Shifokorlikdan tadbirkorlikgacha

Sifatli tibbiy xizmat – ulug‘vor maqsad

Buxoro viloyati, Buxoro tumani aholisidan malakali kardiolog Lubat Hasanova haqida so‘rasangiz, “o‘zimizning qo‘li yengil shifokor” deya og‘zidan bol tomib maqtaydi. Galaosiyo shahrida xususiy tibbiyot klinikasi ochib, bir necha yildan buyon xalqqa beminnat xizmat qilib kelayotgan bu mehridaryo inson chindan ham o‘z kasbining fidoyisi. U bilan suhbatlashganimizda bunga o‘zimiz ham amin bo‘ldik.

 

Lubat opa, siz bilan salom-alik qilgandayoq, samimiy inson ekanligingizni darrov payqadim…

– Rahmat, juda xursand qildingiz. Bilasizmi, bolaligimda ota-onam menga “Qizim, insonni inson qilib turadigan ezgu fazilati uning shirin so‘zi, yaxshi xulqidir” deya ta’kidlashdan sira charchamasdi. Yaqinlarimning bu purma’no o‘giti umrim davomida men bilan birga bo‘ldi. Shukrki, ularning nasihatlariga amal qilib, kam bo‘lmadim, el orasida hurmat-e’tibor topdim. Qolaversa, men shifokorman. Oldimga kelayotgan bemorlar, eng avvalo, shirin so‘zimdan, samimiy tabassumimdan shifo topsa, deyman.

 

Keling endi faoliyatingiz haqida suhbatlashsak. Sizda xususiy tibbiyot klinikasini ochish fikri qachon paydo bo‘ldi?

– Sizga aytsam, oliy o‘quv yurtida o‘qib yurgan kezlarimdayoq, o‘zimning tibbiy klinikam bo‘lishini orzu qilardim. Lekin o‘sha paytlarda buning sira imkoni yo‘q edi. Istiqloldan so‘ng mamlakatimizda tibbiyot sohasida ham tub islohotlar amalga oshirilib, hayotga keng tatbiq etildi. Bugun yurtimizda davlat shifoxonalari bilan birga, xususiy tibbiyot muassasalari ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Men ham yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, 2003 yilda o‘z xususiy klinikamni tashkil etdim. Bugun bu yerda bir vaqtning o‘zida 20 nafar bemor yurak qon-tomir xastaliklari bo‘yicha statsionar sharoitda davolanish imkoniga ega. Klinikamizda UTT, EKG apparatlari, laboratoriya, fizioterapevtik uskunalar bo‘lib, bu ishimizni to‘g‘ri va samarali tashkil etishimizda asqotmoqda.

 

Ishning boshlanishi qiyin bo‘lgandir?

Albatta. Har bir yumush avvalida ma’lum qiyinchiliklar bo‘lishi, tabiiy. Lekin bunday vaziyatda, eng asosiysi, ishonchni yo‘qotmaslik, umidni so‘ndirmaslik. Doim maqsad sari olg‘a intilish zarur. Biz ham faoliyatimizni yo‘lga qo‘ygan dastlabki yillarda mablag‘ borasida muammolarga duch kelganmiz. Lekin, bankdan kredit olish orqali, bu qiyinchiliklarning bari ortda qoldi.

 

Yuqorida aytganingizday, shifokor, eng avvalo, shirin so‘z bo‘lishi zarur. Chunki, ruhiy ko‘tarinkilik, bemorning tez oyoqqa turishiga sabab bo‘ladi. Shundan kelib chiqib aytsak, siz xodimlarni ishga olayotganda ko‘proq ularning tajribasiga e’tibor berasizmi yoki insoniy fazilatlarigami?

– Tibbiyot xodimi bo‘lishdek, sharafli kasbni tanladingmi, xato qilishga sira haqqing yo‘q. Chunki, gap inson salomatligi haqida ketarkan, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.

Yana o‘qing:  Maktab o‘qituvchilarining tungi navbatchilik qilgan kunlariga haq to‘lanadimi?

Men ham xodimlarni ishga olishdan avval, ularning malakasi, tajribasi, eng asosiysi, insoniy fazilatlariga e’tibor qarataman. Boisi, har bir bemor, birinchi galda, shifokor huzuriga umid bilan keladi. Ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan birga yaxshi so‘z aytish, ko‘ngliga yo‘l topa bilish muhim ahamiyatga ega. Klinikamiz xodimlariga ham buni ta’kidlashdan sira charchamayman va o‘zim ham bu borada ularga o‘rnak bo‘lishga intilaman.

 

Tadbirkorlik sohasida faoliyat olib boruvchi insonlar reklamani o‘zlarining yaqin ko‘makchisi, hamkori deb bilishadi. Ish faoliyatingizda bunga hech ehtiyoj sezganmisiz?

To‘g‘ri, tibbiyot klinikamizni tashkil etgan dastlabki yillarda reklamaga katta ehtiyoj bo‘lgan. Keyinchalik muassasamizda davolanib, dardidan forig‘ bo‘lgan yurtdoshlarimizning o‘zlari bu borada bizga ko‘maklashib yubordilar. Hozirda klinikamizda nafaqat o‘zimizning tumandan, balki butun Buxoro, qolaversa, qo‘shni viloyatlardan ham bemorlar kelib davolanmoqda. Nokamtarlikka yo‘ymang-u, bu ishni to‘g‘ri tashkil etganimiz, kasbimizga sadoqat bilan yondoshganimiz samarasi, deb o‘ylayman.

Yana bir gap. Men doimo o‘z vazifamga halol yondoshishga intilaman. To‘g‘ri, biznesda eng birinchi maqsad – pul topish. Lekin dunyoda shunday narsalar ham borki, uni har qanday pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bu yurtdoshlaringni senga bo‘lgan ishonchidir. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib aytsam, qilayotgan ishim orqali xalqimga nafim tegsa, deyman.

 

Yoningizda turib, sizni yangi marralar sari ruhlantiradigan, tushkunlikka tushgan paytingizda dalda beradigan yaqin odamingiz kim?

Bu inson so‘zsiz turmush o‘rtog‘im. Yaratganga shukr, xo‘jayinim bilan baxtli hayot kechirdik. Bir o‘g‘il, bir qizni dunyoga keltirib, ularni el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladik. Turmush o‘rtog‘im doimo menga suyanch, har bir ishda madadkor bo‘lgan. Bugun shuni ishonch bilan ayta olamanki, ularning maslahatlari, yo‘l-yo‘riqlari bilan shu darajaga yetdim. Buning uchun u insondan minnatdorman.

 

Yana 10 yildan so‘ng tibbiyot klinikangiz faoliyatini qanday tasavvur qilasiz?

Kelajakda shifoxonamizni kengaytirib, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash niyatidamiz. Yangi tibbiy-asbob-uskunalar, jumladan, so‘nggi rusumdagi MRT jihozini sotib olishni rejalashtirganmiz. Xodimlarimizning malakasini oshirish, ularni dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi zamonaviy klinikalarida tajriba orttirib qaytishini tashkil etishni ham ko‘nglimga tugib qo‘yganman. O‘ylaymanki, bu sa’y-harakatlar, shifo maskanimizni yana 10 yildan so‘ng nafaqat viloyat, balki respublikamizdagi eng ilg‘or tibbiyot muassasalaridan biriga aylantiradi.

Yana o‘qing:  Prostatit: muammo, tashxis va muolaja

Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

 

Sa’dullo TURSINOV suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: