Savodxonlik ayyomi yoxud ota-ona hamyoni haqida

Buni qarangki, yaqindagina birinchi sinfga borgan farzandim “ko‘z ochib yumguncha” alifbe sabog‘ini o‘zlashtirib, “burro-burro” o‘qiydigan bo‘ldi.

Ma’lumki, bunday vaqtda barcha o‘rta ta’lim muassasalarida savodxonlik kechalari bo‘lib o‘tadi. Maktabning ichki tartib tamoyillari inkor qilgani bois, savodxonlik bayrami serhasham restoranda o‘tadigan bo‘ldi. Garchi ushbu shodiyona farzandimga cheksiz quvonch baxsh etgan bo‘lsa-da, ona, qolaversa, oddiy tomoshabin sifatida menda yaxshi taassurot qoldirmadi. Bu savodxonlik kechasi emas xorij an’analariga hamohang ko‘ngilochar teatrlashtirilgan shou edi.

Voqealar rivojini kuzata turib, biz ota-onalarning cheksiz orzu-havasimiz bolalikning beg‘ubor ayyomiga raxna solib, uni o‘z yo‘rig‘iga solayotganidan ich-ichimdan achindim.

Hamon yodimizda. Maktabdagi ilk shodiyonamiz bolalik xotiralarimizni bezab turadi. “Alifbe”dagi qadrdon harf va ushbu harf bilan boshlanadigan she’rni o‘zimiz jam bo‘lib bezagan sahnada hammadan baland ovozda o‘qib berish, o‘zimiz aytgan qo‘shiq… uning hayajoni o‘zgacha, entikishlarga to‘la damlar edi.

Taassufki, bugungi savodxonlik bayramlari bolalarimizning “alifbe”dan o‘rgangan sabog‘i, yodlagan she’rlari bilan emas, aksincha egniga kiygan qimmatbaho kiyimiyu, ular uchun atalgan teatrlashtirilgan shoular, shohona dasturxon ko‘rinishlarida namoyon bo‘lmoqda.

Hattoki, bolalar savodxonlik bayramini o‘tkazish uchun zamonaviy rusumdagi mashinalarda kafe-restoranlarga tantanali tarzda tashrif buyurishmoqda. Bu bilan biz ota-onalar farzandlarimizning kichikligidanoq dabdabaga o‘zi bilmagan holda ergashishiga keng yo‘l ochib bermoqdamiz. Eng achinarlisi, tashabbuskor ota-onalarning orzulari deb ayrim o‘quvchilar hatto, savodxonlik bayramiga ishtirok etolmay qolmoqda. Chunki, “besh qo‘l barobar emas”…

Yaqinda bir dugonam savodxonlik bayrami uchun farzandi o‘qiydigan maktabda har bir ota-onadan yuz ming so‘mdan mablag‘ yig‘ilganini kuyinib aytib qoldi.

O‘ylab qolasan kishi, shuncha xarajat qilib o‘tkazilgan bayram farzandlarimizning olgan bilim darajasini, ma’naviyatini oshirishga xizmat qila olarmikin? Yoki unda ishtirok etayotgan, bolalarni saviyasiz chiqishlari bilan o‘zlariga rom etayotgan xorijiy multfilm qahramonlari – “Masha va medved”, “Shrek”, “Smurflar”, “Betmen”, “O‘rgimchak odam” kabi qiyofadagi aktyorlarchi? Tan olish kerak, hozirda ko‘pgina tadbirlar yuqorida keltirilgan qahramonlarsiz o‘tmay qoldi. E’tiborlisi, ushbu obrazlarga farzandlarimiz ko‘r-ko‘rona taqlid qilishmoqda.

– Milliy qahramonlarimiz ishtirokidagi bir-biridan qiziqarli teatrlashtirilgan dasturlarimiz bor. Afsuski, ko‘p hollarda ota-onalar bunday tadbirlarda xorijiy multfilm qahramonlari obrazida tomoshalar qo‘yishimizni talab qilishadi. Sababini esa farzandi o‘sha qahramonni yaxshi ko‘rishi bilan oqlaydi, – deydi aktyor Alisher Fazliddinov.

Yana o‘qing:  Xalq qabulxonalari – inson manfaatlari yo‘lida xizmat qilmoqda

Bundan ko‘rinib turibdiki, ushbu holatda faqatgina bunday teatrlashtirilgan guruhlarni ayblash noo‘rin. Chunki, ular bolalar va ota-onalarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda tomoshalar ko‘rsatishadi.

Darhaqiqat, e’tibor beradigan bo‘lsak, farzandlarimiz oynai jahon orqali efirga uzatilgan filmlarni tomosha qilgach, multfilmdagi qahramonlar ular uchun hayotdagi eng sevimli insonga aylanadi. O‘zimizning Alpomish, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi kabi milliy qahramonlarimiz gavdalantirilgan multfilmlar mavjud, ammo ularning sifat darajasi bolalarni hayratlantirolmaydi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, birgina savodxonlik bayramining ko‘ngildagidek o‘tishi uchun, uning atrofida yo‘l qo‘yilayotgan muammolar yechimini barcha jabhadan qidirish lozim ekan. Lekin shunday bo‘lsa-da, ota-ona, ularning ortiqcha orzu-havasga berilishi, bolalarning ijtimoiy hayoti, kimlarga havas qilishi, birinchi galda maktab rahbariyati va o‘qituvchilar zimmasiga tushadi. Agarki, sinf rahbari o‘z so‘zida qat’iy talab qo‘yib, bayramni ortiqcha dabdabalardan xoli ravishda o‘tkazsa, ota-onalar hech qanday e’tiroz bildira olmasligi aniq. Demakki, ustozlarning xayrihohligi ham ushbu beg‘ubor bayramni orzu-istaklar iskanjasida asl mohiyatini yo‘qotib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Ana shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tomonidan ayrim cheklovlar ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, afsuski, bu qoidaga barcha ta’lim dargohlarida ham qat’iy amal qilinayotgani yo‘q.

– Ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tadigan bayram tadbirlarini tartibga solish, jumladan, ortiqcha dabdabozlikka, pul yig‘ilishlariga hamda ota-onalarning noroziliga yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida har bir maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi rahbariyatidan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan kafolat xatlarini olishni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi poytaxtimizning Shayxontohur tuman XTMFMTTEB sho‘ba mudiri Ro‘zibek To‘rayev. – Unga ko‘ra o‘tkazilayotgan tadbirlar maktab ichki nizomlariga amal qilingan holda tarbiyaviy ahamiyatga molik bo‘lishi belgilangan. Shunday vaziyatlarda esa afsuski, ushbu tantanali tadbirni ayrim orzumand ota-onalar dargohdan tashqarida o‘tkazishga harakat qiladi. Bunga esa biz ham, maktab rahbariyati ham yo‘l qo‘ymasligimiz zarur.

Aslida savodxonlik bayrami biz ota-onalar uchun ham farzandlarmiz uchun juda zarur. Biroq, nazarimda savodxonlik bayramlari faqatgina maktabda ma’lum bir me’yor talablari asosida o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ushbu mavzu yuzasidan yana uzoq fikr-mulohaza yuritish mumkindir, ammo tilagimiz bolajonlarimiz savodxonlik bayramlarida ortiqcha tashqi salbiy ta’sirlardan xoli tarzda chinakam bilimini namoyon etsin.

Yana o‘qing:  “Nasaf”ning ishonchli g‘alabasi

 

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: