OTA YARATGAN BOF, FARZANDLARGA SABOQ
Limon mevasining foydali xususiyatlari to‘g‘risida ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Tabobatda undan gipertoniya (xafaqon), me’da-ichak tizimi kasalliklarini davolashda keng qo‘llaniladi. Qolaversa, bugungi kunda zamonaviy tibbiyotda limon sharbati bilan organizmdagi qum, toshlarni tushirishda, shuningdek, gepatit kasalligida, jarrohlik operatsiyasidan keyingi yaraning tez bitishida ham foydalanilmoqda. Eng qizig‘i, homiladorlik davridagi toksikozda limon gullarining hidi ayollardagi bu holatning yengil o‘tishiga yordam beradi. Uch-to‘rt osh qoshiq meva sharbatini nahorda iste’mol qilish bilan organizmdagi o‘smalarni o‘sishdan to‘xtatish mumkin ekan. Qolaversa, limon kosmetologiyada ham keng qo‘llaniladi. Ana shunday foydali jihatlarga ega bo‘lgan bu sitrus mevani respublikamizga olib kelib, mahalliylashtirib yangi navlarini yaratayotgan hamyurtlarimiz faoliyati barchani qiziqtirsa kerak.
O‘ZIMIZNING BOFDAN…
Faxriddinovlar sulolasini mahalladagilar hurmat bilan tilga oladilar. Hayotdan ibrat olib, suyagi mehnatda qotgan Zayniddin ota issiq o‘lka o‘simligi hisoblangan limonni ilk bor 1957 yilda Gruziyadan olib kelgan edi. O‘sha yili limonning “Novogruzin” navini “Miyer” naviga chatishtirib, bizning iqlim sharoitiga mos yangi “F-1” navini yaratdi. O‘tgan asrning 60-yillarida hosil ilk nishona berganida bog‘bon otaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi. Po‘sti bilan iste’mol qilinadigan bu limon tarkibida 4 foiz limon kislotasi bo‘lib, og‘irligi 450 gr.ni tashkil etardi. Bir yilda bir marta hosil beradigan limon daraxtining bo‘yi 2,5-3 metrgacha yetadi. Ana shu mehnatlari evaziga u kishiga xalq seleksioneri, olim-agronom, “Xalq akademigi” unvoni berildi. 1960 yilda Gruziyaning “Novogruzin”, “Novoafon” va Xitoyning “Miyer” limon navlari ko‘chatlarini issiqxonada transheya usulida, ya’ni yerdan yarim metr tuproqni olib tashlab ekkan Zayniddin otaning mehnatlari zoye ketmadi. Shunday qilib O‘zbekiston sharoitida ilk limonariyni tashkil etgan Zayniddin ota limonchi-mirishkorlar sulolasiga ham asos soldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Keyinchalik Gruziyadan keltirilgan navlarni bir-biriga chatishtirish natijasida “F-2” navi yaratildi. Buni qarangki, yangi navdan bir yilda to‘rt marta hosil olish mumkin ekan. Shu bilan birga bu limonning qalin po‘sti tarkibi 9-12 foiz limon kislotasi, ko‘p miqdordagi efir moyi, pektin tibbiyotda dorivor vosita ishlab chiqarishda qo‘llanila boshlandi. Eng muhimi limon sharbatini qovoq sharbati bilan aralashtirib ichilsa qandli diabet kasalligida shifobaxshdir.
Seleksioner Zayniddin otaning qator yillar davomida o‘tkazgan izlanishlari natijasida limonning “F-3”, “F-4”, “F-5” navlari yaratildi.
OILA – IBRAT MAKTABI
Zayniddin hoji ota va Sharifa ona yetti nafar o‘g‘il va to‘rt nafar qizni halol mehnat bilan voyaga yetkazdilar. Ularni halol mehnat qilishga, oilasiga sadoqatli bo‘lishga o‘rgatdilar. Bugungi kunda opa-singil, aka-ukalarning barchasi oliy ma’lumotli. Katta o‘g‘il To‘lqin Faxriddinov ona kasbidan kamol topdi. Opasi Ra’no Xo‘jayeva Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi. Dilbar opa Faxriddinova Bolalar kardiologi, singillari Dilfuza va Baxtigullar ham shu universitetni tamomlagan. Asosiysi Zayniddin otaning farzandlari bugun fayzli xonadon egasi hamda mustahkam oila va obod turmush sohiblari.
“OT IZINI TOY BOSAR”
Farzandlarining yettinchisi bo‘lgan Muhammadaziz aka ota duosini olib, uning ishini davom ettirib kelmoqda. U Toshkent Davlat agrar universiteti (Toshkent davlat Qishloq xo‘jaligi universiteti)ning “Meva-sabzavot, uzumchilik” fakultetini agronom mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Ko‘p yillar Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasida yer-suv bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishladi. Yer sho‘rlanishining oldini olish, tuproqni tekshirish bo‘yicha o‘z malakasini oshirdi. Viloyat Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasida “Meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish” bo‘limida bosh mutaxassis vazifasida faoliyat olib bordi. Bugungi kunda u O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi fizika-kimyo polimerlar institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlamoqda.
Muhammadaziz aka o‘zi yashayotgan xonadonida tashkil etilgan issiqxonadagi laboratoriyada sitrus o‘simliklarni O‘zbekiston sharoitida yetishtirishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish ustida izlanishlar olib bormoqda. Bu borada olim to‘rtta yangi texnologiya yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni, tuproq unumdorligini oshirish, limon ko‘chatiga to‘g‘ri shakl berish, ekish sxemalariga asosan to‘g‘ri shakl berish, virusli kasallikka qarshi kurashish hisobiga unumdorlikni oshirishga erishdi. Bir tup limon daraxtidan bir paytlari 30-40 kg. hosil olingan bo‘lsa, bugungi kunda yangi texnologiyalar asosida 150-200 kg.dan hosil olishga erishilyapti. Bu tajribalardan o‘rganish maqsadida yurtimizning turli viloyatlaridan tadbirkor-bog‘bonlar tashrif buyurishadi.
Mirishkor bog‘bon yaratgan texnologiyaning birinchisiga asosan tuproq unumdorligi hamda o‘simlik hosildorligini belgilangan tartibda beriladigan mahalliy o‘g‘itlar hisobiga oshirilyapti.
Ikkinchi texnologiya bo‘yicha olimlar tomonidan yaratilayotgan o‘stiruvchi moddalarni dehqonchilikda qo‘llash hisobiga qisqa muddatlarda apelsin hamda mandarin mevalarini ildiz oldirishga erishilyapti.
Uchinchi texnologiya – padari buzrukvori Zayniddin otaning sovuqqa chidamli navni yaratish orzusi ustida Muhammadaziz aka izlanish olib boryapti. Bugungi kunda 20 daraja sovuqqa chidaydigan yangi limon navi ham sinovdan o‘tkazildi.
– Davlatimiz tadbirkorlarga keng yo‘l ochib, katta qulayliklar yaratib berdi. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq O‘zbekistonda shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarini, rivojlantirishga katta e’tibor berildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad xalq farovonligini oshirishdan iboratdir.
Biz ham ana shu ezgu maqsadlarga erishish yo‘lida munosib mehnat qilayotganimizdan qalbimiz g‘ururga to‘ladi, – deydi Muhammadaziz Faxriddinov.
TOMORQADAN BARAKA TOPIB…
Muhammadaziz aka oilaparvar, farzandlariga mehribon va o‘z o‘rnida qattiqqo‘l hamda talabchan ota. Umr yo‘ldoshi Shoyista opa Faxriddinova Respublika Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi shifokori. O‘g‘illari Muhammadali Toshkent davlat agrar universiteti, Muhammadazim kasb-hunar kollejining texnologiya yo‘nalishini tamomlagan. Bugun ular xonadon issiqxonasida yetishtirilayotgan limon, apelsin va mandarin ko‘chatlarini respublikamizning qator viloyatlaridagi dehqon-fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish, ularni ekish, parvarish qilish borasida otasiga yordam berib kelishmoqda. Qizlari Gulchehra va Gulnozalar esa onasi izidan borib, uning ishini davom ettirishyapti.
– Oilaning mustahkam bo‘lishi farzand tarbiyasiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Inson dunyoga kelganidan keyin o‘zidan yaxshi nom, yaxshi farzand qoldirishi kerak, derdilar otam. Farzand tarbiyasida ham otam menga o‘rnak bo‘lganlar. Shuning uchun ham turmush o‘rtog‘im bilan o‘g‘il-qizlarimizni yaxshi inson qilib tarbiyalashga harakat qildik, – deydi Muhammadaziz aka.
O‘zi tanlagan kasbidan kamol topib, el-yurt ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shayotgani, yurt koriga yaraydigan yaxshi farzandlarni voyaga yetkazayotganining o‘zi baxt emasmi? Albatta, tarbiya va ta’lim mehnat ko‘nikmasi bilan uzviy olib borilganda ana shunday muvaffaqiyatga erishiladi. Hayotning barcha sinovlarini matonat bilan yengib o‘tganlargina Yaratganning mukofotidan bahramand bo‘ladilar.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri