Mehrdan bunyod bo‘lgan maskan

Bola – hayot gultoji. U bor ekan, kelajak haqida har qancha ezgu rejalar tuzsa arziydi. Uning umri quvonchli lahzalarga boy o‘tishi esa atrof-muhit bilan bog‘liq. Zero, shodon bolalik baxtiyor damlar sari yetaklaydi. Mamlakatimizda ham bolalar taqdiriga mas’ullik, ularning navqiron avlod sifatida bo‘y ko‘rsatishi maqsadida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini katta hayot sari yo‘naltirish, sog‘lom fikr va sog‘lom dunyoqarash egasi bo‘lib ulg‘ayishi borasida yurtimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Toshkent shahridagi Antonina Xlebushkina nomidagi 22-“Mehribonlik” uyidagi faoliyat fikrimizning tasdig‘idir.

Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi mazkur mehr maskani 1942-yilda tashkil topgan. Muassasa bir vaqtlar Ikkinchi jahon urushida ota-onasiz qolgan Rossiya, Belorussiya, Ukrainaning turli shaharlaridan keltirilgan bolalarning boshpanasiga aylangan. Mazkur dargohning ilk faoliyati A. Xlebushkina nomi bilan bevosita bog‘liq. U muassasa tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatgan. Umrining oxirigacha, ya’ni 1997-yilgacha shu “Mehribonlik” uyi bolalariga o‘z hayotini bag‘ishlagan.

Ushbu muassasa hovlisiga kirib borar ekanmiz, u yerda saranjom-sarishtalikni ko‘rib dilingiz yayraydi. Bir tarafda gullar, ikkinchi tomonda yam-yashil daraxtlar tarovatini ko‘z-ko‘z etmoqda. “Mehribonlik” uyi rahbari Shahrixon Berdiуeva bizni ochiq chehra bilan qarshi olar ekan, o‘quvchilar tarbiyalanadigan xonalari sari yo‘l boshladi. Xonalar zamonaviy mebellar, kerakli texnika buyumlari bilan ta’minlangan. Muassasada faoliyat yuritayotgan xodimlar esa shirinso‘z va mehribon. Har bir bolaga e’tibor bilan muomalada bo‘lishadi.

– Muassasamizda ayni vaqtda kamol topayotgan tarbiyalanuvchilarni ham ma’nan, ham jismonan barkamol qilib voyaga yetkazish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yo‘lida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Xursanoy Mehriddinova.

Muassasadagi tarbiyachilar nihoyatda mehribon, samimiy, ochiq chehra. Bolalar maktabdan qaytgach darsini tayyorlashini, vaqtida ovqatlanishini nazorat qiladi. Tarbiyalanuvchilarning kiyinish madaniyati, odob-axloqi va tarbiya masalalarida ham talabchan. Qisqa qilib aytganda, mehribon ona vazifasini bajaradi.

U yerdagi sharoitni ko‘rib dilimiz ravshan tortadi ko‘nglimiz ko‘tariladi. Binoni aylanar ekanmiz, xonalardan biri diqqatimizni jalb etdi. Bu muassasa qoshidagi “Mehribonlik uyi tarixiy muzeyi”. U yerda A. Xlebushkina hayoti, qahramon ona timsoli rasmlari aks etgan. Talaygina mukofot va faxriy unvonlar, tarbiyalanuvchilar tomonidan erishilgan yutuqlar ko‘rgazma sifatida qo‘yilgan.

Яна ўқинг:  СИЛГА ҚАРШИ ДОРИ ЯРАТИЛДИ

Undan tashqari “Mehribonlik” uyi qoshida turli to‘garaklar, tashkil etilgan. Ularda barcha tarbiyalanuvchilar faol qatnashadi. To‘garaklarni tashkil etishda “Barkamol avlod” Respublika bolalar texnik ijodiyot markazlari ko‘maklashmoqda. “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilarining 30 foizini 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan qizlar tashkil etadi. U yerda Xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, “Orasta qizlar” to‘garagi tuzilgan. Qizlar bilan alohida ish olib boriladi. Bunga oilaviy psixologlar, mahallaning faol xotin-qizlari jalb etilgan bo‘lib, qizlar uchun kerakli maslahatlar beriladi. Yilning muhim sanalarida tarbiyalanuvchilar tomonidan turli tadbirlar uyushtiriladi.

Bolalar orasida iqtidorlilari talaygina. Muassasa tarbiyalanuvchilari tarix, matematika fanlaridan “Bilimlar bellashuvi”, fan olimpiadalarida ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Shahar “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan futbol, volleybol, stol tennisi, arqon tortish bo‘yicha musobaqalarda muassasaning sportsevar bolalari birinchi o‘rinni egalladi. Shu kungacha mazkur dargohni tamomlagan ikki mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar orasidan ko‘plab fan doktori va fan nomzodlari, san’atkor, shifokor, o‘qituvchilar hamda xalq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar yetishib chiqdi.

Tarbiyalanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika Bolalar jamoatchilik fondi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan barcha tadbirlar, ko‘rik-tanlovlarda doimo yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqdalar.

Bolalarning yozgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ularning yurtimizning bahavo joylarda dam olishi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan bir qatorda muassasa tasarrufida tashkil etilgan oromgoh ham bolajonlar ixtiyorida. U yerda bolalar dam olish bilan birgalikda oromgoh hududidagi ko‘chatlar, anvoyi gullarni parvarishlashadi. Bu ularni tabiat bilan hamnafas bo‘lishga va uni asrab-avaylashga o‘rgatadi. Shuningdek oromgohda shaxmat-shashka kabi turli-tuman aqlni charxlaydigan o‘yinlar uyushtiriladi. Tabiiyki, bu jarayon bolalarning aqliy faoliyatini rivojlantirishda o‘zining samarali natijalarini beradi.

“Mehribonlik” uyidagi tarbiyalanuvchilarning yaxshi ta’lim-tarbiya olib, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishi, zamonaviy texnologiyalardan foydalana olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Chet tillarini a’lo darajada o‘zlashtirib, yurtimiz ravnaqini rivojlantiradigan yoshlarimiz yetishib chiqishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ularni rag‘batlantirish maqsadida muassasa miqyosida stipendiyalar tashkil etilgan. Mazkur yaratilgan sharoit bolaning kelajakda yetuk inson bo‘lib kamol topishida yordam beradi. Eng muhimi bu g‘amxo‘rliklar zamirida ertamiz egalarining komil inson bo‘lib shakllanishlari, el koriga, vatan ravnaqiga hissa qo‘shadigan yoshlarni tarbiyalashdek ezgu maqsadlar mujassam.

Яна ўқинг:  ЎЗИНИ ЭПЛАГАН ЭР

Charos XUSHVAQTOVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: