Jahonga yuz tutgan dargoh

Inson yaralibdiki, hamisha yuksak marralarni ko‘zlab yashaydi. Intilgan cho‘qqini zabt etish uchun undan yuksak bilim va idrok talab etiladi.

Ilm egallashni igna bilan quduq qazishga mengzash mumkin. Mashaqqat bilan erishilgan bilim esa insonning kelajakdagi barcha orzu-istaklarining kaliti bo‘lib xizmat qiladi.

Quvonarlisi, istiqlol yillarida mamlakatimizda yosh avlodning ta’lim olishi, o‘z iqtidor va qobiliyatini namoyon etishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Zamonaviy ta’lim maskanlarini bunyod etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagog kadrlarning malakasini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa ta’lim tizimida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimizga poydevor bo‘lmoqda.

Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorako‘l akademik litseyida tahsil olayotgan yosh o‘g‘il-qizlar – yurtimizning bilimga chanqoq, izlanuvchan yoshlaridan. Mazkur ta’lim maskanining tashkil topganiga chorak asr bo‘lgan bo‘lsa, uning qo‘lga kiritgan va kiritayotgan yutuqlari asrlarga tatigulikdir.

– Shu yil litseyimizni tamomlagan 141 nafar o‘quvchidan 110 nafardan ortig‘i yurtimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlariga kirish baxtiga muyassar bo‘ldi, – deydi muassasa direktori G‘olibjon Jumaqulov. – Quvonarlisi, ularning safi yildan yilga ortib bormoqda. Ta’lim maskanimizda o‘qituvchilarning salohiyati, o‘qitish metodikasi, hatto, ularning o‘quvchilar bilan yakka tartibda ishlashiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu esa o‘quvchining bilim olish darajasiga ijobiy ta’sir etmay qolmaydi.

O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi To‘xtamurod Jumayev tashabbusi bilan bunyod bo‘lgan mazkur ilm dargohi aniq fanlar (matematika, ingliz tili, ona tili va adabiyot), (fizika, matematika, ona tili va adabiyot), tabiiy fanlar (kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot), ijtimoiy-gumanitar fanlar (tarix, ona tili va adabiyot, ingliz tili) kabi 4 yo‘nalishga ixtisoslashgan. Har yili fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan respublika va xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda litsey o‘quvchilari muntazam ravishda nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Ular orasida Qozog‘iston, Gollandiya, Rossiya, Germaniya, Ispaniya, Vyetnam, Sloveniya, Gretsiya, Yaponiya, AQSH, Indoneziya, Janubiy Koreya, Ruminiya kabi bir qancha mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro olimpiada sovrindorlarini uchratish mumkin. E’tiborlisi, mazkur dargohni bitirgan yoshlar nafaqat mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida, balki AQSH, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Gollandiya, Malayziya kabi xorijning nufuzli ta’lim dargohlarida ham bilim olib qaytishmoqda.

Yana o‘qing:  7 kun davomida

– Ta’lim maskanimizda o‘quvchilarning bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – deydi matematika fani o‘qituvchisi Jahongir Jumayev. – Shu sabab bo‘lsa kerak, litseyda o‘qiyotgan bolalarning ota-onalari doimo farzandlari bilan faxrlanishadi. O‘z navbatida, ularning ishonchi biz o‘qituvchilarga katta mas’uliyat yuklaydi.

– Litseyning 2-bosqich o‘quvchisiman, – deydi Tojixon Sharipova. – Ta’lim maskanimizdagi ustozlarimiz har bir darsni zamonaviy va ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda o‘tadilar. Kelajakda huquqshunos bo‘lishni niyat qilganman. Biz o‘quvchilar hazrat Navoiyning “Bilmaganin so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” degan naqliga qat’iy amal qilamiz. Bu esa oldimizga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarimiz tomon olg‘a intilishga undaydi.

Ishonamizki, o‘z ustida tinimsiz izlanayotgan, ilmga chanqoq bu yoshlar kelajakda ona Vatanimiz taraqqiyoti, uning farovon kelajagi uchun o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadilar.

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: