Taekvondochilarimizdan 28 ta medal
O‘zbekiston an’anaviy taekvondo terma jamoasi Ostona shahrida o‘tkazilgan “Qozog‘iston Open” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga qaytib keldi.
O‘nga yaqin davlat sportchilari qatnashgan musobaqa 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smir taekvondochilar o‘rtasida tashkil etildi. Unda Dmitriy Pak murabbiyligidagi mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoasi ham o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi.
Yakunda terma jamoamiz a’zolari jami 28 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishdi. Medallarning 14 tasi oltin, 7 tasi kumush va yana shunchasi bronza ekanligi kishini quvontiradi. Terma jamoamiz taekvondochilari medallar jamg‘arish bo‘yicha Rossiya, Belarus, Qozog‘iston sportchilarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lishdi. Sportchilarimizdan Zarguna Ahrorqulova va Vladimir Li 2 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgani diqqat sazovor.
T. ORTIQOVA