Beshta ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlar strategiyasi muhokamada
Prezidentimiz tomonidan joriy yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan yurtimizda xalq bilan muloqotni ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Shu maqsadda poytaxtimizidagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan media-haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu strategiyani qabul qilishdan oldin uni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, butun O‘zbekiston xalqining qiziqishlarini to‘la inobatga olinishini ta’minlash maqsadida aholi o‘rtasida keng muhokamani tashkil etish zarurligiga alohida etibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar, jurnalistlar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
Birinchi kun
Media-haftalikning birinchi kunida “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari”ga bag‘ishlandi. Unda ishtirok etgan ekspertlar, jurnalistlar, davlat organlari, jamoat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari diqqat markazida Harakatlar strategiyasini batafsil yoritish, shuningdek, mamlakatimiz aholisining katta qismini muhokamalarga jalb etishdan iborat bo‘ldi.
Svetlana ORTIQOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari:
– Mamlakatimiz xavfsizligi, taraqqiyoti va siyosiy barqarorligini yanada mustahkamlashda har bir fuqaroning ishtirokini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifasidir. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi loyihasini mutaxassis va ekspertlar ishtirokida muhokama qilish hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etilgan ushbu media-haftalik bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ikkinchi kun
Tadbirning keyingi kuni strategiyaning ikkinchi yo‘nalishi – “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yana isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari”ga bag‘ishlandi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha ham mutaxassislar o‘z mulohazalarini bildirib, keng jamoatchilik fikrlari bilan qiziqdi.
Abduhamid KOMILOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalikka nomzodlarni tanlash va tavsiya qilish bo‘yicha komissiya vakili:
– Ma’lumki sud-huquq tizimida sudyalik lavozimiga tayinlash alohida ma’suliyat va e’tiborni talab etadi. Mazkur harakatlar Strategiyasida ham mamlakatimizda sudya lavozimida bo‘lishning ilk marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik muddatini va shundan so‘ng muddatsiz davrini belgilash ko‘rsatilgan. Ya’ni, sudyalik davomida ilk marotaba besh yilga saylangan yurist o‘z vazifasini namunali bajargan taqdirda uni keyinchalik o‘n yilga va hatto, umrbod muddatga ushbu vazifaga tayinlash ko‘zda tutilgan. Mazkur masala borasida ham jamoatchilikning fikr-mulohazalari o‘rganilmoqda. Ma’lumki, mamlkatimizda sudyalik lavozimiga tayinlash uchun fuqaro kamida o‘ttiz yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. U deylik, 22-23 yoshda o‘qishni bitirgan bo‘lsa kamida besh yil ushbu tizimda ishlab tajriba orttirgan bo‘lishi lozim. Shundan so‘ng u ushbu lavozimga munosib ko‘rilishi mumkin. Tizimda uzoq yillar halol, namunali ish yuritgan sudyalarning tajribasidan keng foydalanish, ularning xizmatlari davomiyligini ta’minlash barqaror sudyalar maktabini yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Uchinchi kun
Mediaturning navbatdagi kunida “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari” muhokamaga qo‘yildi. Ushbu yo‘nalish ochiqlik, va raqobatni oshirishga, erkin iqtisodiy faoliyatni ta’minlashga, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va sohaning o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, uning ilg‘or tarmoqlarini faollashtirish va modernizatsiya qilish, xususiy tadbirkorlikni himoya qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, chet el investitsiyalarni joriy qilish, turizmni samarali rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgarishlarni kiritishga yo‘naltirilgan.
Rustam AMINOV,
O‘zbekiston Respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
– Xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hozirda bizda bir qancha faoliyat yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarolarga yer-mulkini ijaraga olish masalalarini ushbu harakat strategiyasida yengil va sodda yo‘llarini ishlab chiqishni maqsad qilganmiz. Bundan tashqari foydalanilmagan davlat mulklarini xususiylashtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda, yurtimizda 675 ta bo‘sh turgan ob’yektlar aniqlandi. Yaroqlilarini foydalanishga topshirish, keraksizlarini esa buzib tashlash rejaga kiritildi.
Haftalik doirasida tayyorlanayotgan barcha media materiallar teleradiostansiyalar efirlari orqali tezkorlik bilan uzatilmoqda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib borilmoqda.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri