O‘quvchilarning ta’lim muassasalariga muntazam qatnashini ta’minlash maqsadida “O‘quvchi” va “Davomat” kabi reydlari tashkil etiladi
Xalq ta’limi vazirligida “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” Jamoat kengashining 2016 yilga mo‘ljalangan ish rejasi ijrosi hamda 2017 yilda amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan navbatdagi majlisi videoselektor tarzida tashkil etildi.
Unda respublika hamda hududiy Jamoat kengashlari a’zolari, tegishli vazirlik, idora, jamoat tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarining vakillari ishtirok etdi. Majlisni xalq ta’limi vaziri, Jamoat kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov olib bordi.
“Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi Jamoat kengashi barkamol avlod ta’lim-tarbiyasida aynan xalq bilan, keng jamoatchilik bilan birgalikda, hamjihatlikda va ularning fikr-mulohazalari bilan ishlashni tashkil etish maqsadida tuzilgan. Uning asosiy vazifalaridan biri yosh avlod tarbiyasida ota-ona, mahalla va ta’lim muassasalarining hamkorligini mustahkamlash va shu orqali ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyatini kuchaytirishdan iborat.
Xalq ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb hunar ta’limi markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” YOIH Markaziy Kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘quvchi-yoshlarning ta’lim muassasalariga muntazam qatnashi, bo‘sh vaqtlarini salbiy oqibatlarga olib keladigan befoyda ishlarga sarflamasligini ta’minlash maqsadida “O‘quvchi”, “Davomat” kabi reydlar tashkil etilmoqda. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan har bir jinoyatga favqulodda vaziyat sifatida qaralib, bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida xizmat surushtiruvlari o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, Jamoat kengashlari faoliyatini o‘rganish, tahlil etish asosida aniqlangan muammolar, kamchiliklar hamda ularning yechimi, bartaraf etish yo‘llari to‘g‘risida fikrlashildi, amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi.
Yig‘ilishda hozirgi davr talablaridan kelib chiqqan holda Jamoat kengashlari faoliyatiga tanqidiy nuqtai-nazardan baxo berish, xulosalar chiqarish, samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shu o‘rinda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da barcha ta’lim muassasalarida “Ota-onalar bilan muloqot” xonalarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Jamoat kengashi yig‘ilishida bildirilgan taklif-mulohazalar asosida 2017 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati