Birni ko‘rib fikr qil…
Hayotda shunday insonlar borki, ularning sabr-toqati, matonati, jasoratiga qoyil qolasiz. Boshiga tushgan musibatni yengib o‘tib, olg‘a intiladigan, yon-atrofga, dunyoga muhabbat bilan qaraydigan, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga harakat qiladigan bunday kishilardan har qancha ibrat olsak arziydi.
Olimjon Sultonov va Mirzohid Miroqilov ana shunday insonlardan.
…Bolaligida ro‘y bergan baxtsiz hodisa Olimjon akaning hayot irmog‘ini butunlay boshqa o‘zanga burib yubordi. U endi boshqa bolalarga o‘xshab yugurib, chopib o‘ynay olmas, to‘p tepa olmas edi. Lekin ota-onasining, yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi uning hayotga, bilimga, hunarga bo‘lgan intilishini kuchaytirdi.
– Men o‘sha paytdayoq jismoniy mehnat qilish imkoniyatim cheklanganini, endi faqat o‘qish, aqliy mehnat bilan shug‘ullanishim kerakligini tushunib yetgandim, – deb eslaydi Olimjon aka. – Odamning qalbida Vataniga naf keltirish maqsadi bo‘lsa, intilish bo‘lsa, har qanday vaziyatda ham o‘zida kuch topa oladi.
Ota-onasi uning ta’lim olishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni muhayyo qildi. Olimjon aka Toshkent shahridagi 100-maxsus maktab-internatni, o‘rta maxsus ta’lim muassasasini tamomlagach, Toshkent davlat texnika universitetida tahsil oldi.
Hozirgi kunda Olimjon aka “Oniks Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyatida konstruktor bo‘lib ishlash bilan birga, O‘zbekiston nogironlar jamiyatining Toshkent shahar Olmazor tumani bo‘linmasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson va uning manfaatlari uchun xizmat qilmoqda, – deydi u. – Shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning millati, dini, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, huquq va erkinliklari to‘la ta’minlanayotir. Bu jarayonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishini ta’minlash doimiy e’tiborda.
Bo‘linma tomonidan tuman hokimligi va qator davlat, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogiron insonlarga boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlar yaratish, ularning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishlariga ko‘maklashish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, mehnatga layoqatsiz nogironlarga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda, turli bayram tadbirlari munosabati bilan ular homiylar ko‘magida zarur dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.
Jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni mehnatga, tadbirkorlikka jalb etish maqsadida uchrashuv, davra suhbatlari muntazam tashkil etilmoqda. Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda nogiron yoshlarga mos ish topib, ular ishga joylanmoqda. Turli kasb-hunarga yo‘naltiradigan va sport to‘garaklari tashkil etilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2016 yil 26 dekabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlarni yanada yuksak bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Olimjon aka 2015 yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan tanlovda “Shisha va billur buyumlarga badiiy bezak berish” loyihasi bilan ishtirok etib, grant mablag‘ini qo‘lga kiritdi. Ushbu mablag‘ hisobidan zarur dastgohlar, asbob-uskunalar, qurilma va jihozlar sotib olib, o‘ziga xos ustaxona tashkil qildi.
Hozir ushbu ustaxonada Mirzohid Miroqilov bilan birga oddiy shisha va billur buyumlarga badiiy bezak berish bilan shug‘ullanmoqda va bu hunarni nogiron yoshlarga o‘rgatmoqda.
Tasavvur qiling, qo‘limizdagi oddiy shisha idishga naqsh tushirilsa, qanday chiroyli va bejirim buyumga aylanadi. Agar unga yaqin insoningizning ismini tushirib berishsa-ku, buyum o‘sha inson uchun eng yaxshi sovg‘a bo‘ladi. Olimjon akaning aytishicha, bu ish uncha katta jismoniy mehnat talab qilmaydi, shu bois jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar uchun juda qulay.
– Yaqin kunlarda bankdan kredit olib, ustaxonani sho‘ba korxonaga aylantirish va shisha buyumlarga kimyoviy ishlov berish dastgohini xarid qilish niyatidamiz, – deydi O. Sultonov. – Bu ish hajmini bir necha barobar oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Korxona jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning bandligini ta’minlashga, ularning jamiyatda faol insonlar bo‘lishiga, oilasiga moddiy yordami tegishiga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Olimjon Sultonov turmush o‘rtog‘i Noila Sultonova bilan birga qizi Fotimaxonni tarbiyalab, uning ta’lim olishi, kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan inson bo‘lib voyaga yetishini ta’minlamoqda.
Suhbatimizni kompyuterda o‘ziga xos naqshlarni chizib o‘tirgan Mirzohid aka bilan davom ettirdik.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi odamlarning baxtli va farovon hayot kechirishi, mehnat qilishi, ezgu orzularini ro‘yobga chiqarishi borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi M. Miroqilov. – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar har qanday kishida tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi. Bugun soatga qarab”Yana o‘n daqiqadan keyin ish vaqti tugaydi, uyga qochaman”, deb o‘tiradigan zamon emas. Aholining biznes qilishi uchun sharoitlar, imtiyozlar, yengilliklar yaratilmoqda. Agar kishida harakat bo‘lsa, imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, ro‘zg‘orini obod qilishi, oilasining farovonligini ta’minlashi, jamiyatga, iqtisodiyotga foyda keltirishi mumkin.
Mirzohid aka maqsad sari intiladigan, bu yo‘ldagi har qanday qiyinchilik va to‘siqlarni yengib o‘ta oladigan odam. Turmush o‘rtog‘i Dilorom opa bilan uch qizni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda.
– Men hech qachon o‘zimni jismoniy imkoniyati cheklangan, deb bilmayman: sog‘lom odam qanday imkoniyatga ega bo‘lsa, men ham xuddi shunday imkoniyatga egaman. Mening suyanchim, tayanchim – mana shu muqaddas Vatanim, – deydi u. – Vatanimiz ravnaqi, uning har tomonlama gullab-yashnashi uchun bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman.
Bu irodali insonlarni tinglarkanman, xayolimda turli savollar aylanaveradi: “Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun bor imkoniyatlarimdan foydalana olayapmanmi? Men Vatanim uchun nima qilayapman?”
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri