Bodring yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Ranniy – 645, O‘zbekiston – 740, Zilol, Parad, Konkurent, Navro‘z, Omad, Talaba va Gollandiya F1 duragaylaridan Alibi, Asteriks, Regal, Ayaks, Superina.
Urug‘ tanlash. Ekiladigan bodring urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan), vazndor, zararlanmagan bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi. Urug‘lik ekish oldidan iliq suvda 1–2 soat ivitib qo‘yiladi
Yer tayyorlash. Dastlab maydon o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotix yerga 200 kg (10 sotixga 2 tonna) chirigan go‘ng solinadi. Chirigan go‘ng bilan birgalikda 1 sotix maydonga fosforning 75, kaliyning ham 75 foizi beriladi. Bu ko‘rsatkich 1,6 kg ammofos, 1,2 kg kaliy xlorga to‘g‘ri keladi. Tuproq 20–25 sm chuqurlikda chirigan go‘ng va mineral o‘g‘itlar bilan aralashtirilib yumshatiladi. Yirik kesaklar maydalangach, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari (pol) olinadi.
Ekish muddati va sxemasi. Ertagi bodring janubiy mintaqalarda ochiq maydonlarga 1–10 aprelda, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 10–20 aprelda, shimoliy mintaqalarda 20–30 aprelda; o‘rtagi muddatda janubiy viloyatlarda 20 aprel-5 may, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 1–10 may, shimolda 1–15 may, kechki bodring janubda 10–20 iyulda, markaziy mintaqalarda 15–30 iyun, shimoliy mintaqalarda 15–25 mayda ekiladi. Ertagi mahsulot yetishtirish uchun plyonkali yopqichlar ostiga mart oyining 2–3-o‘n kunligida 70×140×40 sm oraliqda urug‘ tashlanadi. Ochiq maydonda qo‘lda 70×30,90×20 sm sxemada 4–5 sm chuqurlikka ekiladi. Urug‘ sarfi 1 sotixga 50–60 g (10 sotixga 500–600 g). Urug‘lar sepilgandan keyin xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.
Parvarishlash. Unib chiqib nihollar urug‘ palla bargchalari davriga kirgandan keyin birinchi, bitta chinbarg davriga kirgandan keyin esa ikkinchi marta yagana qilinadi. Qator oralariga qo‘l kuchi yordamida ketmon bilan 15–16 sm chuqurlikda, o‘simlik atrofi bilan yumshatib turish, mineral oziqa va suv berib borish kerak. O‘suv davri mobaynida har ikki-uch sug‘orishdan keyin qator oralarini 15–16 sm chuqurlikda yumshatilib boriladi.
O‘g‘itlash. 1 sotix yerdagi bodring tuk holda 5,8 kg sulfat ammoniy, 2,2 kg ammofos, 1,5 kg kaliy xlor o‘g‘itlari bilan oziqlantiriladi. Suvga talabchanligi jihatdan bodring sabzavot ekinlari orasida birinchi o‘rinda turadi. Naychalash va mevasi yetilgan davrda bodring suvni ayniqsa ko‘p talab qiladi. Vegetatsiya mobaynida ertagi bodring 14–15 marta, kechki bodring sizot suvi chuqur yerlarda 10–11, yuza joylarda esa 8–9 marta sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Bodring urug‘i erta bahorda qurug‘icha ekiladi. Agar tuproq yaxshi qizigan bo‘lsa ekishdan oldin urug‘ bir sutka davomida suvda ivitiladi. 1 kg uruqqa preparat (2 foizli 34% Vitavaks, 1,5 foizli 60,7% Previkur) purkab, urug‘ni zararsizlantirish tavsiya etiladi.
Bodring zararkunandalariga – kanalar, pashshalar, shiralar, tripslar, oqqanotlar kiradi. O‘simlikning o‘suv davrida 10 sotix yerga kanalarga qarshi hosilni yig‘ishdan 20 kun oldin ikki marta 25 foizli Applovud n. kuk. (50 g) yoki Mospilan 20%n. kuk. (25–30 g) sepiladi. Antraknoz, peronosporoz, askoxitoz, dog‘lanishlar, bakterioz va un shudringlar kasalliklarga qarshi 25 foizli Bayleton n. kuk (100–200 g), 72,2 foizli Previkur s. e. k. (150 ml), Kurzat R n. kuk. (200–250 g), Rirdomil gold 68% s. d. g. (200–250 g) yoki 1 foizli Bordo suyuqligini qo‘llash mumkin. 60–70 litr suvga tayorlangan aralashma ishlatiladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Bodring mevalari 5 sm. dan katta bo‘lgandan boshlab yig‘ib-terib olishga kirishiladi. Yig‘im-terim jarayonida bodring novdalariga zarar yetkazmaslik lozim. Vaqtida terib olinmagan bodringlar sarg‘ayib ketadi.
R. Hakimov, B. Azimov
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti