El ishonchini oqlab
Hayotda inson turfa xil fe’l-atvordagi, turli xil ko‘rinishga ega insonlar bilan uchrashishiga, ular bilan muloqotda bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Dunyoda mehri ummon insonlar bo‘lgani kabi, diydasi qattiq odamlar ham yo‘q emas. Ammo shunga aminmizki, yaxshilikni o‘ziga shior qilib olgan insonlarning chehrasi hamisha ochiq bo‘lib, qalbidagi mehr-muhabbat yuz-ko‘ziga ko‘chadi.
Shifokor Nigora Akbarovaning ham ana shunday mehridaryo ayollardan. U mehribon va g‘amxo‘r, yaxshilikni o‘ziga shior bilgan shifokorlardan biri hisoblanadi.
Nigora opa Toshkent shahrining, Shayxontohur tumanidagi 42-oilaviy poliklinikada 1984 yildan buyon shifokor sifatida el-yurt salomatligi yo‘lida faoliyat olib bormoqda.
Kishi ijtimoiy hayotning biror sohasida mehnat qilar ekan, u haqida faqat yaxshi fikrlarning bildirilishi hayotining besamar o‘tmayotganini bildiradi. Qahramonimiz haqida iliq fikrlar nafaqat o‘zining, balki uni voyaga yetkazgan rahmatli Ne’mat otaning, onasi – Hakima ayaning, oilasining, ustozlarining, qolaversa, u xizmat qilayotgan jamoaning ham obro‘sidir.
Shifokor Nigora opa Akbarova haqida uni tanigan bilgan insonlar doimo iliq fikr bildirishadi. Shifokorning shu qadar kuyunchakliklari, qanday vaziyatda bo‘lishidan qat’i nazar uni chorlagan bemorlar ko‘rigiga tezroq yetib kelishga harakat qilishlari, har bir bemorning shifo topib ketishiga astoydil harakat qilishi uni elda aziz qildi. Nigora opa uch farzand va besh nafar nabiralarning sevimli va mehribon oyijonisi va buvijonisidir. Ona o‘z farzandi va nabiralariga oddiylikni, mehnatni sevish va uni qadrlash kabi insoniylikning eng go‘zal fazilatlarini o‘rgatib, ularga uqtirib boradi. Bejizga aytishmaydi, “Oddiylik ulug‘likka yetaklaydi”, deb.
Shifokorlik kasbini tanlagan insonlar o‘z halovatidan kechishiga to‘g‘ri keladi. Sababi dard tashrifi hamisha bemahal. Shifokor ayol bilan suhbatlashganimda hamma yutug‘im va muvaffaqiyatim turmush o‘rtog‘imning daldasi va qo‘llab-quvavatlashidadir, deya e’tirof etdi.
Baxt olis-olislarda emas, u o‘z qo‘llarimizda yaraladi. Nigora opa ham turmush o‘rtog‘i bilan baxt qo‘rg‘onini yaratgan o‘zbek ayolidir. Ular birgalikda bunyod etgan obod oila ulkan boyligidir.
O‘z ishida halol va el ichida yaxshi nom olgan shifokor ayol hamisha baxtiyordir. Zero, Sa’diy She’roziy aytganidek:
Bo‘lak yaxshi nom istama, shul yetar,
Seni yaxshi odam desa el agar.
V.HAKIMBOYEVA