Endokrinologiya: soha rivojiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida endokrinologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda tibbiyotning barcha yo‘nalishlari kabi endokrinologiya sohasi ham izchil rivojlanmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tashkil etilishi ushbu sohada aholiga jahon andozalari darajasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni takomillashtirish, ilm-fan faoliyatini kengaytirish, zamonaviy diagnostika, davolash ishlarini amaliyotga izchil tatbiq etishda yuksak samaralar berayotir. Olimlarimiz jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirish barobarida endokrinologiyaning ustuvor masalalariga oid ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Buning natijasida buyrak usti bezi, gipofiz o‘smalari, qandli va qandsiz diabet va boshqa kasalliklarni davolash bo‘yicha yangicha amaliyotlar joriy etildi.
Anjumanda endokrinologiya sohasida ilm-fan va tibbiyot amaliyotida erishilayotgan muhim natijalar, yod tanqisligi profilaktikasi, qandli diabetning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash bo‘yicha yangicha yondashuvlar, endokrin tizimlar kasalliklarini davolashning zamonaviy yo‘nalishlariga oid ma’ruzalar tinglandi.
S. OCHILOV