Yilning asosiy ekologik va muhim madaniy voqeasi
Yaqinda Xalqaro biznes markazi majlislar zalida Transmilliy seriyalar nominatsiyasiga “G‘arbiy Tyan-Shan”ni (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston) YUNYeSKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha tantanali sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi va O‘zbekistondagi YUNYeSKOning Milliy ishlar bo‘yicha komissiyasi tomonidan tashkil etildi.
Unda, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi, Tashqi ishlar vazirliklari, O‘zR Fanlar akademiyasi, Toshkent viloyati hokimligi, Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i ma’muriyati, O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik korpus xodimlari, YUNYeSKO, OBSE vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni tabrik so‘zi bilan O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatov ochdi.
Krista Pikkat, YUNYeSKOning O‘zbekistondagi vakili:
– “Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish” Konvensiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – nodir yodgorliklar madaniyati va tabiiy obektlarni muhofaza qilishda butunjahon hamkorlikni kuchaytirish, ularning dunyodagi barcha xalqlar uchun qanchalik muhim ahamiyatga egaligi, ma’naviy ozuqa ekanligini targ‘ib etishdan iboratligini ta’kidlab o‘tdi.
2016-yilning 17-iyulida Istambul shahrida o‘tkazilgan YUNYeSKO Butunjahon meros bo‘yicha qo‘mitasining 40 sessiyasi qaroriga muvofiq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududlarini qamrab olgan Tyan-Shan tog‘ tizmasining markaziy-osiyo qismi “G‘arbiy Tyan-Shan”ning transchegaraviy obekti sifatida YUNYeSKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekistondan Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘iga kiruvchi Boshqizilsoy va Maydontol qo‘riqxona hududlari bor. “G‘arbiy Tyan-Shanning Chotqol tog‘lari” YUNYeSKO Butunjahon merosi obekti nominatsiyasi, O‘zbekistonda butunjahon meros obekti maqomini olgan ilk tabiiy obekt hisoblanadi.
Olimjon QAHHOROV, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi “Davbionazorat” inspeksiyasi bo‘limi boshlig‘i:
– Milliy bog‘ni tashkil qilishning bosh maqsadlaridan biri – yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan etalon archazor va ekotizimlarni hamda mazkur hududda mavjud bo‘lgan faunani saqlash va muhofaza qilishdan iborat.
Chotqol qo‘riqxonasi o‘zining boy va rang-barang hayvonot hamda o‘simlik dunyosi, go‘zal landshaftlari bilan mashhur. Bu yerda ko‘plab noyob o‘simlik turlari va jonivorlar uchraydi. Qo‘riqxona hududida 1060 ta o‘simlik turi, 168 tur qushlar, 32 tur hayvonlar mavjud. Uning maqsadi G‘arbiy Tyan-Shan tog‘i ekotizimlarini saqlash va atrof-muhitning monitoringini olib borishdan iborat.
Qo‘riqxona hayvonot olamiga ham boy. Hudud uzra parvoz etayotgan turfa qushlarning galasi, ularning yoqimli xonishi kishini maftun etadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda qushlarning 200, sut emizuvchilarning 33, sudralib yuruvchilarning 11, baliqlarning 4 ta turi bor. Ko‘k sug‘ur, ya’ni menzbir sug‘uri ham o‘zining noyobligi bilan ajralib turadi. Mazkur hayvon qo‘riqxonaning dengiz sathidan 2200-3600 m balandlikda joylashgan Qizilnura hududining namli joylari, soz tuproqli qorliklarga yaqin, tosh qoyalarning etaklarida yashaydi. Kuzatuvchilarning aytishicha, menzbir sug‘uri faol oila bo‘lib hayot kechiradi, koloniyalar hosil qiladi, o‘z uyalariga berkinib yashaydi. Bundan tashqari, bu yerda umurtqasiz hayvonlarning 1000 turidan ortiqrog‘i hayot kechiradi. Burgut, tasqara, oqbosh qumay, ilonxo‘r burgut va qarchig‘ay kabi yirtqich qushlar ham mazkur qo‘riqxonaning noyob jonzotlaridandir.
Shuningdek, Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i tarixiy qimmatga egaligi bilan ham muhim ahamiyatga ega. Teraklisoy toshloq qirg‘oqlaridagi dengiz sathidan 2000 metr balandlikda eramizdan avvalgi 1-2 ming yilliklardagi toshga bitilgan qadimiy rasm (petroglif)lar, Revashti – Qorabuzoqsoy daryolarining bo‘linish joyida bronza buyumlar hamda qal’a qoldiqlari qo‘riqxonaning bebaho boyligi sanaladi.
Ergash Sarimsoqov, Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari:
– Milliy bog‘ning funksional zonalarga bo‘linishi tabiiy majmuaning holati va saqlanib qolinganligi hamda landshaftning o‘ziga xosligi mazkur zonalar hududlarini muhofaza qilishning turli rejimini o‘rnatish va ulardan oqilona va barqaror foydalanishga imkon yaratadi.
Milliy bog‘ning hududi quyidagi funksional zonalarga bo‘lingan: 1) qo‘riqxona zonasi. Unga Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi kiradi. 2) chegara zonasi va chegara chizig‘i (polosasi). 3) rekreatsiya va xo‘jalik maqsadlarida boshqarilgan holda foydalaniladigan tabiiy va qayta tiklanadigan landshaftlar zonasi. Mazkur zonada buzilgan tabiiy komplekslarni, davlatning tabiat, tarixiy va madaniy yodgorliklarini saqlash va qayta tiklash, turizm va ekskursiyalarni tashkil qilish va tabiatga zarar yetkazmaydigan xo‘jalik faoliyatini yuritish uchun sharoitlar yaratish. 4) faol rekreatsiya zonasi. Mazkur zona dam olish pansionatlari, bolalar sog‘lomlashtirish komplekslari, turistik baza va sanatoriyalar hududlaridan iborat.
Davlatimiz tomonidan o‘simlik va hayvonlar dunyosining yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarini saqlab qolish uchun kompleks chora-tadbirlar qabul qilingan. Qo‘riqxona hududida biologik xilma-xillikning holati va undan barqaror foydalanish va muhofaza qilish borasida tegishli qaror qabul qilish uchun to‘liq ma’lumotlarni to‘plash maqsadida muntazam ravishda fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boriladi.
Qo‘riqxona jahonning ko‘plab muhofazadagi muassasalari, ilmiy tekshirish institutlarining qator olimlari bilan muntazam ravishda aloqa o‘rnatib boradi. Ilmiy bo‘lim xodimlari turli miqyosdagi ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar va simpoziumlarda ishtirok etib, sohadagi yangiliklar borasida fikr almashib, yuzaga kelayotgan muammolar yechimini izlashadi. Hozirda ham ilmiy bo‘lim xodimlari tabiat boyliklarini asrashga doir bir necha mavzular bo‘yicha kuzatishlar olib borishmoqda.
Mamlakatimiz yaqin kelajakda Sarmishsoyda toshga bitilgan qadimiy rasmlar, Shohimardon, Zomin, Hisor tog‘lari va Boysun qo‘riqxonasini Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro‘yxatiga kiritishni ham rejalashtirgan.
Tadbir davomida ishtirokchilarga “G‘arbiy Tyan-Shan” hujjatli filmi ham namoyish etildi.
Transmilliy seriyalar nominatsiyasiga “G‘arbiy Tyan-Shan”ni (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston) YUNYeSKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritish borasidagi sertifikat O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasiga tantanali ravishda topshirildi.
Anvar SHEROV,
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati
Manba: uznature.uz