Sholg‘omli tamaddi
Sholg‘om qadimdan ko‘plab kasalliklarga davo sifatida qo‘llanib kelinadi. Undan xalq tabobatida o‘pka-nafas yo‘li bilan bog‘liq bo‘lgan xastaliklarni davolashda, harorat ko‘tarilganda, yurak betoqatligida keng foydalaniladi.
Sabzavotning qaynatib pishirilgani, sharbat qaynatmasi nafas qisish, ko‘ksov xastaligini bartaraf etishda tavsiya etiladi. Shuningdek, qaynatma suvi bilan og‘iz g‘arg‘ara etiladigan bo‘lsa, tomoq og‘rig‘i, tishlarning lo‘qqillab og‘rishiga tasalli beradi.
Quyida sizni sholg‘om bilan tayyorlanadigan taomlardan birining tayyorlanish usuli bilan tanishtiramiz.
Kerakli mahsulotlar: 4 dona sholg‘om, 4 bo‘lak sarimsoqpiyoz, 200 gr. pishloq, 4 osh qoshiqda o‘simlik yog‘i, ozgina saryog‘, tuz, murch va ko‘katlar.
Tayyorlanishi: sarimsoqpiyoz maydalab to‘g‘raladi. Pishloq qirg‘ichdan o‘tkaziladi. Tovaga saryog‘ solib, ustiga dumaloq qilib to‘g‘ralgan sholg‘omni terib, ustidan tuz, murch, pishloq va ko‘katlar solinadi. Shu tartibda masalliqlar terib chiqiladi. So‘ngra gaz pechida 180 darajada 20 daqiqa davomida pishirib olinadi.
Yoqimli ishtaha!
BEGOYIM