“Mehru vafo – raqibg‘a, javru jafo – manga”
Zahiriddin Muhammad Bobur
Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga,
Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga!
Netgaymen ul rafiq bilakim, qilur base,
Mehru vafo – raqibg‘a, javru jafo – manga.
Begona bo‘lsa aql meni telbadin, ne tong,
Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga.
Ohu yoshimdin ortadurur za’f, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.
Dardim ko‘rub, muolajada zoye’ etma umr —
Kim, jonda dardi ishqdurur bedavo manga.
To yor kimni istaru ko‘ngliga kim yoqar,
Tashvish bejihatdurur oxir sango, manga.
Bobur, bo‘lubturur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt,
Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.