Xiva ohanrabosi dunyo sayyohlarini chorlamoqda
Turizm sohasi ko‘pgina davlatlarda mamlakat iqtisodiyotining istiqbolini belgilayotgan muhim yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston ham o‘zining boy merosiga egaligi bilan xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mamlakatimizda sayyohlarga bu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar darajasining kundan-kunga yuksalayotganini alohida ta’kidlash kerak. Ayniqsa, yurt tarixiga daxldor me’moriy obidalarning rang-barang va betakrorligi, xalq amaliy san’atining benazirligi namoyishi va boshqa ko‘pgina dasturlarning namoyish qilinayotgani mehmonlarda katta taassurot qoldiryapti.
XIVA – ShARQ GAVHARI
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2012 yil 18 iyundagi “Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish, turistik xizmatlar eksportini oshirish” to‘g‘risidagi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tasarrufidagi Xiva “Ichanqal’a” Davlat muzey-qo‘riqxonasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda muzey qo‘riqxonasi tomonidan mahalliy tadbirkorlar ko‘magida keng ko‘lamli rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Qutlug‘murod Inoq madrasasi oldidagi 22 ta hunarmandchilik rastalariga milliy rusumdagi eshiklar o‘rnatildi, sayyohlarning hordiq chiqarishi uchun o‘rindiqlar o‘rnatildi. Tungi yoritish tarmoqlari to‘liq rekonstruksiya qilindi. Xivaga tashrif buyurgan sayyohlarning kechki dam olish soatlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida bunyod qilingan kinoteatr to‘liq ta’mirlandi. O‘zbek kinosining noyob durdonalari bo‘lmish “Alisher Navoiy”, “Farhod va Shirin”, “Shum bola”, “O‘tgan kunlar”, “Mahallada duv-duv gap”, “Nasriddin Afandi”, “Maftuningman” singari filmlar ingliz tilida subtitr bilan namoyish qilinmoqda. Bu sayyohlar uchun dasturlarning rang-barangligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Ma’lumki, madaniy-ma’naviy merosning ko‘pligi, boy va rang-barangligi bilan O‘zbekiston dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Shu jihati bilan ham yurtimiz xorijiy sayyohlik firmalari va turistlarning e’tiborini jalb etmoqda.
Qozi Kalon madrasasi, Ko‘hna Ark, Qadimgi Xorazm muzeyi va Toshhovli saroylarida ta’mirlash ishlari yakuniga yetdi. Polvon Qori savdo uyida axborot markazi ochilib, zarur texnika asboblari bilan to‘liq ta’minlandi.
Yaponiyalik olim Kinji Ono, fotograf Jin Akino va muzey qo‘riqxona bo‘lim mudiri Dilmurod Bobojonov, ingliz tili bo‘yicha jamoatchi tarjimon Muhammad Yunusov hamkorlikda “Xorazm — “Buyuk ipak yo‘li” chorrahasidagi o‘lka” mavzusida veb-sayt yaratishdi. Vohada mahalliy va xorijiy turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida shaharlarning “Buyuk ipak yo‘li”dagi joylashuvi aks ettirilgan mazkur http://dsr.nii.ac.jp/khiva/ saytdan o‘sha davr tarixiy haqiqatlari o‘z ifodasini topgan.
Ollaqulixon madrasasi va Toshhovli saroyida folklor-etnografik ansambllarinig sayyohlarga ko‘rsatayotgan madaniy dasturlari betakrorligi bilan xorijliklarga ma’qul bo‘lmoqda. “Xiva” folklor-etnografik ansambli, “Xiva naqshlari” ashula va raqs ansambli, “Doston” ashula va raqs xalq ansambli, “Sayqal” oilaviy ansambli, “Karnay-surnaylar” guruhlari sayyohlarga madaniy xizmat ko‘rsatishyapti.
Muzey qo‘riqxonasida har yili yangi muzey va ko‘rgazmalarning ochilishi, Xivaning o‘zida yangidan barpo etilayotgan mehmonxonalarning ishga tushishi va ularda servis xizmatlarining jahon andozalariga moslashishi sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning rang-barang va betakrorligini ta’minlamoqda. Keyinggi paytda ko‘hna Xiva shahrida bunyod qilingan “Osiyo Xiva”, “Xiva Malika”, “Arqonchi”, “Isoq Xo‘ja”, “Shahrizoda”, “Heyvoh”, “Islombek”, “Zafarbek”, “Mirzoboshim”, “Hayot”, “Lali opa”, “Yusuf Yasovulboshi” kabi mehmonxona va restoranlarning ishga tushirilishi esa sayyohlarning tashrifini ko‘paytirdi. Jumladan, 2011 yilda sayyohlarning umumiy soni 714614 nafar bo‘lsa, ularning 38346 nafarini xorijiy sayyohlar tashkil qildi. 2012 yilda esa sayyohlarning umumiy soni 724680 nafarga yetdi. Ularning 42536 nafari xorijlik mehmonlardan iborat bo‘ldi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlarning namunali va sifatli yo‘lga qo‘yilayotgani bois Xivaga tashrif buyuruvchi sayyohlar yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
KO‘ChMA KO‘RGAZMA
“Xiva – sharq gavhari” ko‘chma ko‘rgazmasining tashkil qilinayotgani nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish ko‘lamini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘layapti. O‘tgan davr mobaynida respublikamizning Qarshi, Shahrisabz shaharlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Ellikqal’a tumani muzeylarida ko‘chma ko‘rgazma namoyish qilindi. Shuningdek, “Ichanqal’a” Davlat muzey qo‘riqxonasi har yili an’anaviy tarzda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro turizm yarmarkasining faol ishtirokchisiga aylandi. Sayyohlik xizmati va uning salohiyatini yuksaltirish yuzasidan tajribalar yanada mustahkamlanmoqda.
