Ijtimoiy tarmoqlardan ko‘p foydalanish kayfiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi
Kopengagen universiteti olimlarining fikricha, hayotdan mamnun va baxtli bo‘lish uchun hafta davomida feysbukka kirmaslikning o‘zi kifoya ekan. Ular o‘tkazgan tadqiqotda 1000 dan ortiq odam qatnashdi (86 foizi ayollar). Ishtirokchilarning o‘rtacha yoshi 34 yoshni tashkil qildi. Har bir qatnashchining feysbuk tarmog‘ida 350 tadan do‘sti bo‘lib, ular har kuni bir soatdan ortiq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazardi. Qatnashchilar ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruh feysbukdan odatdagiday foydalanishda davom etdi. Ikkinchi guruh esa bir haftaga feysbukka kirishni to‘xtatdi.
Tadqiqotning boshi va oxirida olingan anketa javoblariga ko‘ra, hafta davomida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmagan ishtirokchilarning kayfiyati va hayotga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshgan. Bu holat ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muloqot qiladigan va boshqa foydalanuvchilarning sahifasini ko‘zdan kechirishni yoqtiradigan qatnashchilarda ko‘proq ko‘zga tashlandi.
Tadqiqotchilar ijtimoiy tarmoqlarga kirgandan so‘ng o‘zini g‘amgin his qiladigan insonlarga vaqti-vaqti bilan, ayniqsa bayram kunlarida feysbukdan haftalik ta’tilga chiqib turishni maslahat beradi.
Mirjalol Madvaliyev
tayyorladi.