘shma korxonalar ishga tushdi. O‘ziga xos arxitektura asosida bunyod etilgan muhtasham inshootlar, obod ko‘chalar, mahallalarni aytmaysizmi?!

Viloyatdagi xayrli ishlarni birgina Bobur nomidagi jamoat fondi misolida ko‘rish mumkin. Bugun mamlakatimizda olti mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ular orasida davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlab, yurt tinchligi, el farovonligi, xalqlar do‘stligi, qadimiy go‘zal qadriyatlarimizni tiklash yo‘lida munosib mehnat qilayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, geologiya fanlari nomzodi Zokirjon Mashrabov yetakchiligidagi tashkilotning ham alohida o‘rni bor.

Yana o‘qing:  Pensionerlar uchun yangi qulaylik

Yaqinda viloyatda buyuk bobokalonimiz Bobur tavalludi munosabati bilan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Tadbir o‘tkaziladigan joy shoir, hukmdor va mohir sarkarda sharafiga gullar bilan bezatilgan. Afg‘oniston, Toshkent, Farg‘ona, Namangan, Qoraqalpog‘istondan bir guruh mehmonlar tashrif buyurgan. Tashkilot faoliyatining ko‘lami keng ekanini uning qoshida bunyod etilgan Bobur muzeyi, kutubxona, “Boburnoma” asarida tilga olingan o‘simliklardan iborat “Chorbog‘” misolida ko‘rish mumkin. Tashkilot turli xayriya tadbirlarini uyushtirish, shoir merosini O‘zbekiston va jahon olimlari bilan birgalikda chuqur o‘rganish, asarlarini jahonning turli tillariga tarjima qilish, chop etish kabi ezgu ishlarga homiylik qilib kelmoqda. Shu bilan birga, yurtimizdan yetishib chiqqan, jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan buyuk zotlar merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirish kabi xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda.

 

Asrlarga yetgulik hayotbaxsh ziyo

Andijon shahrining markaziy maydoni. Tadbir avvalida Zahiriddin Muhammad Bobur haykali poyiga guldastalar qo‘yildi. Maydonda minglab odam jam bo‘lgan. Men ot ustida mardonavor o‘tirgan siyratga mehr bilan boqaman. U hayotining eng navqiron davrlarini o‘zga yurtlarda o‘tkazgan bo‘lsa-da, kindik qoni to‘kilgan yerni bir umr qo‘msab yashadi. Qabri ona yurtiga yaqin bo‘lishini istab, jismini Qobulga qo‘yilishini vasiyat qildi. Fond esa deyarli besh yuz yil o‘tib, uning ushalmagan orzusini amalga oshirdi. Andijonda ham xuddi Qobuldagiday ramziy maqbara bunyod etilib, u yerga qabridan hoki olib kelindi.

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligi va fond tashkil etilganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan konferensiyada Boburshunos olimlar, shoirlar, muxlislar ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali kirish so‘zi bilan ochdi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Andijon ahli bilan bo‘lgan uchrashuvda Bobur haqida aytgan fikrlari ekran orqali namoyish etildi.

So‘ngra Zokirjon Mashrabov an’anaga ko‘ra o‘tgan bir yil ichida fond tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. Shuningdek, fondning tashkil etilishi, xalqaro ekspeditsiya faoliyatiga yigirma besh yil to‘lishi munosabati bilan o‘tgan chorak asrda bosib o‘tilgan yo‘lga ham nazar tashlandi, kelajak rejalari xususida so‘z yuritildi. Jumladan, YUNYeSKO tashkilotiga Andijon shahrining 2500 yilligini tasdiqlash uchun ma’lumotnomalar yuborilgani ta’kidlandi.

Yana o‘qing:  “Maxsus montaj qurilish” korxonasi – yuqori sifat, xaridorgir mahsulot

Shundan so‘ng Boburshunos olimlar birma bir so‘zga chiqishdi. Shoir asaridan namunalar hamda Boburga atalgan zamondosh shoirlarimizning she’rlari yangradi. Konferensiyada afg‘onistonlik olim Azimullo Orol so‘zga chiqib, Bobur sarkarda, shoh, shoir bo‘lish bilan birga, o‘simlikshunoslikka, tabiatni asrashga, millatlarning urf-odatlarini o‘rganishga, tarixni bilishga munosib hissa qo‘shganligi, jumladan, “Boburnoma” asarida lolaning 18 turi borligini tilga olgani, bugungi kunda undan o‘n turi fanga ma’lum ekanligini ta’kidladi. Fond tomonidan tashkil etilgan xalqaro ekspeditsiya a’zolari shoir izidan Afg‘onistonga borib, u yerda muqim makon topgan ko‘plab buyuk insonlarning qabrini tiklashdek, ulug‘vor ishlarni amalga oshirganligini faxr bilan tilga oldi.

Fond shoir va tarixnavis Bobur asarlarini izlab topish va ona yurtiga qaytarish uchun Hindiston, Eron, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Qozog‘iston kabi ko‘plab mamlakatlarga xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirdi. Bobur va boburiylarga oid to‘rt yuzdan ortiq kitob, albom, asarlarning qo‘l yozma nusxalari va hatto, toshbitiklari keltirilib Bobur bog‘idagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga topshirildi. Fondning moddiy va ma’naviy ko‘magi bilan ellikdan ortiq mumtoz adabiyotlar ona tilimizga tarjima qilinib, chop etildi. Qolaversa, Rossiya Fanlar akademiyasining Turkologiya instituti bilan hamkorlikda Moskvada “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidi’. Bibliografiya” asari nashrdan chiqdi. Unda 6684 ta maqola, esse, ilmiy va badiiy asarlar ro‘yxati sharhi bilan keltirilgan.

O‘tgan yigirma besh yilda tarixshunos olima, Boburning singlisi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asari fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi va yilning eng mashhur asari nomiga sazovor bo‘ldi. “Boburnoma”ning qomusiy lug‘ati yaratildi. Arab tilida so‘zlashadigan yigirma ikki mamlakatga rus olimasi tahlilidagi “Boburnoma” asari o‘z tilida yetkazildi. Shuningdek, matematika fanlari doktori Abdulla A’zam muharrirligida “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” ikki marta nashr qilindi.

 Boburiylar yaratgan asarlarning bibliografiyasi ingliz tilida chop etildi. Undan 150 ta nusxa keltirilib, yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlariga, kutubxonalarga tarqatildi.

 Shuningdek, tashkilot a’zolari buyuk ajdodlarimizning qabrlarini izlab topish, aniqlashtirish bilan birga, qarovsiz qabrlarni tiklash, atrofini obodonlashtirishdek, savobli ishlarga ham bosh-qosh bo‘lmoqda. O‘tgan yili nurotalik sangtarosh yordamida Qobuldagi Alisher Navoiy, Lutfiy, Kamoliddin Behzod, Qo‘qon xoni Xudoyorxon qabriga marmartosh qo‘yildi. Atrofi obodonlashtirilib, 2150 ta ko‘chat ekildi. Bu xayrli ishga mahalliy aholi vakillari ham jalb qilindi. Afg‘oniston hukumati a’zolari bu ezgu sa’y-harakatlarni ko‘rib, “O‘zbekiston Afg‘oniston uchun ibrat gulini, ma’naviyat nurini sochib ketyapti” deya o‘z minnatdorligini bildirdi.

Yana o‘qing:  OILA – SAODAT OSHYONI

Fond shu yil may oyida jahon olimlarini jamlab, “Jahon madaniyatida Boburiylar sulolasining tutgan o‘rni” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

 

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: