ULUG‘DIR USTOZ DEGAN NOM

Olamning gultojisi inson bo‘lsa, insonlarning buyugi avvalo ibratli ota-ona so‘ngra ustoz murabbiylardir. Inson borki, ta’lim bergan, unga dunyo ma’naviy-ma’rifiy durdonalari xazinasini ochuvchi bilim kalitini qo‘liga tutqazgan zotni ustoz deb ulug‘laydi. Olamdagi barcha yaxshilik, ilmu ma’rifat, mehr-saxovat

otaday ulug‘ zotlar tufaylidir.

Ana shunday ustoz-murabbiylardan biri – pedagogika fanlari doktori, professor, I-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning tolmas targ‘ibotchisi Tal’at Usmonxo‘jayev haqida ko‘p gaplar aytish mumkin.

Qutlug‘ yoshni qarshilagan ustoz bir necha farzandlarning padari buzrukvori, o‘nlab nabiralarning sevimli bobojonisidir.

Qariyb 50 yil o‘z kasbini ulug‘lagan Tal’at Usmonxo‘jayevda sportga bo‘lgan qiziqishni 1-sinfi­da o‘qib yurgan kezlaridayoq jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Suren Javadov uyg‘otgan edi.

U o‘sha paytda poytaxtning “Beshyog‘och” dahasida 90-maktabda sport gimnastikasi bilan astoydil shug‘ullana boshladi. Institutni basketbol mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan bundan ellik olti yil avval O‘zbekistonda ilk ochilgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining “Sport o‘yinlari” kafedrasida o‘zining pedagogik faoliyatini boshladi. Ustoz mazkur oliy ta’lim dargohida sport sohasida milliy kadrlarni yetishtirish borasida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdi. Iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. O‘sha kezlarda basketbolga oid barcha darslik va qo‘llanmalar rus tilida bo‘lganligi bois T.Usmonxo‘jayev ularni o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Bolalar jismoniy tarbiyasi, ularning salomatligini muhofaza qilish yosh fiziologiyasi ayniqsa, milliy harakatli o‘yinlar tadqiqotchimizning izlanish ob’yektiga aylandi. Natijada ustozning bundan 40 yil avval “Harakatli o‘yinlar” nomli birinchi kitobi chop etildi.

Respublikamiz mustaqillikka erishgach, barcha sohalar qatori ta’lim sohasiga ham katta e’tibor qaratildi. Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida ilmiy ishlarini olib borish, uning natijalarini amaliyotga tadbiq etish borasida keng imkoniyatlar yuzaga keldi.

O‘zining ilmiy, amaliy, pedagogik faoliyatini mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar sporti, jismoniy madaniyati, jismoniy tarbiyasining nazariy jihatlarini asoslab berishga qaratgan fidoyi ustoz 1995 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining maxsus ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida “Bolalarni harakat faolliklari bilan bog‘liq tarzda jismoniy kamolotga yetkazishning ilmiy pedagogik asoslari” mavzusida dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi va pedagogika fanlari doktori ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Qariyb ellik yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida olimimiz o‘zi va shogirdlari bilan birgalikda yigirmadan ortiq monografiya, o‘quv qo‘llanma, tavsiyanomalar yaratib, milliy harakatli o‘yinlar va sport turlarini tiklash, ulardan yoshlarimizda vatanparvarlik, milliy g‘urur, qat’iyat va intizom, halollik kabi fazilatlarni kamol toptirishga hissa qo‘shdi.

Yana o‘qing:  Biosfera – yerning hayot qobig‘i

Tal’at Usmonxo‘jayev yurtimizda milliy harakatli o‘yinlar va o‘tkazib kelinayotgan sport anjumanlari, festivallarida faol ishtirok etib keladi. Shuningdek, ustoz tarixiy, milliy harakatli o‘yinlar – “Cho‘pon”, “Bo‘ron”, “Chillak”, “Qarab tep”, “Otib qochar” kabilarni milliy sport turlariga yana ham yaqinlashtirish, tiklash borasida ham o‘zining bilim va mahoratini ayamay kelmoqda.

“Mehnat qilgan elda aziz”, deydi xalqimiz. Pedagogika fanlari doktori, professor T.Usmonxo‘jayevning mamlakatimizda bolalar hamda o‘smirlar sportini rivojlantirish borasidagi sermashaqqat mehnati hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U 1999 yilda I-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Har bir xalq, har bir millat eng avvalo, barkamol avlodni tarbiyalash, sog‘lom farzandlarni ulug‘lash haqida qayg‘uradi. Respublikamizda barkamol, jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi, professor Tal’at Usmonxo‘jayevning ezgu ishlariga rivoj, sog‘liq-salomatlik tilaymiz.

Shavkat YOQUBOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: