Sport gimnastikasi: salomatlik uchun foydali
2016 yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarini oynai jahon orqali kuzatib, terma jamoamiz a’zosi, yetti karra Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kirgan matonatli atlet Oksana Chusovitinaga havasimiz keldi.
Uning sport gimnastikasi anjomlarida chaqqonlik bilan turli murakkab elementlarni amalga oshirishi, barchamizni lol qoldiradi.
Quvonarlisi, ushbu mohir gimnastikachiga havas qilib, farzandlarini sport zaliga olib kelayotgan ota-onalar safi kun sayin ortib bormoqda. Shu o‘rinda ular mutaxassislarning tavsiyalariga quloq tutishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Savriniso HAKIMOVA, pediatr:
– Sog‘lomlashtiruvchi guruhlarda sport gimnastikasi bilan mashq qilish barcha sport turlarida bo‘lganidek, tana a’zolari uchun foydali va umumiy chiniqtirish xususiyatlariga ega. Bolalar bunda vitamin va minerallarga boy, tarkibida uglevod kam bo‘lgan ovqatlarni tanovul qilishi lozim. Ba’zilar ortiqcha vazn to‘plamaslik uchun ovqatdan o‘zlarini tiyadilar. Ammo o‘sayotgan organizm faol harakatdagi sport mashg‘ulotlari paytida juda ko‘p miqdorda kaloriya sarflagani bois, ota-onalarni farzandlarining ovqatlanishiga alohida e’tibor qaratishlarini so‘rardik.
Oyoq bilan bajariladigan, qorin sohasidagi egiluvchanlik mashqlari kichik chanoq bo‘shlig‘i a’zolaridagi atonik va gipotonik holatlarida (masalan, kolit, Girshprung, dolixosigma) va boshqa patologik o‘zgarishlarda qo‘shimcha davo sifatida ijobiy ta’sir qiladi. Shu bilan bir qatorda qorin sohasidagi churra kasalliklarida ham gimnastik harakatlar foyda beradi. Bundan tashqari yosh bolalarda uchraydigan tayanch-harakat a’zolaridagi o‘zgarishlar – yassioyoqlik, “X”, “O” shaklidagi oyoq qiyshayishi, umurtqa pog‘onasidagi kifoz, skolioz, lordoz, kifoskolioz va boshqa kasalliklarni kompleks davolashda (shifokor ko‘rsatmasi bilan bajariladigan tibbiy muolajalar bilan birgalikda) mashg‘ulotlar qanchalik erta boshlanib, muntazamlik kasb etsa, natijalar shunchalik tez va yaqqol seziladi. Yosh bolalar sog‘lomlashtiruvchi guruhlarda faqat murabbiy nazorati ostida shug‘ullanishlari zarur.
Svetlana Kuznetsova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy:
– Sport gimnastikasini barcha sport turlarining asosi deyish mumkin. 5-6 yoshdan seksiyaga kelgan bolalarga avval yugurish va sakrashni, turli egiluvchanlik elementlarni bajarishni o‘rgatamiz. Natijalar bir ikki yillik muntazam mashg‘ulotlardan so‘ng ko‘rinadi. Ko‘pchilik ota-onalarni xavfsizlik masalalari qiziqtiradi. O‘g‘il bolalar bilan qiz bolalarning sport gimnastikasi anjomlari bir-biridan farqlanadi. Ammo umumiylari ham bor. Masalan, maxsus sport gimnastikasi gilamida bajariladigan erkin mashq.
Ushbu sport turi bilan muntazam mashq qilgan inson har tomonlama chiniqadi, chaqqon, epchil, bardoshli bo‘lib voyaga yetishadi. Barcha mushaklari bir me’yorda rivojlanadi.
Albatta, professional mashq qilayotgan atletlar ixcham, to‘lachaga moyil bo‘lmay, ayniqsa, musobaqalar paytida vazn me’yorlariga rioya etishi zarur. Ammo jahonda, masalan, Olimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilar orasida bo‘yi baland, suyagi yirik atletlar borligini kuzatdik. Demak, sport gimnastikasida har qanday sport turlarida bo‘lganidek, eng muhimi sabr-toqat bilan mehnat qilishdir. Olimpiada chempioni Oksana Chusovitinaning natijalarini kuzatgan mutaxassislar sportda yosh chegaralari bo‘yicha cheklovlar haqida ham o‘ylanib qolishdi.
Quvonarlisi, keyingi yillarda yurtimizda sport gimnastikasini rivojlantirish bo‘yicha qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Nafaqat poytaxtimizda, balki viloyat va tumanlarimizdagi sport maktablari ham bugungi kunda jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy sport anjomlari bilan to‘liq ta’minlangan.
Yulduz ORTIQOVA