Siyosiy partiyalarning roli qanday?
Jamiyatni demokratlashtirishda siyosiy partiyalarning roli nimalardan iborat?
Nazira OLIMOVA,
Toshkent shahri
Savolingizga Toshkent shahri, Uchtepa tuman 7-davlat notarial idorasi notariusi
Dildor QURBONOVA javob beradi.
– Mustaqil O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta tamoyilidan biri kuchli huquqiy demokratik davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari yuzlanishdir. Unda xalqimizning irodasi, adolatli jamiyat barpo etishdagi intilishlari, ezgu-istaklari mujassamlashgan. Siyosiy partiyalar esa ana shu tamoyilni o‘zida ifoda qiladigan siyosiy tashkilotdir.
Islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizni yanada demokratlashtirish va liberallashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar sur’ati fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, ularning siyosiy va huquqiy madaniyatining yuksakligi, siyosiy partiyalarning yetuklik darajasiga bog‘liq. Zero, parlamentga nomzodlar faqat siyosiy partiyalardan ko‘rsatiladi. Shunday qilib, u o‘z vakillari-deputatlar orqali davlat boshqaruviga kirib keladi. Shu bois ham siyosiy partiyalar hokimiyat bilan xalq o‘rtasidagi uzviy aloqa vositalaridan biri, desak bo‘ladi.
Partiyalarning maqsad-vazifalariga e’tibor berilsa, ular qonun ijodkorligi, fuqarolar bilan yaqindan muloqot va saylovchilar bilan uchrashuvlar, tadbirlar o‘tkazish, OAVda chiqishlar qilishdan iborat.
Qonun ijodkorligi va uning targ‘ibotini siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi o‘z fraksiyalari faoliyati orqali amalga oshiradilar. Demak, partiyalar faoliyatining har bir yo‘nalishi xalq bilan muloqotlarga daxldor.
Partiyalarning ikkinchi yo‘nalishi konferensiya, seminar, davra suhbati, deputat uchrashuvi kabi tadbirlar uyushtirib, mamlakatimizning ichki va tashqi siyosati haqida aholiga yetarli ma’lumotlar yetkazadi hamda muloqot jarayonida xalqning fikri tahliliy o‘rganiladi.
O‘tgan davrda partiyalar mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatni taraqqiy toptirish, bir qator ijtimoiy muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish borasidagi ulug‘vor islohotlarning faol ishtirokchisiga aylandi.