O‘z salomatligimizga mas’ullik hushyorlikka chorlaydi
Mamlakatimizda aholi salomatligini asrashga hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor berilmoqda. Joriy yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb nomlanishining tag zamirida ham kelajak avlod salomatligini muhofaza etish, ularni jismonan sog‘lom, aqlan yetuk va ma’nan barkamol insonlar etib tarbiyalashdek ezgu maqsad mujassam.
Bugun dunyo bo‘ylab odamning immunitet tanqisligi virusining keng tarqalishi, insoniyatga jiddiy xavf solayotir. Afsuski, respublikamizda ham OIV aholining turli guruhlari orasida aniqlanmoqda. Shu bois 2013 yil 23 sentyabrda yangi tahrirdagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjatning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari, Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i va uslubiy qo‘llanmalari ishlab chiqilib, amalda qo‘llashga tatbiq etildi. Mazkur qonuniy va me’yoriy hujjatlarda OIV tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, ushbu virusni yuqtirib olgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish va ularning huquq va burchlari belgilab qo‘yilgan.
OIV insonga ushbu infeksiyani yuqtirib olgan odamdan himoyalanmagan jinsiy aloqa, yaxshi tekshirilmagan donor qonini bemorga quyish orqali, teri va shilliq qavat butunligining buzilishi bilan bog‘liq muolajalarda zararsizlantirilmagan tibbiy asbob-anjomlar orqali hamda sartaroshxonalarda tatuaj, pedikyur, manikyur muolajalari sterillanmagan holatda amalga oshirilganda yuqadi. Bu dard homilador onadan bolaga o‘tishi mumkin. Tanamizdagi har qanday kasallik biz kechirayotgan betartib hayot tarziga javoban rivojlanadi. Insonning o‘z salomatligiga befarqlik bilan qarashi mas’uliyatsizlik hisoblanadi. Demak, kasallikni yuqtirishning oldini olish ko‘proq o‘zimizga bog‘liq.
Hozirgi vaqtda ba’zi yurtdoshlarimiz turli bahonalarni ro‘kach qilib, ko‘proq pul topish ilinjida uzoq-yaqin davlatlarga ishlash uchun borib kelmoqda. Noqonuniy ravishda xorijga chiqib ketgan, ayniqsa, 20-45 yoshdagi yigit-qizlarning qayerda yurgani, nima bilan shug‘ullanayotgani, kimlar bilan qanday aloqada bo‘layotgani, qanday sharoitda yashayotgani ba’zan yaqinlariga ham noma’lum bo‘lmoqda. Shunday ekan har bir ota-ona o‘z jigarbandini o‘zga yurtga yuborgandan so‘ng, uning salomatligi yomonlashuviga yoki nojo‘ya qadam tashlab, giyohvandlik, ichish, chekish kabi zararli odatlarga o‘rganib qolishiga, betartib jinsiy aloqada bo‘lishiga, yomon odamlar ta’siriga tushib qolishiga o‘zining javobgar ekanligini unutmasligi lozim. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida oila kattalari o‘z farzandlari bilan jiddiy suhbat olib borishi shart.
OIV virusining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu kasallikni aniqlash maqsadida har bir xorijdan kelgan shaxs o‘zi doimiy yashaydigan hududdagi ko‘p tarmoqli poliklinika yoki qishloq vrachlik punktida tekshiruv uchun qon topshirishi zarur. Qolaversa, nikohdan o‘tayotgan shaxslar ham tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim. Shuningdek, 12 haftagacha homilador bo‘lgan ayollar ham OIVning oldini olish maqsadida qon tahlili uchun yashash joyi bo‘yicha hududiy poliklinikalarga qon topshirishlari kerak.
Aholi orasida ushbu xavfli kasallikning oldini olishda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va faollari mutaxassislar bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishlari muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, ko‘pni ko‘rgan otaxon-onaxonlarimiz ham yoshlarning yurish-turishiga e’tibor berib, ularga odob-axloq yuzasidan o‘z maslahatlarini bersalar kelajak egalarining sog‘lom, yetuk va barkamol avlod bo‘lib yetishlariga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan bo‘lar edi. Zero, xalqimiz “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan purma’no so‘zni bejizga aytmagan.
Aholi salomatligini saqlashga nafaqat tibbiyot xodimlari, balki shu yurtda yashayotgan har bir fuqaro o‘zining munosib hissasini qo‘shmog‘i lozim. Ana shundagina ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
Ahmadjon AYITBAYEV,
Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazi sanitariya vrachi