Mutolaa madaniyati
Kitob – insonni ezgulikka chorlovchi nurdir. Kim qachon, qanday holatda, qaysi yo‘nalishdagi kitobni o‘qimasin, undan avval o‘zi bilmagan axborotni oladi. Kishilik jamiyatida kitobni tanlab o‘qishning hikmati katta. Yashash tarzi, kasb-kori, geografik hududi, millatidan qat’i nazar, har kim kitob o‘qiydi, mutolaa orqali bilim doirasini kengaytiradi. O‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi.
MA’NAVIYAT SARCHASHMASI
– Kitob o‘qiydigan odamning qalbi go‘zallikka moyil bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, adabiyotshunos olim Uzoq Jo‘raqulov. – Bu yaxshi, albatta. Kitobxonlar toifasi har xil. Ko‘pincha badiiy adabiyot bilan oshno tutingan zamondoshlarimizni boshqalar bilan taqqoslayman. Ularning ayrimlari kitobni tanlab, saralab, muallifi kimligini bilib o‘qiydi. Ayrimlari duch kelgan roman, qissani mutolaa qiladi.
Sir emaski, bugun dunyoda adabiyot ham biznesga aylanib boryapti. Bozor adabiyoti rivojlanishida, do‘konlar to‘lib ketgan. Badiiy adabiyot namunalari ichida haqiqiy ma’nodagi ma’naviy ozuqani bera oladiganlari bormi? Ayrim adiblar o‘z ruhiyatidagi tushkunlikni asarga ko‘chirib, ta’sirli jumlalar bilan uni o‘quvchi ongiga singdirishga urinmoqda. Qiziq, “ommaviy madaniyat” kun sayin o‘z auditoriyasini kengaytirib borayotgan bir davrda kishilarda ma’naviy immunitetni shakllantirish o‘rniga aksincha, ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishdan maqsad nima? Tilga tushish, mashhur bo‘lishmi?
Kitobxon o‘qigan kitobidan o‘ziga qandaydir xulosa ola bilishi kerak. Bora-bora bu xulosalar yig‘ilib, ulkan kuchga – ma’naviyatga aylanadi. Ma’naviyatli shaxs esa kitob do‘koniga kirganida, o‘z didiga, ehtiyojiga mos kitoblar xarid qiladi. Uning ma’naviy didi yuksakligi shu joyda foyda beradi, bu esa unda yillar davomida shakllangan. Oila muhitining ham bu borada o‘rni katta. Avvalo, ota-onaning o‘zi kitobxonmi? Bolasi kitob o‘qimayotganida uning aybi bormi?
TANLAB O‘QISH SAN’ATI
Sharq xalqlarida azaldan ilm olishga, ma’rifatga intilish yuqori bo‘lgan. Hazrat Alisher Navoiy besh-olti yoshligidayoq Farididdin Attorning “Mantiq-ut tayr” asarini mutolaa uchun tanlagan, qisqa muddatda o‘qib ulgurgan, uni satrma-satr yod olgan. Mazmunini murg‘ak diliga jo aylagan. Shuning ta’sirida shoirning kitob tanlab o‘qishga nisbatan did-farosati shakllangan.
Har bir davrning olimu fozillari, shoiru adiblari ko‘p. Ular kitob mutolaa qilib shaxs darajasiga yetishdilar. Bugungi avlodning barkamolligi uchun yaratilayotgan shart-sharoitni sanab adog‘iga yetish mumkinmi? Yo‘q. O‘quv muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkam. Har birida kutubxona mavjud. O‘quvchi-yoshlarning kasbiy bilimlarni puxta egallashini kutubxonalar xizmatisiz tasavvur qilish mushkul.
– Kutubxona – ikkinchi uyim, – deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti biologiya fakulteti talabasi Laziz Hamroyev. – Biz talabalarning ixtisosligiga tegishli bo‘lgan o‘quv adabiyotlari bu yerda behisob. Ilmiy kitoblarning eng yangisini, badiiy asarlarning esa eng qadimiysini o‘qigan ma’qul, deya ko‘rsatma beradi bizga kitob tanlash bo‘yicha ustozlarimiz. Biologiya fani organizmlarni o‘rganadi. Bitta kitobni o‘qib chiqish, mag‘zini chaqquncha ba’zida oylab vaqt ketadi. Agar undagi ma’lumotlar sal eskirgan bo‘lsa, bundan hushyor bo‘lishimiz kerak. Kutubxonaga kirarkanman, doimo shu qoidaga amal qilaman. Agar ancha yil avval nashr qilingan bo‘lsa, keyingi nashrini so‘rayman. Har qalay oxirgi nashridagi ma’lumotlar talabaning oldiga qo‘yilgan maqsadga mosroq tushadi. Axir, menga yangi kitoblar kerak. Hozir “Odam anatomiyasi”, “Biologiya nazariyasi” kabi kitoblarning eng so‘nggi nusxasini o‘qiyapman.
KITOB XARIDIDA TANLOV
Kitob bosib chiqarishning mashaqqati ham, xarajati ham oz emas. U qog‘ozdan, qog‘oz esa daraxtdan yasaladi. Bu ishga minglab kishilarning mehnati, kuchi va albatta, qimmatli vaqti sarf bo‘lishi hech kimga sir emas. Kitob do‘konlarida tizilib turgan bosma mahsulotlarning har biri ortida ko‘plab insonlarning mehnati yotadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, har bir kitobning o‘z xaridi bor.
“Sharq ziyokori” kitoblar do‘koni gavjum. Har bir xaridor o‘zini qiziqtirgan badiiy, ilmiy-ommabop asarni tanlash bilan band. Kimdir ertaklar javonida to‘xtasa, kimdir jahon adabiyoti durdonalariga ko‘z yugurtiradi. Ayrimlar o‘z kasbiga oid ilmiy-ommabop kitoblar, turli qo‘llanmalar bilan tanishmoqda.
– Universitetimiz o‘qituvchilaridan o‘rgangan eng katta saboqlarimdan biri kitobni tanlab mutolaa qilishdir, – deydi kitobxon xaridor Sitora Rahmonova. – Uyimizda kitob ko‘p, aksariyati jahon adabiyoti durdonalari. Farzandlarim ba’zan bu kitoblarni qo‘liga olib ko‘rishadi. Ularni kitobni tanlab o‘qishga o‘rgatyapman. Ma’naviyatni shakllantirishdan oldin kishining ruhiyati sog‘lom bo‘lishi haqida bosh qotirish lozim. Hayotni erta anglashga o‘rgatish – muhim masala. Buning uchun bola ertak tinglashi, o‘qishi, shu orqali hayotni o‘rganishi lozim.
BIR QADAM OLDINDA
Dadam mening qo‘shni qishloqdagi obro‘li maktabda o‘qishimni xohlaganlar. Har kuni ertalab og‘rinib yo‘lga chiqardim. “O‘zimizning maktabda o‘qisam bo‘lmaydimi”, deya savol bersam, “U maktabda yaxshi o‘qituvchilar ko‘p”, deb o‘zini oqlardi dadam. Endi o‘ylab qarasam, otam to‘g‘ri yo‘l tutgan ekan. Barcha ota-onalar kabi u kishi ham bolasining har tomonlama yetuk inson bo‘lishini xohlagan-da.
– O‘qituvchi kitobni tanlab o‘qishga majbur, u oddiy kitobxon singari huda-behudaga vaqt sarflab, kitob varaqlamasligi kerak, – deydi xalq ta’limi a’lochisi Baxtiyor Abdiyev. – Uning oqsashga ham haqqi yo‘q, o‘z fani doirasida doimo izlanishda bo‘lishi shart. Men jahon matematiklarining kitoblarini ko‘p o‘qiyman. Ular asosida qo‘llanmalar qilib, o‘quvchilarimga tarqataman. Foydalangan manbalarim ro‘yxatini ko‘rsataman. Bolalar mazmunan shu adabiyotlarga yaqin bo‘lgan boshqa kitoblarni topib o‘qishadi, buni ko‘rib ich-ichimdan sevinaman. Ularda kitob tanlashdek didni shakllantira olibman, deb hursand bo‘laman. Ikki nafar o‘quvchim xalqaro olimpiadada ishtirok etib, bu fandan faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Atoqli adib Asqad Muxtor “Kitob – boylik, sotib olingani emas, o‘qilgani”, deya bejiz aytmagan. U faqat insonga xos bo‘lgan ilmiy-ma’naviy ehtiyojni qondiruvchi vosita. Kitob chop etilar ekan, u albatta, kitobxonlarning dunyoqarashini kengaytirish uchun xizmat qiladi. Kimdir ijtimoiy-siyosiy, yana kimdir ilmiy-ommabop asarlarni o‘qiydi. Ayrimlar esa ichki ehtiyojdan kelib chiqib badiiy adabiyotlarni mutolaa qiladi. Boshqa birovlar ilmiy-ommabop qo‘llanmalarni o‘rganib, uning mag‘zini chaqishga intiladi. Muhimi esa, har bir kitob o‘z auditoriyasiga yetib borishi, o‘z o‘quvchisini topishidadir.
Bahodir HALIMOV