Giyohvandlik muammosi – jurnalistlar nigohida
Kuni kecha poytaxtdagi “Shodlik Palace” mehmonxonasining anjumanlar zalida O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi tomonidan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni g‘ayriqonuniy ravishda muomalaga kiritishga qarshi kurashishda OAVlarning roli va o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari,O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish Milliy Markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “Kamolot” YOIH Markaziy Kengashi, Respublika “Ma’naviyat” markazi vakillari ishtirok etdi.
Seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad, OAV xodimlarini respublikada giyohvand vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy olib kelinishi va aylanmasiga qarshi amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar hamda ushbu sohani tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy baza bilan tanishtirishdan iborat.
Seminar davomida jurnalistlar giyohvand vositalar va psixotrop moddalarni noqonuniy olib kirilishi va aylanmasini bartaraf etishda huquq-tartibot organlari va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining o‘zaro hamkorligi masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumot oldilar. Shuningdek, tadbirda me’yoriy-huquqiy baza, jumladan, BMTning “Giyohvand vositalar va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash to‘g‘risida” Konvensiyasi, “2011-2015 yillarga mo‘ljallangan giyohvand vositalarni suiste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash kompleks chora-tadbirlar dasturi” ijrosi haqida so‘z bordi.
Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi. Shuningdek, mavzu yuzasidan tegishli takliflar va tavsiyalar ham ishlab chiqildi.
Mayna HASANOVA