O‘zDJTU talabalari “Bitiruvchilar yarmarkasi” haftaligida 600 dan ziyod shartnomalar imzolashga erishdi
Joriy yilning 21-24 fevral kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 2016-2017 o‘quv yilida universitetni bitirayotgan bakalavriat va magistratura talabalari uchun “Bitiruvchilar yarmarkasi” haftaligi o‘tkazildi.
Yarmarkadan ko‘zlangan asosiy maqsad bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularning kelgusidagi ish joylarini tanlashlariga ko‘maklashish, bo‘lajak kadrlarni ish beruvchilar bilan tanishtirish hisoblanadi. Yarmarkada ko‘plab korxona va tashkilotlar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirning ochilishi munosabati bilan universitet faollar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda universitet rahbariyati hamda qator vazirlik va tashkilotlar vakillari ishga qabul qilish jarayonining asosiy talablari hamda so‘zlagan bo‘lsa, universitet talabalari o‘zlarining til bilish qobiliyatlarini namoyish etdilar.
Haftalik rejasiga ko‘ra, yarmarkada 21 fevralda Toshkent shahri va Toshkent viloyati; 22 fevralda Qashqadaryo, Surxondaryo viloyati; 23 fevralda Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Xorazm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi; 24 fevral kuni Buxoro, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari korxona va tashkilot, ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.
Yarmarka davomida bitiruvchi kurs talabalari taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumotlar olish bilan birga, 600 dan ziyod shartnomalar imzolashga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
Axborot xizmati