Suli yormasi umrni uzaytiradi
Yorma donlarning shifobaxsh xususiyatlari xususida tabiblar azaldan bilishgan. Ular nafaqat tana vaznining me’yorda bo‘lishiga yordam beradi, balki qondagi ortiqcha xolesterinning parchalanib ketishiga ham ko‘maklashadi.
Yaqinda ushbu don mahsulotlarining yana bir xususiyati, ya’ni ularning insonning uzoq umr ko‘rishiga ijobiy ta’sir etishi tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etildi. Ayniqsa, undirilgan yorma don mahsulotlarining oqish maysalaridan tayyorlangan taom va salatlar bunga yaqqol misoldir. Bu yeguliklarni Yaponiya, Xitoy hamda Koreya aholisi xush ko‘radi.
Jigarrang guruch, tariq, yirik maydalangan bug‘doy, grechka, mosh, loviya, no‘xat ham suli yormasi va uning yupqa maydalangan mahsuloti(ovsyanka) kabi ana shunday shifobaxsh ta’sirga ega.
Garvard universiteti olimlari o‘n yil davomida 14 turdagi turli tadqiqotlar o‘tkazishdi. Ushbu tibbiy tekshiruvlarda 780 ming nafar ko‘ngilli ishtirok etdi. Buni qarangki, bir kunda uch porsiya yorma donli mahsulot iste’mol qilgan inson kunda bir porsiya ushbu mahsulotni tanovul etganlarga nisbatan 20 foiz barvaqt vafot etish xavfidan o‘zini asrar ekan. Bunday parhezli taomnoma 25 foiz infarkt va 14 foiz holatlarda saraton xastaliklarining oldini olishi ham isbotlandi.
Bemorlarni asrang
Stress (ruhiy zo‘riqish) ko‘krak rakining kechish jarayonini yanada og‘irlashtiradi.
Chunki, qattiq hayajonlanish va salbiy hissiyotlar turli dard bilan og‘rigan bemorlarning tuzalishini kechiktiradi. Hatto, ko‘krak saratoni bilan og‘rigan xotin-qizlarning kasalligini ikki baravar og‘irlashtiradi, deb yozilgan xorijiy “Journal of clinical investigtion” tibbiy nashrida. Olimlar fikriga ko‘ra stress geni organizmda metastazlar (xavfli o‘smaning tarqab ketishi)ga sabab bo‘lar ekan. Tadqiqotchilar tajriba ostidagi laboratoriya hayvonlarida stress genini vaqtincha bloklab tashlashdi. Shunda ularda o‘smalar kam qaytalandi. Ammo bu gen “ozodlikka qo‘yib yuborilgach”, metastazlar yana takrorlangani kuzatildi. Bu xulosalar yana qo‘shimcha tadqiqotlarni talab etsa-da, ammo stresning immun tizimini susaytirishi taxmin etilmoqda. Biroq, olimlar qaysi bemorga “ko‘krak raki” tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, albatta, ular o‘zlarini turli ruhiy zo‘riqish holatlari hamda tushkinlikdan asrashlarini tavsiya etishmoqda.
GULSHIRIN