Ona yuzidagi tabassum farzand salomatligidandir
Toshkent xalqaro aeroporti. Tong sahardan yog‘a boshlagan mayin qor borliqqa poklik ulashmoqda. Havo anchagina sovuq bo‘lsa-da, yig‘ilganlarning qalbida hayajon. Ilhaq nigohlar sog‘ingan insonlarini intiq kutishmoqda.
Mana, orziqib kutilgan daqiqalar ham yetib keldi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Germaniyaga davolanish uchun yuborilgan bir guruh bolakaylar yo‘lak bo‘ylab chiqib kelishmoqda. Farzandini sog‘-salomat ko‘rib, onaning quvonch to‘la ko‘z yoshli chehrasiga tabassum yugurdi. Ular yaqinlari bilan yana bir bor uchrashib turganidan Yaratganga shukronalar aytishmoqda. Bu baxtli lahzalarni ko‘rib, betakror yurt fuqarosi ekanligingdan faxlanasan, kishi.
Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidan kelgan Kamolovlarning ham farzandi bir yarim yildan buyon Germaniya klinikasida davolanayotgan edi. 7 yoshli Otamurod ham muolajalarni yakunlab, ota-onasi bag‘riga qaytdi.
– Bundan uch yil avval xonadonimizda ro‘y bergan noxush hodisa tufayli farzandim Otamurod og‘ir jarohat olgan edi, – deydi Barchinoy Boltayeva. – Bolamga shifokorlar o‘z vaqtida tez yordam ko‘rsatgani tufayli uning hayoti saqlab qolindi.
Biroq kuyish oqibatida badanida paydo bo‘lgan chandiqlarni tuzatish uchun bosqichma-bosqich muolajalar talab etilar ekan. Germaniya klinikasida o‘tkazilgan operatsiyalardan so‘ng o‘g‘lim Otamurod yuz-qo‘llaridagi chandiqlardan deyarli forig‘ bo‘lganini ko‘rib, sevinchim ichimga sig‘madi. Bolalarimizga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun davlatimizdan umrbod minnatdormiz.
Olotlik Boltaqulovlar ham bundan olti oy avval 10 yoshli o‘g‘li Madaminni Germaniyaga kuzatgan edi. Operatsiya natijasida uning chap oyog‘ida kuyishdan qolgan asorat butunlay bartaraf etildi. Shifokorlar ota-onaga kelgusida farzandining salomatligini nazorat qilish va bolani parvarishlash bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyiha doirasida 2002 yildan buyon terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa kasalliklar bilan xastalangan 322 nafar bola Germaniyada davolanib qaytdi.
– Farzandim Jumaniyozda tug‘ma urologik nuqson bor edi, – deydi uchko‘priklik Gulnoza Mamajonova. – O‘g‘lim ham Germaniyada olti oy davolanib, qaytib keldi. Sog‘lig‘i tiklanganini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida biz kabi oilalarga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikdan benihoya mamnunmiz.
Endilikda ushbu bolalar mamlakatimizdagi yetakchi klinikalarning malakali mutaxassislari nazorati ostida bo‘ladi. Hamkorlik loyihasi esa davom etadi.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri