Musobaqa qizg‘in pallada
Gruziyaning Batumi shahrida davom etayotgan shaxmat bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib boryapti.
8, 10 hamda 12 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida tashkil etilgan bu galgi birinchilikda dunyoning 100ga yaqin mamlakatidan iste’dodli shaxmatchilar ishtirok etmoqda.
Sakkiz yoshlilar o‘rtasidagi bellashuvlarda o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazayotgan Humoyun Bekmurodov nihoyat 6-turda g‘alaba qozondi. Qora donalarda harakat qilgan hamyurtimiz JAR vakili Lexan Koningni taslim etdi. O‘n yoshli shaxmatchilar bahsida birinchi raqam ostida tasniflangan Islombek Sindorov oq donalarda o‘ynashiga qaramay, belaruslik Silich Yaxorni yenga olmadi. Bahs durang natija bilan yakunlandi. O‘n ikki yoshli shaxmatchilar musobaqasida ikkinchi tartib raqamli ishtirokchi bo‘lgan Javohir Sindorov esa g‘alabaga erishdi. U qora donalarda o‘ynab, kanadalik Xuang Kyuni mag‘lubiyatga uchratdi.
Qizlarimizdan Afro‘za Hamdamova beshinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. U oq donalarda hindistonlik Rout Yashidadan ustun keldi. Yuliya Xegay qirg‘izistonlik Azaliya Mirlankizi bilan murosaga keldi. Maftuna Bobomurodova esa rossiyalik Emiliya Zavivayevaga yutqazib qo‘ydi.