Malakali tibbiy xizmat xalq salomatligini saqlashda muhim omildir

1998 yil 10 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning maqsad va vazifalari qat’iy belgilab olindi. Jumladan, fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va ijtimoiy himoyaga doir konstitutsiyaviy xuquqlariga rioya etish, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning turlaridan aholining barcha qatlamlari foydalanishini tashkil etish, onalik va bolalikni muhofaza qilishning samarali tizimini yaratish, profilaktik sog‘liqni saqlashni ustuvor rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish, xususiy tibbiy davolash amaliyotini rivojlantirish va rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlar tizimning asosiy tamoyillari etib belgilandi.

Mustaqillik yillarida yurtimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha qator ezgu ishlar amalga oshirildi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sog‘lom va barkamol farzandlarni tarbiyalashda oila mas’uliyatini oshirishga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil etishda Toshkent shahar Aholi reproduktiv salomatlik markazi ham samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

 

– Bizning muassasada bugungi kunda 10 dan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda. Markazning asosiy vazifalari aholiga reproduktiv salomatlik masalalari bo‘yicha birlamchi malakali tibbiy yordam va maslahatlarni tashkil etishdan iborat.

 

Shuningdek, UASH (umumiy amaliyot shifokori), doyalar, xamshiralar uchun birlamchi tibbiyot muassasalarida zamonaviy kontratseptiv vositalarni to‘g‘ri va samarali ishlatilishi hamda homiladorlarni antenatal parvarishini ta’minlash bo‘yicha o‘quv seminarlarini o‘tkazadi, – deydi Toshkent shahar Aholi reproduktiv salomatlik markazi direktori Feruza Rahmatullayeva.

2014–2016 yillar davomida markaz mutaxassislariga 2 ming 825 nafar aholi vakillari murojaat qilib, ularga tegishli malakali tibbiy yordam va maslahatlar tashkil etildi. Bundan tashqari shahar xotin-qizlar qo‘mitasi va yana bir qancha tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tgan 2015–2016 o‘quv yilida 1 ming 327 nafar va 2016–2017 yillar o‘qish davrida 643 nafar, jami 1 ming 970 nafar yoshlar OIV infeksiyasi yuqishini oldini olish mavzui bo‘yicha o‘qitildi.

– Onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, jahon tibbiyotining eng so‘nggi yutuqlarini amaliyotga joriy etishga yo‘naltirilgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Natijada ilgarilari hatto tasavvurimizga ham sig‘dirish qiyin bo‘lgan yangi zamonaviy tibbiy texnologiyalar mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga izchil tatbiq etilmoqda, – deydi ushbu markazning bolalar shifokori Kamola Abdumo‘minova.

Yana o‘qing:  Tishlar nega “bog‘lanadi?”

Aytish joizki, bularning bari mamlakatimizda tibbiyot tizimi izchil rivojlanib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganining samarasidir.

 

Charos XUSHVAQTOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: