Qo‘shni qo‘shniga oyna

Ertalab ishga sal shoshib chiqdim. Ko‘chamiz boshiga yetganda qo‘l telefonim uyda qolganini bilib, ortga qaytdim. Bizdan uch-to‘rt uy beridagi qo‘shnimiz yangi imorat quryapti. Darvozasi oldiga to‘kilgan mashina-mashina g‘isht yoyilib, ko‘chaning ancha joyini egallab olgani bois, aynan o‘sha uy devori yaqinidan o‘tishga majbur bo‘ldim.

15– 20 chog‘li quruvchilar tinmay ishlashyapti. Ularga qo‘shnimiz Zamiraxonning kelini oshpaz. Shu yerdan o‘tayotib, ustalardan birining oshpaz kelinga aytayotgan luqmasi qulog‘imga chalindi. Bu beparda so‘zlardan dilim og‘ridi. “Shunchalik ham bema’nilik bo‘ladimi!” beixtiyor ovozimni ko‘tarib shunday dedim-u o‘tib ketdim. Telefonimni olib ortimga qaytayotganimda ham dilim yorishmagandi. Buni qarangki, gapimni quruvchilar eshitgan ekan. Kelayotganimni ko‘rishdi, shekilli menga eshittirib, biri ikkinchisidan so‘radi: bema’ni gap aytibmizmi?

Bu so‘zlar menga tegishli ekanini sezib, “taqqa” to‘xtadim. Qurilish atrofi bo‘z devor bilan o‘ralgani bois, ustalarning yuzlari aniq ko‘rinmasdi.

– Ha, shunday dedim. Aslida bema’nilik emas, behayolik desam to‘g‘riroq bo‘lar edi. O‘zini o‘zbek sanagan iymonli, vijdonli erkak hech qachon boshida eri bor ayolga bunday besharm gaplarni aytmasligi kerak. Balki sizning bu luqmangizga kelin indamagandir. Hali u bilan ham gaplashaman. Lekin biz indaymiz. Chunki, mahallada hamma bir-biriga jigar, bir-biriga javobgar. Mahalladoshlar bir-biriga begona emas. O‘sha kelinning o‘rniga o‘zingizning rafiqangiz yoki opa – singlingizni qo‘yib ko‘ring, qanday holga tushar ekansiz, – dedim jahldan o‘zimni bosolmay.

– Uzr, bizdan xatolik o‘tibdi, kechiring, – dedi ustalardan biri.

Bu gapdan sal hovurimdan tushdim. Lekin shunda ham kechqurun ishdan qaytgach, oshpaz kelin bilan ham gaplashishni dilimga tugib qo‘ydim. Balki xato qilgandirman. Balki gapim kelinga ham, qaynonasiga ham yoqmas. Senga nima desa-chi?! Yo‘q, to‘g‘ri qildim. Axir ota-bobolarimiz “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” deb bejiz aytmagan. Qo‘shni qo‘shniga ko‘zgu, biz kattalar “menga nima” deb ketaversak, yoshlar andishani unutib qo‘ymaydimi? Andisha, uyat bo‘lmagan joyda odob-axloq bo‘ladimi? Ana, qo‘shni mahalladagi kenja kelin Naziraxon telefonida begona kishi bilan turli yozishmalar qilganini ovsini sezsa ham bir og‘iz, “qo‘ying, bunday hazil qilmang, oqibati yomon bo‘ladi”, deb aytmabdi. Shunchaki yozsa yozibdi-da, u kishi qayoqda-yu ovsinim qayoqda, deb o‘ylagan-da. Oqibatda Nazira ikkita bolasini tashlab, o‘sha kishi bilan ketib qoldi. Agar bu “SMS”lar vaqtida to‘xtatilganda o‘sha ko‘ngilsizliklar yuz bermagan, ikkita norasida go‘dak yetim qolmagan bo‘lardi. Loqaydlik bizning birinchi dushmanimiz. Har bir mahalladoshimizning yurish-turishi, axloq-odobiga o‘zimizni mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Chunki, biz o‘zbekmiz. Biz bir-birimizga ko‘zgu, bir-birimizga jon – jigar. Taqdiriga daxldor, deb bilishimiz shart. Shunga o‘xshab, o‘sha oshpaz kelinning qaynotasi qaynotam bilan, dadasi dadam bilan, qaynonasi men bilan, bolalari bolalarim bilan bir ariqdan suv ichib, bir ko‘rpada tepkilashib katta bo‘lganmiz, axir. Shunday ekan uning oilasi buzilsa, ma’lum ma’noda men ham aybdor bo‘laman. Dunyo ahli havas bilan qaraydigan mahalladoshlik qadriyatlarining qadri ham shunda emasmi? Shu azmi qaror bilan mashinaga chiqdim. 18-19 yoshlardagi qiz surilib joy berar ekan etagini tortishga urindi.

– Chiroyli, hayoli qiz ekansan, nega shu ko‘ylakni sal uzunrog‘ini kiya qolmading? – so‘radim uyatdan qizarib ketgan qizdan.

– Oyim bilan butun boshli bozorni uch marta aylandik. Hamma liboslar shunaqa kalta. Hatto plash, paltolar ham, – dedi u xijolatomuz. – Oyim, “mayli olaveraylik. Etagiga boshqa matodan ulab beraman”, dedi. Lekin unga mos keladigan mato topolmadik.

Qiz haq. Chindan ham hozir bozorlarimiz, savdo do‘konlarimizni “ommaviy madaniyat” ya’ni olomon madaniyati ko‘zimizni ko‘niktirib, ko‘nglimizga, hayot tarzimizga olib kirayotgan g‘arbona (aslida g‘aribona) liboslar egallab olgan. Kimdir uning sifatli gazlamasiga, kimdir hamyonbop narxiga, yana kimdir esa zamonaviyligiga qiziqib, xarid qiladi. Shunday ekan axloq-odobimiz, millatimiz ma’naviyatini qadrlagan insofli savdogarlar bozorlarni ayollarimiz kiyganda nafaqat husni, hayosini ham yashnatib yuboradigan bichimdagi kiyim-kechaklar bilan ta’minlasa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Qolaversa, o‘zimizning o‘tkir didli, nozik ta’bli dizayner qizlarimiz chevarlarimizga yangi liboslar yaratishda ko‘maklashsin. Yoki o‘zimizning chevarlar tikkan libos tanangizni yayratib, ma’naviyatingizni yashnatib yuborishiga shubhangiz bormi? Ehtimol o‘ta zamonaviy liboslarni kiyishga bo‘lgan ehtiyoj tug‘ilishiga ketma-ket namoyish qilinayotgan besharm seriallar, chinakam hayotimizdan ancha yiroqlashib ketgan klip qahramonlari sabab bo‘layotgandir?!

Oqqan daryo oqaveradi, deydi dono xalqimiz. Biz dunyo tamadduniga juda katta hissa qo‘shgan madaniyatli, ma’naviyatli xalqmiz. Bizni ayrim o‘zini ilg‘or sanayotgan “ma’naviyatli millat”lardan o‘rganishga aslo hojatimiz yo‘q. Shunday ekan biz kattalar tarbiya tizginini risoladagiday ushlab tursak, bugun o‘zligidan yiroqlashgan ba’zi yosh yigitlar, yengil-elpi kiyinib, havoyi orzuga berilgan, modaning oldiga tushib yugurib ketayotgan qiz-juvonlarimiz ham ertami kechmi buni tushunib yetadi, albatta.

 

Muhabbat HAMIDOVA

Yana o‘qing:  Yuksak e’tirof

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: