Ekoturizm – yovvoyi tabiat qo‘yniga sayohat

Uyi tor dunyoning kengligini bilmas, – deyishadi dono xalqimiz. Ajoyib obidalar, betakror tarixiy yaratiqlar qarshisida turganingda beixtiyor hayratingni yashirolmay vo-ajab! — deya yoqa ushlashing turgan gap.

Qadim Bobil singari sivilizatsiya o‘choqlarini biz bugun faqat Berlin va London muzeylaridangina ko‘ra olamiz. Uning hozirgi hududida qolgan izlarni endi topib ham bo‘lmaydi. Ota-bobolarining qadriyatlarini muqaddas bilguvchi bir qancha elat va millatlar borki, ular o‘z avlodlariga bu kabi obidalarni avaylab yetkazmoqda. Uzoq Sharq, Chin yurti, qudratli Rim, Misr ehromlari deysizmi, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. O‘zbekiston ham dunyodagi buyuk davlatlar qatorida ajoyib o‘zbek xalqi yaratgan xazinani saqlab qolishdek baxtga muyassar bo‘lgan yurtdir.

Sayohatingizni zamonaviy, har tomonlama qulay, barcha sharoitlar muhayyo bo‘lgan shaharlarda o‘tkazishingiz yaxshi, ammo tabiat yaratgan mo‘jizalardan olgan hayratingiz oldida bu hech narsa emas. Negaki, inson doimo asliyatga intilib yashaydi. Biz ko‘hna maqbara va zamonaviy shaharlar bag‘rida emas, tabiat bunyod etgan qadamjolar, ya’ni turizm sohasining so‘ngi paytlarda keng urg‘u berilayotgan ekoturizm haqida so‘zlamoqchimiz.

Ekologik turizm o‘tgan asrning oxirlaridan jahon sayyohlik industriyasiga asta-sekin kira boshladi va bugungi kunga kelib jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan iqtisodiy sohalardan biriga aylandi.

Ekspertlarning fikricha hozirda ekoturizm butun dunyoda eng serdaromad sohalardan biri hisoblanadi. Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni samarali hal etish, balki ekologik muammolarni bartaraf qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon sayyohlik tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda turizm sanoatida 210 milliondan ziyod ishchi xizmat qiladi va undan olinadigan daromad yiliga 770 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Ayni paytda turizm rivojlanayotgan mamlakatlarda ham taraqqiy etmoqda. Bu o‘rinda turistik bozorning deyarli yarmini qamrab olgan Osiyo-Tinch okeani, Yaqin va O‘rta Sharq hamda Yevropa mintaqalaridagi mamlakatlar yetakchilik qilmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, turizm industriyasida ekoturizm tarmog‘iga kiruvchi tabiiy va sarguzasht turizm tarmog‘i jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Birgina Kanada davlatida yovvoyi tabiatga sayohat turizmining umumiy hajmi ichki turizmdan tushgan daromadning 25 foizini tashkil etadi. Kanada hukumati, faqatgina ekoturizmdan tushgan soliq hisobidan har yili 1,7 milliard AQSH dollari miqdorida foyda oladi. Bu esa, hukumat tomonidan yovvoyi tabiatni muhofaza qilish dasturiga ajratilgan mablag‘dan 5 barobar ko‘pdir.

Yana o‘qing:  Hindistonda quyosh panellariga ega ilk poyezd qatnay boshladi

Shuni aytish joizki, ekoturizm tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishga katta hissa qo‘shadi hamda ularni to‘la-to‘kis o‘tkazishga sezilarli moliyaviy ko‘mak beradi. BMT ma’lumotlariga qaraganda, har yili ekoturizmdan nisbatan kichik davlatlar ham Keniya-1,4, Ekvador-1,18, Kosta-Rika-1,14, Nepal- 1,55 million AQSH dollari miqdorida daromad oladi. Ushbu mamlakatlarning ekoturizmdan olgan daromadi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 70-80 foizini tashkil etadi. Ayni paytda jahon turizmi sanoatida xalqaro turizmdan tushgan daromad avtomobil, neft, gaz ishlab chiqarish sanoatidan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.

Mamlakatimizda ekoturizm barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan ishlar jarayonida tabiatdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish, atrof-muhitga inson omilining salbiy ta’sirini kamaytirish, chiqindilarni zararsizlantirish, ishlab chiqarishga sof texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida “yashil iqtisodiyot”ni joriy etish, innovatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar ko‘lami kengaymoqda.

Xo‘sh, soha bizda qanday rivojlanmoqda degan o‘rinli savol tug‘iladi. Hozirda yurtimizning ko‘plab hududlarida bunday ishlar keng miqyosda yo‘lga qo‘yilgan desak aslo yanglishmaymiz. Buxoro viloyatidagi “Jayron” ekomarkazida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi tabiiy hududlarda ekoturizm xizmati ko‘rsatish infratuzilmalari yaratilgan.

Mamlakatimizda nafaqat dunyoga mashhur, xorijiy sayyohlarni jalb qiluvchi Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz kabi qadimiy shaharlar, tarixiy yodgorliklar, shu bilan birga, ekoturizm bilan bog‘liq betakror go‘zal tabiat, landshaftlar (sahro, cho‘l-adirlar, tog‘lar, pasttekisliklar), xilma-xil noyob o‘simlik va hayvonot olami, nodir, dunyo ahamiyatiga ega bo‘lgan arxeologik topilmalar, dunyoda kam uchraydigan geologik kesimlar va shunga o‘xshash tabiiy yodgorliklarning 8000 dan ortig‘i mavjud. Bu biz yashab turgan o‘lka tabiati ajoyibotlarga boy ekanligidan dalolat beradi.

O‘zbekiston 38 million gektardan ortiq bo‘lgan ovchilik-baliqchilik yer maydonlariga ega. Ulardan bir million gektarini suv fondi, ko‘llar, daryolar, suv omborlari tashkil etadi. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning o‘rtasida ekoturizm uchun qulay transport-geografik hududda joylashgan, rivojlangan turli xildagi kommunikatsiya aloqa yo‘llari bilan bog‘langan bo‘lib, o‘zining xalqaro turizm salohiyati bo‘yicha jahonda oldingi o‘rinlarni egallaydi. Biroq, amalda O‘zbekistonda bu salohiyat va imkoniyatlardan to‘la-to‘kis foydalanilmayotgani natijasida mamlakatimizda turistlarni qabul qilish amaliyoti salohiyatga nisbatan ancha kam. Shu o‘rinda Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘z tashlasak. O‘zbekistonga yiliga o‘rtacha 470 ming nafar atrofida sayyoh kelib ketmoqda, vaholanki, O‘zbekiston turistik resurslari har yili 1 milliondan ortiq sayyohlarni qabul qilish imkoniyatini beradi.

Yana o‘qing:  Suvga sakrash bahslari yakunlandi

 Qiziqarli dalillar

Kataloniya Rim va Venetsiya ortidan borib turistik soliqni joriy etmoqda. Ispaniyaning Shimoli-Sharqiy viloyatidagi mehmonxonalar egalari sayyohlardan mehmonxonada o‘tkazilgan har bir tun uchun qo‘shimcha 1 yevro undiradilar. To‘rt va besh yulduzli mehmonxonalarda mehmonlar uchun yig‘im miqdori 2 yoki 3 yevroni tashkil etadi. Mehmonxonada 10 kundan ko‘p turadigan sayyohlar 11-kundan boshlab soliq to‘lovidan ozod etiladilar. Shuningdek, qo‘shimcha yig‘imlar 12 yoshga to‘lmagan bolalarga tadbiq etilmaydi.

* * *

Buyuk Britaniyada o‘nta britaniyalikdan faqat bir nafari sayyohlik agentligiga borishdan erinmaydi. Ko‘pchilik internet orqali buyurtma beradilar.

* * *

Savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi sayyohlar samolyotlarda bar, dush va ikki kishilik krovat bo‘lishini xohlashmoqda.

 O‘zbekistonda ekologik turizmning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri — bu tabiiy hududlarda ekoturistlar uchun eng muhim bo‘lgan, yovvoyi tabiat qo‘ynida Markaziy Osiyoda kamyob hayvonlarning erkinlikda yashashi uchun infratuzilmaning yetarli darajada emasligi sabab bo‘lmoqda desak yanglishmaymiz.

Ekoturizmni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar yurtimizning tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish sohasida, nafaqat xorijiy sayyohlarni ona Vatanimizning landshafti, hayvonot va nabotot dunyosi, boy va betakror tabiati bilan tanishtirish, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini bog‘lashdan iborat. Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida yo‘qolib borayotgan noyob hayvonot va nabotot olamini saqlash va ko‘paytirish maqsadida qo‘riqxonalar (Surxon, Nurota, Hisor, Baday-To‘qay, Zarafshon, Qizilqum, Chotqol, Zomin, Kitob), parvarishxonalar (“Jayron” Ekomarkazi, Sayxun xo‘jaligi) tarkibida va atrofida jahon talablariga javob bera oladigan milliy tabiiy bog‘larni yaratish loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Mamlakatimizda ekoturizm salohiyati nihoyatda katta va uni jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Faqat bu salohiyat va imkoniyatlardan jahonda ekoturizm taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda, oqilona foydalanish, sohaning o‘zimizga xos va mos yo‘llarini izlab topib, amalga oshirish lozim. Xalqimiz yurtimizga tashrif buyurgan har bir sayyohga “safaringiz bexatar, sayohatingiz ko‘ngilli o‘tsin!” – deya tilak bildiradi.

Istardikki, yurtdoshlarimiz ham ona Vatanimiz sarhadlari bo‘ylab yovvoyi, asli tabiat mo‘jizalaridan bahra olsalar va bunga vaqt ajratsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lur erdi.

 

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: