“…OLAM YUZIN OBOD QIL”

Hazrat Alisher Navoiyning ijodi qanchalik yuksak bo‘lsa, u zotning yurt obodligi, el farovonligi, xalq ko‘nglining shodligi yo‘lidagi xayrli ishlari ham shu darajada yuqoridir. Xorijda, xususan, G‘arbda e’tibor dastlab buyuk bobomizning ijtimoiy va siyosiy faoliyatiga qaratilganligi bejiz emas.

Alisher Navoiy ijod va ijtimoiy faoliyatni yonma-yon olib borib, Xuroson davlatida yuksak maqom tutgan shaxs sifatida xalqning farovonligi, elning osoyishtaligi uchun hamisha qayg‘urgan. Buyuk shoirning ijodida ham yurt obodligi, el hayotining to‘kin bo‘lishi bilan bog‘liq ko‘plab misollarni uchratamiz.

Alisher Navoiyning obodlik bilan bog‘liq fikru niyatlarini quyidagicha tasniflash mumkin. Birinchisi, ko‘ngil obod­ligi – inson, avvalo, o‘z ruhini pok­lashi zarur, deya ta’kidlaydi. Ya’ni, Alisher Navoiy ma’naviyat masalasini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Ikkinchisi, mamlakat obodligi – o‘z ulusini idora etayotgan hukmdor, unga tobe beklar, amaldorlar yurtning obodligi, bunyodkorlik ishlari, xalqning hojatini ravo qilish uchun mas’ul ekanligini Alisher Navoiy deyarli har bir asarida alohida ta’kidlaydi. Uchinchisi esa turmush obodligi – bu xususiy masala bo‘lib, shoir har bir inson o‘z oilasi obod, hayoti farovon va to‘kin bo‘lishiga javobgar ekanligiga urg‘u qaratadi va buning uchun halol mehnat, halol kasb yoki hunar lozimligini uqtiradi.

Alisher Navoiyning fikricha, obodlik tugal va yaxlit tushunchadir. Obodlik, avvalo ko‘ngildan boshlanishiga ishora qiladi shoir. Ko‘ngil obod bo‘lmay turib, chinakam go‘zallik va poklikka erishib bo‘lmaydi. “Mahbub ul-qulub”da ko‘ngil pokligisiz tanning sihati durust bo‘lmasligi ta’kidlanadi. Badanning salomatligi yoki bemorligi ko‘ngilga bog‘liq bo‘lganligi kabi mulkning – mamlakatning obod bo‘lishi podshoh – hukmdorning adolati hukmiga bog‘liqdir: “Ko‘ngul badan mulkining podshohidur, anga sihhat, munga ham sihhat, anga tabohi, munga ham tabohi. Pas ulkim, ko‘ngul mulkining sohib johi bo‘lg‘ay shohlar shohi bo‘lg‘ay. Badan saloh va fasodi, ko‘ngul saloh va fasodig‘a tobe’ va mulk obod va xaroblig‘i shoh adl va zulmig‘a roje’. Podshoh – mulk badanining jonidur va ko‘ngul – badan mulkining sultoni”.

Alisher Navoiy mazkur fikrni bayon etib, mamlakat uchun g‘amxo‘r va sog‘lom fikrlovchi shoh kerak, tan uchun esa pok ko‘ngil kerak degan mazmundagi baytni keltiradi:

Yana o‘qing:  “GULSHANI ODAM SAMARI SO‘ZDURUR”

Mulk uchun solim keraktur xusravi

kishvarpanoh,

Tan uchun ul uzvkim, bo‘ldi badan

mulkida shoh.

Ya’ni, haqiqiy shoh jahon mulkini xas dek ham bilmaydi, lekin ko‘ngilni falaklar mulkidek ulug‘ deb hisoblaydi.

Ko‘rib turganimizdek, Alisher Navoiy obodlik ko‘ngildan boshlanishiga urg‘u bergan. So‘ng esa bevosita shohning g‘amxo‘rligi, jonkuyarligi, insonlar ko‘nglini ola bilishi yurt obod, xalq shod bo‘lishining bosh tamoyili ekanligini ta’kidlayapti.

Alisher Navoiy ko‘ngil obodligini poklikka bog‘laydi: Odamiyning yaxshirog‘i uldurkim, porso va pok bo‘lg‘ay va haq so‘zin ayturda bevahmu bok bo‘lg‘ay. O‘zi poku ko‘zi pokni inson desa bo‘lur. Tili arig‘ va ko‘ngli arig‘ni musulmon desa bo‘lur...”

Ya’ni, odamning yaxshisi porso – toza qalb va pok bo‘ladi. Haq so‘zni qo‘rqmasdan ayta oladi. O‘zi va ko‘zi pokni inson desa bo‘ladi. Tilidan o‘zgalar ozor chekmaydigan, ko‘nglini shubha va gumondan saqlaydigan odamnigina chin inson deyish mumkin. Qolaversa, poklikka erishmay turib, sog‘likka ham erishib bo‘lmaydi. Turmush farovonligi esa insonning to‘rt muchasi sog‘ ekanligidagina tatiydi, quvontiradi. Demak, shoir inson baxti uning ham ma’naviy va jismoniy sog‘lomligi bilangina to‘kis bo‘lishiga ishora qilmoqda.

Alisher Navoiy yurt obodligining ko‘plab omillarini sanaydi, jumladan, saxovat ham insonlarni o‘zaro yaqinlashtirib, ezgu yo‘lda birlashishlari uchun sabab bo‘ladi, faqat u o‘z o‘rnida qilingan saxovat bo‘lishi kerak: Hunarlarni topmoq – yedurmakdur va ayblarni yopmoq – kiydurmaqdur. Mahalida bergan eski chortora to‘n–saxovat va bemahal bergan zarboft chorqab – shaqovat. Desangki, taoming zoye’ bo‘lmag‘ay – yedur va tilasangki, libosing eskirmagay – kiydur. Saxo tariyqin mazkur bo‘lg‘on so‘zla angla, ammo karam oyini va futuvvat rusumi o‘zga angla”.

Ya’ni, hunar o‘rgatmoq ham muhtojlarga yordam bermoqdir, o‘z o‘rinda berilgan to‘n saxovatdir, o‘z o‘rinda hadya qilinmagani esa saxovat emas. Taom zoye bo‘lmasligi uchun uni ulashish kerak, libos eskirmasdan oldin muhtojlarga hadya qilish lozim. Bu o‘rinda shoir jamiyatdagi o‘ziga to‘q qatlamni moddiy yetishmovchilikda yashaydigan odamlarga yordam berishga chaqirib, bu orqali elda ahillik va obodlik paydo bo‘lishini eslatyapti.

Buyuk shoir o‘z asarlarida yurt bunyodkorligiga, alohida e’tibor qaratgan. Masalan, “Xamsa” dostonlari qahramonlari hisoblanmish Farhod, Iskandar kabi qahramonlar o‘zlarining iste’dod va kuchlarini yurtni obod etishga sarflaydilar. Shoirning fikricha, obodlik, bunyodkorlikka bosh bo‘lish, avvalo, shohning zimmasidadir. So‘ng qolganlar unga ergashadi, natijada xalqning duosini oladi.

Yana o‘qing:  JAMG`ARMA FAOLIYATIDAN (2013-6)

Binoye tarx qilmoqkim hamesha,

El etgay shah duosin anda pesha.

Alisher Navoiy insonlarni halol hunar vositasida turmush kechirishga undar ekan, birovga qaram va boqimanda bo‘lishdan qaytaradi. Hatto o‘zga bergan ganjinadan ko‘ra peshona ter bilan topilgan bir dirham a’loroq deb hisoblaydi:

Bir diram olmoq chekibon dastranj,

Yaxshiroq andinki birov bersa ganj.

(“Hayrat ul-abror”dan)

Shoirning “Nazm ul-javohir” asaridan o‘rin olgan ruboiylaridan birida o‘z kasbiga ega bo‘lgan insonning kafti zar oladi, uning ikki qo‘li halol rizq topishda qiynalmaydi. Hunarsiz inson hamisha ranj chekadi. Chunki, hunar insonning qo‘lidagi ganj erur degan faylasufona fikr beriladi:

Kosib kunji kafi zar olg‘inchi erur,

Ikki qo‘li mezoni diramsanji erur,

Kim bo‘lsa hunarsiz ishi-o‘q

ranji erur,

Bu vajh ilakim, hunari ganji erur.

Garchi shoir o‘z asarlarida xalqning farovonligi, yurtning obodligi uchun jon kuydirsa-da, boylik ketidan quvib, insofu adolatni, hayo va odobni unutib qo‘ymaslikka chaqiradi. Kishining imoniga uning badavlat ekanligi emas, hayo va odobi nishon ekanligi, bu ikki fazilat hurmat olib kelishi, odobli va hayoli insonlar o‘z maqsadlariga albatta, erishishlarini uqtiradi:

Iymong‘a erur nishon hayo birla adab,

Hurmat bila ta’zim saodatqa sabab.

Hayou muaddab angakim, bo‘lsa laqab,

Maqsudig‘a kech yetsa ajab, angla ajab.

Demak, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, buyuk shoir hamisha el-yurt uchun qayg‘urgan. Buni o‘z ijodida aks ettirish bilan birgalikda amalda ham namoyon etgan. Xususan, Alisher Navoiyning “Vaqfiya” asari shoirning ijtimoiy faoliyati bilan bog‘liq masalalarni yoritishga bag‘ishlangan. Unda shoir o‘zining umri davomida amalga oshirgan turli obodonchilik, xayr-ehson ishlariga to‘xtaladi. Mazkur asarda keltirilgan quyidagi ruboiyda xirsu havasdan kechmay, nafsu havoni bartaraf etmay, odamlarni zulm va sitamdan ozod qilmay elning shod, mamlakatning obod bo‘lmasligi xususida falsafiy xulosa beriladi:

To xirsu havas xirmani

barbod o‘lmas:

To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas.

To zulmu sitam jonig‘a bedod o‘lmas,

El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.

Umuman olganda, hazrat Alisher Navoiy asarlaridagi bosh masalalardan biri aynan ko‘ngil obodligi, yurt farovonligi masalasi hisoblanadi. “Hayrat ul-abror”­ning maqolatlari, “Xamsa”ning deyarli barcha dostonlarida odil shoh orzusining bayon etilganligi, “Mahbub ul-qulub”, “Vaqfiya”, “Munshaot” asarlaridagi falsafiy o‘gitlar, xalq hayoti, ijtimoiy tabaqalar xususidagi qarashlar buyuk shoirning Vatan ravnaqi, el farovonligi uchun nechog‘lik jon kuydirganligini bildiradi.

Yana o‘qing:  TA’LIM-AMALIYOT-BANDLIK UYG‘UNLIGI

Bugungi kunda – xalqimiz erk bulog‘idan bahramand bo‘lib yashayotgan bir pallada buyuk bobomizning orzulari amalga oshayotganligining guvohi bo‘lyapmiz. Xususan, joriy yilning “Obod turmush yili” deb e’lon qilinganligi, ulkan bunyodkorlik ishlari, barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, yurtimizda yosh oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganligi, farzandlarning kamoloti uchun, ularning salomatligi, ta’lim olishi, kasb-hunar tanlashi yo‘lida yaratilgan keng imkoniyatlar buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy asarlaridagi ezgu g‘oyalar boqiyligini, xalqimiz hayotining ajralmas bo‘lagi sifatida mangu yashab qolaverishini yana bir karra isbotlaydi.

Dilnavoz Yusupova,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent,

Akrom Malik,

O‘zMU talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: