Yil bolamning kulgusi bilan munavvar bo‘ldi
Dunyoda har bir ona uchun eng katta baxt farzandining sog‘-salomat bo‘lishi, desam adashmayman. Ayniqsa, dilbandining baxtiyor chehrasi u uchun chinakam baxtni tuhfa etadi.
Afsuski, so‘nggi uch yil men uchun og‘ir keldi. Hayotim rangini, mazmunini yo‘qotgandek, go‘yo… Sababi uch yoshli qizalog‘im Mubinaxonning jajji yuragida og‘ir xastalik aniqlandi. Jismidagi dard bolaginamning tabiatiga ko‘chgandi. Uning rangi siniqqan, o‘zi behol edi. U bolalikning sho‘x-shodon dunyosidan yiroqda qolishi meni yanada tashvishga solardi. Shifokorlarga murojaat qilganimizda qizim jarrohlik yo‘li bilan davolanishi mumkinligini, buning uchun katta mablag‘ va zaruriy tibbiy asbob-uskunalar kerakligini ta’kidlashdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ezgu ishlari ko‘nglimizga yana umid chirog‘ini yoqdi. Qizim fondning tashabbusi bilan jarrohlik amaliyoti uchun muhim bo‘lgan xorijdan keltirilgan oksigenerator uskunasi yordamida Toshkent pediatriya tibbiyot institutida operatsiya qilindi. Shukurki, tibbiy amaliyot tajribali shifokorlar ko‘magi bilan muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Hozirda qizim Mubinaning ahvoli maqtagulik – oldingiga qaraganda o‘zini ancha yaxshi his etmoqda. Tengdoshlari bilan zavq bilan o‘ynayotganini ko‘rib, ko‘nglim halovat topdi.
Bu yil men uchun yaxshi xotiralar bilan yodda qoldi. Buning uchun men kabi shikasta qalb onalarga umid bergan, quvonch ulashgan “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi va uning jonkuyar xodimlariga chuqur minnatdorlik bildiraman. Yangi yil barchamizning xonadonimizga baxt va quvonch olib kelsin!
Dilnoza SADIROVA,
Toshkent shahri