Insult faqat kattalarda uchraydimi?
yoki bosh miyada qon aylanishi buzilishining oqibatlari
Bosh miya qon tomirlari kasalliklari nevrologiyaning eng dolzarb masalalari qatoriga kiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra bu kasallikda ro‘y beradigan mudhish ko‘rsatkich umumiy o‘lim ko‘rsatkichining 14 foizini tashkil etadi va miokard infarkti, saraton kasalliklaridan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.
Dunyo bo‘yicha bu kasallik har 1000 nafar aholidan 1,5-2 nafarida uchrab turadi. Iqtisodiy taraqqiy etgan davlatlarda bu xastalikning miqdori oshib borayotganligi kuzatilmoqda. Buning asosiy sabablari mehnat jarayonining murakkablashib borishi, dam olish rejimining buzilishi, aqliy mehnat kishilarining faol harakati kamayib borishi bilan bog‘liq. Bosh miya qon tomirlari kasalliklarining 6 foizi 40 yoshdan, 23 foizi esa 50 yoshdan kichik bemorlarda uchramoqda. Buyuk Britaniyada har yili bu kasallikdan 60 ming nafarga yaqin bemor vafot etadi.
Angliyalik olim Breynning ma’lumotiga ko‘ra oxirgi bir yil davomida bu dard tufayli o‘lim ko‘rsatgichi 24 foizga oshgan. AQSHda esa har yili bosh miya qon tomir kasalliklaridan 170 ming nafar kishi nobud bo‘ladi. Bundan tashqari ushbu mamlakatda 2 million nafarga yaqin bemorlar mavjud. Shu sababdan davlatga yetkazilayotgan moddiy zarar 1 milliard dollardan ortig‘ini tashkil etadi. Bolgariyada bosh miya qon tomir kasalliklari natijasida nafaqaga chiqqanlar umumiy pensionerlarning 20 foizini tashkil etadi.
Bosh miya qon tomir kasalliklarining kattalarda kelib chiqishiga ateroskleroz, gipertoniya kasalligi va bu ikki sababning birgalikda kelishi hisoblanadi. Shuningdek, insult gipertoniya (qon bosimining oshishi), arterial gipotoniya (qon bosimining pasayishi) va boshqa har xil sabablar natijasida ro‘y beradi. Serebral vaskulitlar revmatik, sifilitik (zahm xastaligi sababli), diabetik, infeksion, toksik (zaharli) va yurak kasalliklari – miokard infarkti, yurak aritmiyasi va boshqalar bu dardga turtki bo‘ladi. Bosh miya qon tomirlarining zararlanishi, bo‘yin umurtqalarining shikastlanishi natijasida qon tomirlarining ezilishi, qon kasalliklari va ichki sekretsiya bezlarining xastaliklari ham shu qatorda insultga sabab bo‘ladi.
Bolalarda kattalarga nisbatan insult ancha kam uchraydi. Chunki, bolalarda qon tomirlarining o‘ziga xos fiziologik xususiyatlariga ham bog‘liq. Ularda bosh miya qon tomirlarining zararlanishiga olib keluvchi sabablardan birinchi o‘rinda qon kasalliklari, infeksion-allergik vaskulitlar, bosh miya qon tomirlarining tug‘ma nuqsonlari turadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda bu kasallik tug‘ruq jarayonida ro‘y beradigan travmatik asfiksiya (bo‘g‘ilish) bilan bog‘liq. Kamdan-kam irsiy gipertoniya kasalligi va bosh miya qon tomirlarining aterosklerozi kiradi.
Chaqaloqlarda insult
Gemorragik insultlar tez va shiddatli tug‘ruq jarayonida homila tanasining vazni kam bo‘lib tug‘ilishida, arteriya tomirlarining nuqsoni (anevrizma-yorilishi)da shakllanadi.
Ishemik insultlar neyroinfeksiyalarda (masalan, Haemophilus influenzae), ensefalit va meningit, tug‘ma yurak va klapanlar nuqsonlari, ekstrovazal kompressiya S va S proteinlari yetishmovchiligi, suvsizlanish (diareya), Moya-Moya kasalligi, Leyden omili fonidagi giperkoagulyasiya nuqsonlarida yuzaga keladi.
Insult o‘zi nima?
Insult (serebrovaskulyar zarba) – miyaning qon aylanish tizimining o‘tkir buzilishidir. Bu dard 24 soat va undan ko‘p davom etuvchi markaziy asab tizimining zararlanishi bilan tavsiflanadi. Miyada qon aylanishi to‘satdan buziladi. Bunday holatda miya to‘qimasining zararlanishi va uning faoliyati izdan chiqadi. Bu xastalik gemorragik insult (ushbu vaziyatda miyaga qon quyiladi), ishemik insult (kamqonlik tufayli yuz beradi), trombotik insult (miya tomirlariga tromb (qon laxtasi) tiqilishi) sababli kelib chiqadi. Yana embolik insult miya qon tomirlariga embol (havo) tiqilishi natijasida sodir bo‘ladi.
Davomi bor.
Nodira HAMIDOVA,
Tosh PTI Asab kasalliklari, bolalar asab kasalliklari va tibbiyot genetikasi kafedrasi assisenti