Notariuslar notarial harakatni amalga oshirishni rad etishga haqlimi?
– Notariuslar notarial harakatni amalga oshirishni rad etishga haqlimi?
Eldor HIKMATOV,
Toshkent viloyati, Zangiota tumani
– “Notariat to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra notarius qonun hujjatlariga mos kelmaydigan notarial harakatni amalga oshirishni rad etish huquqiga ega. Mazkur qonunning 38-moddasida belgilanishicha notarius bunday harakatni amalga oshirish qonunga zid bo‘lishi, boshqa notarius tomonidan amalga oshirilishi kerakligi, muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari bo‘lmagan vakil notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilishi, yuridik shaxs nomidan amalga oshiriladigan bitim uning ustavida yoki nizomida ko‘rsatilgan maqsadlarga zid bo‘lishi, bitim qonun talablariga muvofiq bo‘lmasligi hamda notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga javob bermagan hollarda notarial harakatni amalga oshirishni rad etishi mumkin.
Notarial harakatni amalga oshirish rad etilgan taqdirda bu haqda notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqarishi kerak. Bundan tashqari, taqdim etilgan hujjatlarning qalbakilashtirilgani yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa, yoki bunga shubha tug‘diruvchi yetarli asoslarning mavjudligi, shuningdek, murojaat etuvchi shaxs tomonidan uni identifikatsiyalash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmaslik holatlari ham notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq emas deb hisoblanadi.
Savollaringizga poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 7-son davlat notarial idorasi notariusi Iroda MUSAYEVA javob berdi.