Qog‘ozdan ishlangan velosiped
“Urban GC1” – qayta ishlangan qog‘ozdan tayyorlangan velosiped.
Ixtirochilarning so‘zlariga ko‘ra, ular shahar bo‘ylab harakatlanish imkonini beruvchi ekologik transport yaratishga harakat qildi.
Velosiped qayta ishlangan poliyester bilan qoplangan, shuning hisobiga u yomg‘irda nam tortmaydi. Transport vositasi smartfonlar uchun ekologik g‘ilof bilan birgalikda, maxsus usulda loyihalashtirilgan qadoqda yetkazib beriladi. Bu qadoqni qayta ishlatish yoki biror foydali narsaga aylantirish mumkin (ishlab chiqaruvchilar velosipedni yetkazib bergan vaqtda qadoqni ishlatish bo‘yicha qo‘llanma qo‘shib beriladi).
“Urban GC1”yaratuvchilari bo‘lgan meksikalik jamoa velosipedning birinchi guruhini ishlab chiqarish uchun Kickstarter saytida mablag‘ yig‘moqda. Ularning qayd etishicha, suratda velosipedning qo‘lda tayyorlangan namunasi taqdim etilgan, dizaynning so‘nggi ko‘rinishi bundan farq qiladi.
Kompaniya velosipedni yetkazib berishni 2017 yilda boshlashni rejalashtirmoqda. Uning narxi kamida 100 dollar turadi.
G. EGAMBERDIYEVA