Intilish va qiziquvchanlik bolalarni bilimga yetaklaydi

“Maktab – dunyo imoratlarining eng muqaddasi va qadrlisidir. Maktabning chin va haqiqiy ma’nosini bilgan millatlar jonlari, mollari ila himmat va g‘ayratlarini sarf etib, millatning taraqqiy rivojiga ijtihod qilurlar”. O‘tgan asrning yetuk ma’rifatparvarlaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy maktab haqida shunday bebaho fikrlarni aytib o‘tgan edi. Istiqlol yillarida esa yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalash yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda yurtimiz maktablaridagi zamonaviy shart-sharoitlar, yoshlarning chuqur bilim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar o‘z samarasini berayotir. Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan 165-umumta’lim maktabidagi qulayliklar so‘zimizning tasdig‘idir. U yerda dekabr oyi “Boshlang‘ich sinf fan oyligi” yuzasidan qator tadbirlar tashkil etilayotir.

Maktab binosiga kirar ekansiz, “Mohir qo‘llar” to‘garagi a’zolarining ijod namunalari o‘zining nafisligi bilan diqqatingizni tortadi. 3-sinf o‘quvchisi Maftuna Husanovaning turli munchoqlardan yasagan jonli tabiat manzarasi hamda Muslima Sodiqovaning fan oyligi doirasida yaratgan o‘qish kitobi ta’lim muassasasida o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarga bilim berish bilan birga, ularni ma’lum bir hunarga qiziqtira olishayotganining isbotidir. Maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sayyora Temirova o‘quvchilar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar bilan tanishtirib, bizni 3-”A” sinf o‘quvchilari tayyorlagan badiiy kechaga taklif etdi. Ustozlari Ra’no Abdusalomova ko‘magida tashkil etilgan bayram tadbiri davomida bir guruh iste’dodli o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan Vatanni, ota-onani ulug‘lovchi she’rlar va qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Bolalarimizning har biri o‘ziga bir dunyo, – deydi maktab direktori Shohista Mirzaxodjayeva. – Ulardagi intilish va qiziqish biz ustozlarning kuchimizga kuch bag‘ishlaydi. Ana shunday xolatlarda ishimizdan mamnun bo‘lib, o‘qish jarayoniga ko‘proq yangiliklar kiritishga intilamiz.

Darhaqiqat, barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan bu dargohda tajribali ustozlarning mahorati tufayli ma’naviyati boy, bilimli va qobiliyatli o‘quvchilar yetishib chiqmoqda. O‘quvchilarning intizomi haqidagi tasavvurni ularning tashqi ko‘rnishidan, ustozlariga qilayotgan xush muomalasidan bilib oldik. Bu o‘z-o‘zidan emas. Ra’no Abdusalomova, Lola Norqobilova, Matluba Sultonova, Sayyora Temirova kabi uzoq yillik tajribaga ega o‘qituvchilarning sa’y-harakati natijasidir. Sayyora Temirova o‘quvchilarining yutuqlari haqida so‘zlar ekan shunday deydi: – Allomalardan biri aytgan ekan, eskini o‘zlashtirgan va yangini tushunishga qodir insongina tarbiyachi bo‘la oladi. Shunday ekan maktabimizning barcha o‘qituvchilari o‘zlarining dars soatlarini zamonaviy pedagogik texnalogiyalari asosida olib borib, o‘quvchilarni zamon bilan hamnafas bo‘lib voyaga yetishlari uchun astoyidil mehnat qilishmoqda.

Яна ўқинг:  Oromgohlar bolalarni chorlaganda...

Chindan ham kichik bir tadbir yuzasidan tashrif buyurib, bu dargohdan ulkan taassurotlar bilan qaytdik. Bularning barchasi maktabdagi fidoyi ustozlar va zukko o‘quvchilarning amaliy harakatlari natijasidir. Zero, ezgulik yo‘lidagi intilish besamar bo‘lmaydi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: