Hunarli xor bo‘lmas

Komila bolaligidan dizaynerlik kasbiga qiziqadi. Ayollar, bolalar uchun mo‘ljallangan liboslarning eskizlarini tayyorlash uning uchun qiyin emas. Farzandining bu qobiliyatini sezgan onasi unga Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejida o‘qishni maslahat berdi.

– Kollejda dizaynerlik va tikuvchilik sir-sinoatlarini o‘zlashtirmoqdaman, – deydi Komila. – Ingliz tili, sport to‘garaklariga ham muntazam qatnashaman. “Iqtidorli bolalar” tanloviga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. O‘qishni bitirib, bank krediti asosida o‘z tikuv seximni ishga tushirish niyatidaman.

Ta’lim maskanida dizayner, landshaft dizayneri, keng assortimentdagi kiyimlar konstruktori, sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi, oshpazlik kabi  yo‘nalishlar bo‘yicha mingdan ortiq yigit-qiz tahsil olmoqda. Joriy yilda mazkur dargohni to‘rt yuzga yaqin bitiruvchi tamomlaydi. Bu yerda o‘qitish sifati va samaradorligini yanada oshirish, yangi pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotir.

Laboratoriya, ishlab chiqarish ustaxonalari, sport zali, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan axborot-resurs markazi yoshlarning kasb-hunar sirlarini puxta egallashi, har tomonlama sog‘lom ulg‘ayishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Multimedia, kompyuter va lingafon xonalari yoshlar ixtiyorida, fanlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan.

Yunusobod dizayn kasb-hunar kollejida tahsil olayotgan ikkinchi va uchinchi kurs o‘quvchilarining aksariyati yirik korxona va tashkilotlar bilan to‘rt tomonlama shartnomalar imzolagan. Bitiruvchilar orasida banklardan imtiyozli kredit olib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish istagidagi yigit-qizlar ham anchagina.

– Yoshlarning yurt koriga yaraydigan, fidoyi bo‘lib kamol topishida kasb-hunar kollejlarining o‘rni katta, – deydi kollej direktori Nodir Ikromov. – Kollejimizning iqtidorli yoshlari “Qo‘li gul oshpaz”, “Ishbilarmon talaba”, “Mohir dizayner” kabi ko‘rik-tanlovlarda  qatnashib, yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ta’lim sohasiga ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish amaliyotining keng tatbiq etilayotgani yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. O‘quvchilar o‘rtasida bir necha bor so‘rovnoma o‘tkazilib, kelajakdagi rejalari o‘rganildi. Unga ko‘ra, yigirmadan ortiq bitiruvchi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi. Ularning biznes-rejalari ko‘rib chiqilib, istiqbolli deb topilganlari imtiyozli kredit olish uchun tavsiya qilindi. Masalan, o‘quvchimiz Azizjon Nig‘matov  o‘z biznesini boshlashi uchun besh million so‘m imtiyozli kreditga ega bo‘ldi.

Bugun yurtimizda zukko, bilimli yoshlarga o‘z iste’dodini namoyon etishi uchun qulay shart-sharoit yaratilgan. Bularning barchasi jismonan va ma’nan yetuk, iste’dodli, mustaqil fikrlaydigan insonlarni tarbiyalashdek ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaldagi ifodasidir.

Yana o‘qing:  Samarqandda ShHT turizm universiteti ish boshlaydi

 

Shahnoza MAMATUROPOVA,

O‘zA muxbiri 

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: