“Men uddalayman!” yoxud bola ruhiyatidagi ishonch va qat’iyat
Ko‘pchilik ota-onalar omadli, har qanday vaziyatda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan farzandlar tarbiyalashni orzu qiladi. Xo‘sh, qanday qilib bu ishni amalga oshirish mumkin?
Farzandingizda “har qanday vaziyatda men buni uddalay olaman, men buni bir necha bor uddalaganman” kabi o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini shakllantirishga harakat qiling. Bolada kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan har qanday kutilmagan ko‘ngilsizliklarga qarshi kurashuvchanlik paydo bo‘lsin.
Buning uchun bolakaylar bilan turli o‘yinlar o‘ynash chog‘ida uning g‘alaba qozonishiga ataylab “yo‘l qo‘yib” bering. Odatda ota-ona farzandi bilan shaxmat-shashka yoki shunga o‘xshash o‘yinlar o‘ynash chog‘ida bola tinmay yutqazadi. Natijada uning ruhiyatida “men uddalay olmayapman” fikrining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Shu tariqa omadsiz bolakay ulg‘aya boradi.
Bolaga g‘alaba qozonishni o‘rgating. U qancha ko‘p g‘alaba qozonsa, omadsizliklarga qarshi shunchalik ko‘p “immunitet” paydo bo‘ladi. O‘yin chog‘ida ehtiyotkorlik bilan, vaziyatni yaxshilab hisobga olgan holda farzandingizni murakkab vaziyatga tushiring. Natijada u o‘yinda imkoniyatni boy bersin. Hayot har doim ham biz istagandek bo‘lmaydi. Unutmang, muvaffaqiyat harakat bilan hisoblashadi. Nima qilish kerakligini farzandingizga sezdirmasdan yordam bering. Uning yoniga borib, u buni uddalay olishiga ishontiring.
Deylik bola “LEGO” o‘yinchog‘idan nimanidir yasamoqda va qiyin vaziyat yuzaga keldi. Farzandingizni bir necha soniyalarga boshqa ishga chalg‘iting, u sizni yuzaga kelayotgan muammoni bartaraf qilish yo‘lini izlayotganingizni ko‘rmasin. So‘ngra shunday deng: “Qara, sen hammasini uddalading!”
Agar bola maqsadga intilish uchun astoydil harakat qilsa, bu uning muvaffaqiyati ekanligini, agar u ko‘proq harakat qilsa, istaganidan ortig‘iga erishishi mumkinligini tushunib yetsin. Bu kabi ruh bilan ulg‘ayayotgan bolalar, har qanday vaziyatga chidamli, raqobatga nisbatan kuchli bo‘ladi. Omadsizliklar umidsizlik kayfiyatini chaqirmaydi. Agar u birinchi urinishda mag‘lubiyatga uchrasa, sabr bilan o‘zidagi ishonchni yo‘qotmaslik chorasini izlaydi.
Unutmang, g‘oliblik hayot mazmunini chuqur anglagan, oldiga maqsad qo‘ygan, o‘z kuchiga ishongan insonlargagina nasib qiladi. Insonda iste’dod va intilish bo‘lsa, ko‘zlagan maqsadiga yetishi aniq. Omad tavakkal qilishdan qo‘rqamaydigan insonlarni yaxshi ko‘radi. Hamisha muvaffaqiyat sizni eshigingiz ostonasida poylab tursin!
Xurshida HUSENOVA