Qo‘riqxona ilmiy xodimlari Komiljon Xudoyberganovning “Xiva – dunyodagi eng ko‘hna qal’a”, Boltaboy Davletovning “Xiva xonligi davlat boshqaruv tarixidan”, Dilmurod Bobojonovning Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan hamkorlikda ispan, fransuz, italyan va nemis tillaridagi “Xiva – qadimgi Xorazmning markazi” nomli risola va kitoblari, albomlar, shuningdek, hamkorlikda “Puteshestviye v Xorezm”, “Xorazm – “Buyuk ipak yo‘li” chorrahasidagi o‘lka” mavzularida ekskursiya matnlari tayyorlandi. “Xorazm Epigrafikasi durdonalari” nomli kitob-albom esa “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi bilan birgalikda nashrdan chiqarildi.
MUZEY VA O‘QUVCHILAR
Muzey ilmiy xodimlari maktab o‘quvchilarini ko‘proq muzeylarga jalb qilish maqsadida Xiva tumanidagi o‘rta maktab o‘quvchilariga, Milliy hunarmandchilik iqtisodiyot kolleji talabalariga Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyati, adabiy merosini yoritib beruvchi amaliyot darslarini hamda tarix, adabiyot, “Odobnoma“, “Vatan tuyg‘usi” fanlarini ko‘rgazmali tarzda muzey ekspozitsiyalarida tashkil qilib, 14 soat ochiq darslar va mavzuviy ekskursiyalar o‘tkazildi.
Xorazm teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Yoshlar ovozi“ dasturi uchun “Milliy qadriyatlar“ mavzusida ko‘rsatuvlar va radio eshittirishlar tayyorlandi. Ko‘rsatuvlarda Ko‘hna ark majmuasi, Muhammad Rahimxon Feruz, Sherg‘ozixon, Islom Xo‘ja Pahlavon Mahmud madrasalari, Juma masjid, Bog‘bonli, Sayid Niyoz Sholikorboy masjidlari to‘g‘risida, kulolchilik, gilamchilik, kandakorlik, yog‘och o‘ymakorligi, telpakdo‘zlik mavzularida rang-barang ko‘rsatuvlar namoyish qilindi. Ushbu ko‘rsatuvlar orqali yoshlarni shu aziz Vatanni sevishga, uning har bir qarichini muqaddas saqlashga, tariximiz, milliy urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizni ulug‘lashga o‘rgatildi. Yaqinda Navoiy viloyati hamda Urganch shahridagi litseylarning talabalari ishtirokida “Jahon sivilizatsiyasida Xorazmning roli” mavzusida tadbir o‘tkazilib boriladi. Tadbir ishtirokchilariga Xorazm Ma’mun akademiyasi, “Ichanqal’a” Davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari Xorazmning qadimgi tarixi va afsonalari haqida hikoya qildilar. Muzey ekspozitsiyalarida turli mavzu va yo‘nalishlarda ekskursiyalar o‘tkazildi. Bu tadbir har ikkala viloyatlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
QISHLOQ TARIXINI O‘RGANISH
Yoshlarda milliy qadriyatlarimizga mehr-muhabbat, Vatanga sadoqat ruhini shakllantirishda qishloqlar tarixini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Boshqarma tashabbusi bilan Bog‘ot tumanidagi “Kulanqorabog‘” qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shu maqsadda o‘tkazildi. Eng avvalo mahalliy turizmni rivojlantirish hamda madaniy aloqalarni yuksaltirish borasida belgilangan chora-tadbirlar bebaho merosimizni yuksak qadrlash va tarixiy haqiqatni yoshlarga to‘g‘ri tushuntirib berish, ularni ota-bobolarimiz merosini qadrlashga, asrab-avaylashga o‘rgatishdan iboratdir. Zero, turizm salohiyatini yuksaltirishda, uni jahon andozlari va talablariga moslashtirishda boy va betakror merosimizni o‘rganish, yuksak qadriyatlarimiz mohiyatini anglash muhim ahamiyat kasb etadi. Turizmning buguni va ertasi, istiqboli tarixiy haqiqatni bilishimizga, uni to‘g‘ri va chuqur talqin qilishimizga bog‘liq. Bizning maqsadimiz zukko va dono kelajagimiz-yoshlarga ana shu oydin haqiqatni to‘la-to‘kis yetkazishdan iborat.
Shokir Madaminov,
Xorazm viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i