Ona, murabbiy, rahbar

Ayol… Avvalo ona, sevimli uy bekasi. Bunday sharafli nom qaysi o‘zbek ayoliga yarashmaydi deysiz.

Ana shunday sharafli nomga sazovor bo‘lgan Shahnoza Qosimova O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan respublika ko‘rik-tanlovida “Eng yaxshi maktab direktori” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Ham oilasi, ham ishini birdek uddalab, kishi havas qilgudek ro‘zg‘or bekasi bo‘lgan Shahnoza Qosimova mehnatsevarligi, tinib-tinchimasligi bois elda e’zoz topdi. Maktabni tugatib Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini muvaffaqiyatli tugatgan Shahnoza opa dastlab poytaxtimizdagi 39-maktabda o‘qituvchi, keyinchalik 82-maktabda ilmiy bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi.

– 2001 yili meni Shayxontohur tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori lavozimiga ishga tayinlashganida, to‘g‘risi turmush o‘rtog‘im biroz ikkilandi. Ammo qator yillardan buyon 179-maktabda qaynotam direktor lavozimida ishlagan Qobiljon Qosimov ishlarimga rivoj tilab duo qilganicha, turmush o‘rtog‘imni ham ko‘ndirib, meni astoydil qo‘llab-quvvatladi. Qaynotamning o‘gitlariga amal qilib aslo kam bo‘lmadim. Har bir erishgan muvaffaqiyatim jamoadoshlarimni oila a’zolarimdek, o‘quvchilarni farzandlarimdek ardoqlashim tufaylidir, – deydi Shahnoza opa faxr-iftixor bilan.

Darhaqiqat, to‘liq ta’mirdan chiqarilgan ta’lim maskanida barcha sharoitlar mujassam. Chor-atrof saranjom-sarishta. Gulu gulzor qo‘yniga cho‘mgan maktab hovlisi ko‘rkam. O‘quvchilarni tibbiy bilimini oshirayotgan salomatlik burchagi, turli fan va sport to‘garaklari bolajonlar ixtiyorida. Ayni vaqtda 830 nafar o‘quvchilarga fan sirlarini qunt bilan o‘rgatayotgan Matluba Mamatova, Mukarram Shukurova, Yulduzxon Mavlonova singari jonkuyar ustozlarning sa’y-harakati bois maktab tumanda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. “Eng yaxshi sinf rahbari – 2013” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Dilnoza Maqsudova 2-darajali diplom bilan taqdirlangan bo‘lsa, Zarina Rahmonova, Dilshoda Muhammadjonovalar ingliz tili fanini o‘qitish bo‘yicha shahar miqyosida yuqori natijalarni qo‘lga kiritishdi.

Ustozlarga munosib voris bo‘layotgan shogirdlarning ham erishgan muvaffaqiyatlari quvonarli. 9-sinf o‘quvchilari Murodjon Ismatov o‘tkazilgan fan olimpiadasida matematika fani bo‘yicha shaharda faxrli 2-o‘rinni, Mehribonu Hakimova tarix fanidan 3-o‘rinni egallashdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyamiz — baxtimiz poydevori” shiori ostida o‘tkazilgan respublika ko‘rik-tanlovida Hilola Hakimova 3-o‘rinni egalladi. “Umid nihollari – 2012” sport musobaqalarida faol ishtirok etgan maktab o‘quvchilari tuman va shahar miqyosida faxrli o‘rinlarni ko‘lga kiritgan. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “Beltepa” bolalar sport majmuasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida stol tennisi bo‘yicha 7-sinf o‘quvchisi Ismoil Azimjonov faxrli 2-o‘rinni egalladi.

Yana o‘qing:  Quvonchlarim bir jahon

Ta’lim maskanidagi mavjud kompyuter, lingofon xonalaridagi jadvalli mashg‘ulotlar o‘quvchilarning bilim-ko‘nikmalarini yanada boyitmoqda. Muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Bilimlar bellashuvi”, “Orasta qizlar”, “Mohir qo‘llar” nomli ko‘rik-tanlovlar yangi iqtidor egalarini kashf etish borasida qo‘l kelmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda muqaddas dargoh atalmish maktab ne-ne ulug‘larni kamolga yetkazgan. Ana shunday qadrdon dargohda sidqidildan mehnat qilayotgan Shahnoza Qosimova yetakchiligidagi o‘qituvchilar jamoasining ezgu ishlarida, maktab o‘quvchilarining o‘qishlarida ulkan zafarlar tilaymiz.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: