PO‘LATDARXONDAGI ZAMONAVIY UYLAR
Samarqand shahridan chiqib, Oqdaryo tumaniga kirib borar ekansiz, Zarafshon daryosi yoqasida bunyod etilgan ko‘rkam uy-joylar e’tiboringizni tortadi. Negaki, bu uylar boshqa qishloqlardagi kabi past-baland, turli o‘lcham va ko‘rinishda emas, barchasi mukammal loyiha asosida, har tomonlama zamonaviy qilib qurilgan. Keng va ravon ko‘chalar, ular atrofidagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, bolalar sport maydonchalari, hatto yo‘l chetidagi yashil maysazoru yangi ekilgan daraxt ko‘chatlari ham bir-biriga uyg‘un, bir-birini to‘ldiradi.
Bu maskan – keyingi yillarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar, ijtimoiy soha ob’yektlari bunyod etilgan Po‘latdarxon mahallasi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizning barcha hududida bo‘lgani singari Samarqand viloyati qishloqlarida ham namunaviy loyiha asosida uy-joylar barpo etishga kirishildi. Xalqimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan turmush sharoiti yaratish, qishloq joylarda yashovchi aholi farovonligini oshirish kabi ezgu maqsadlar bilan boshlangan ushbu sa’y-harakatlar tufayli dastlab 2009 yilda Jomboy, Pastdarg‘om va Paxtachi tumanlarining har birida yigirmatadan uy-joylar bunyod etildi. Keyinchalik viloyatning barcha tumanidagi qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida turar-joylar qurilishi boshlandi va o‘tgan to‘rt yil davomida barcha shart-sharoit va imkoniyatlarga ega 2300 dan ziyod ana shunday zamonaviy uy bunyod etilib, aholiga uzoq muddatli, imtiyozli bank kreditlari asosida berildi.
Oqdaryo tumanidagi Po‘latdarxon mahallasida 2010 yilda yigirmata yangi uy-joy qurilib, bu uylarda qishloq ahli shahardagidek sharoitda turmush kechira boshlagach, hududda quriladigan uylarga talabgorlar ko‘paydi.
Natijada 2011 yilda 69, o‘tgan yilda esa 169 yangi uy barpo etilib, o‘z egalariga topshirildi.
– Mahallamizning ushbu hududida zamonaviy uy-joylar bilan birga ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, bolalar sport maydonchalari bunyod etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Po‘latdarxon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sodiq Abdiyev. – Jumladan, yangi qurilgan 140 o‘rinli 25-umumta’lim maktabida bugungi kunda mahalladoshlarimizning farzandlari ta’lim-tarbiya olmoqda. Kompyuter sinfi, fan laboratoriyalari, ochiq sport maydonlari mavjud muassasa kelgusida kengayib, qo‘shimcha o‘quv binosi va sport zali qurilishi rejalashtirilgan. Maktab yaqinida joylashgan “Qirqdarxon” qishloq vrachlik punkti esa mahallamizning uch mingdan ziyod aholisiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatayotir. Muassasa zarur tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlangani bois barcha yoshdagi kishilarga shu yerning o‘zida birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud. O‘tgan yili mahalla fuqarolar yig‘ini va militsiya tayanch punkti uchun yangi bino qurildi. Profilaktika inspektori Abdusobir Botirov bilan bir binoda faoliyat ko‘rsatishimiz mahallada osoyishtalikni ta’minlash va turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, voyaga yetmaganlar bilan ishlash borasida yaqin hamkorlik qilishimizda muhim omil bo‘lmoqda. Bu sa’y-harakatlarimiz tufayli o‘tgan yili mahallamizda birorta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilmadi. Militsiya tayanch punktimiz yaqinda o‘tkazilgan “Namunali militsiya tayanch punkti” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi va “Matiz” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Hududda bir necha savdo va xizmat ko‘rsatish shohobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular qatoriga yaqinda yana bir yirik majmua — aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish markazi qo‘shiladi. Go‘zallik saloni va sartaroshxona, uy-ro‘zg‘or buyumlari tuzatish ustaxonasi kabi shohobchalarni o‘z ichiga oladigan ushbu kompleksda yigirmaga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bundan tashqari, joriy yilda mahallada yana oltmishta yangi uy-joy va bolalar bog‘chasi qurish ishlari jadal davom etmoqda.
Mahalla ahli shu kunlarda Navro‘z bayrami oldidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida faol ishtirok etib, yangi hovlilar va ularning atrofida ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari o‘tqazmoqda. Har bir xonadon bekasi o‘z uyi oldida gulzorlar tashkil etayotir. Yangi qo‘shnilar birgalikda sumalak tayyorlab, bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– 2010 yilda qurilgan uylardan birini xarid qilgan edik, – deydi yangi uy sohibasi, 25-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Aziza Nurmurodova. – O‘shanda bu yerda 15-20 nafar qo‘ni-qo‘shni yashagan bo‘lsak, bugun mahallamiz ancha kengaydi. Kishlog‘imizda shahardagidek sharoit yaratildi. Bolalarimiz darsdan bo‘sh vaqtlarida fan va sport to‘garaklari mashg‘ulotlarida qatnashadi. Mahallamiz markazidagi sport maydonchasi ham doimo bolajonlar bilan gavjum. Umuman, yangi uylar qurilishi bilan qishlog‘imizda yangicha turmush madaniyati qaror topdi. Ayniqsa, biz, ayollarning og‘irimiz yengil bo‘ldi. Buning uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz.
Qishloqlarimizda bunyodkorlik ishlari ko‘lami yil sayin kengayib, xalqimiz turmush farovonligi tobora yuksalib borayotgani barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlariga qaratilgani va davlatimizning xalqparvar siyosatining amaliy ifodasidir.
G‘olib HASANOV,
O‘zA muxbiri