YURT MADHINI KUYLAYMAN

Vatan — mening oilam, ostonam. Vatan — mening do‘stlarim, qalbimga yaqin kishilarim. Vatan — yuzlaridan nur taralgan oftobchehra xalqim va shu aziz Tuproq!

Qo‘shiq kuylash, ayniqsa Vatan haqida, ona haqida kuylash menga huzur bag‘ishlaydi. Bu menga ona suti, onajonim allasi bilan tanamga kirgan, desam adashmayman. Chunki onam o‘qituvchi bo‘lsalar-da san’atni nihoyatda qadrlaydigan inson. Poytaxtimizdagi 148-maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars beradilar. Men onam ishlaydigan maktabda o‘qiganim uchun o‘zimga nisbatan mas’uliyat bilan qarardim.

Maktabda bizga “Vatan tuyg‘usi” darsi o‘tilardi. Ustoz dars tugashidan oldin mendan Vatan to‘g‘risida qo‘shiq kuylab berishimni iltimos qilganida bolalarcha beg‘uborlik ila o‘zim sevgan san’atkorlardek qo‘shiq kuylashga tushib ketardim. Shunda sinfdoshlarimning olqishidan qalbim quvonchga to‘lardi. Yettinchi sinfda o‘qib yurganimda o‘qituvchilar va murabbiylar kuni tadbirida ustozlarga bag‘ishlangan qo‘shig‘imni qarsaklar ostida jo‘shib kuylaganman.

Shu kungacha san’at yo‘lida erishgan muvaffaqiyatlarimda onajonim hamda ustozlarimning beqiyos o‘rni bor, albatta. Ilk bor san’atkor bo‘laman, deganimda onajonim cho‘rtkesarlik bilan faqat yoningda har doim men bo‘lishim kerak, shundagina ruxsat beraman, dedi. Menga bu ma’qul bo‘ldi. Har bir qo‘shig‘im matnini onam bilan birga o‘rganamiz. Eng birinchi tanqidchim ham onam.

Xamza nomidagi musiqa kollejini bitirgach, O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasini “An’anaviy xonandalik” bo‘limida taxsil oldim. Ustozlarim K.Qayumov, A.Dadayev, M.Solihovalardan qo‘shiq kuylash, sahna mahorati, vokal san’ati sirlarini o‘rgandim. Bastakorlar uyushmasi raisi R.Abdullayev bilan bo‘lgan ijodiy hamkorlikdan ham ko‘pgina tajribalar orttirdim.

2008 yilda o‘tkazilgan “Vatan yagonadir, Vatan bittadir!” ko‘rik-tanlovida M.Mirzo she’ri R.Abdullayev musiqasi bilan “Vatan nadur?” qo‘shig‘ini kuylab 2-o‘rin, Toshkentning 2200 yilligi hamda “Navro‘z” bayrami arafasida o‘tkazilgan “Qalbimda Vatan madhi” deb nomlangan ko‘rik-tanlovda M.Bekchanova she’ri bilan yaratilgan “Toshkent favvoralari”, “Bahorim keldi” nomli qo‘shiqlarim bilan 3-o‘rin sohibasi bo‘ldim. 2010 yilda “Yagonasan, muqaddas Vatan!” ko‘rik-tanlovida faxrli 3-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldim. Shu yili “Yurak” deb nomlangan 17 ta qo‘shiqlarim jamlangan albomimni muxlislarim e’tiboriga havola etdim.

Mening san’at yo‘lidagi izlanishlarim davlatimiz tomonidan yuksak baholandi. 2011 yilda “Nihol” mukofotiga sazovor bo‘ldim. Bu menga yanada yuksak mas’uliyat yuklaydi. Kelajakda jonli ijroda yakkaxon konsertimni muxlislarimga taqdim etish niyatidaman.

Yana o‘qing:  Qars ikki qo‘ldan...

Men shu el, shu yurt farzandi bo‘lganimdan faxrlanaman. Negaki, biz yoshlarning o‘z iqtidorini har tomonlama namoyon etishi uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Biz uni qadrlamog‘imiz, shu el kelajagi uchun bor imkoniyatlarimiz ila kamarbasta bo‘lmog‘imiz lozim.

Shahnoza OTABOYEVA,

“Nihol” mukofoti sovrindori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: