Bolangizning yuziga urmang
Ko‘pchilik ota-onalar bola tarbiyasida eng oxirgi usuldan birinchi galdayoq foydalanib qo‘ya qoladi. Farzand sho‘xlik qilsa yoki gapga kirmasa, uradilar.
To‘g‘ri, qattiqqo‘llik kerak. Lekin muomala, tushuntirish, tergash, ogohlantirish kabi vositalar ish bermagandagina jismoniy jazoga o‘tish mumkin. G‘azabga berilish ko‘p hollarda tuzatib bo‘lmaydigan xatolarga olib keladi. Nohaq yoki ortiqcha kaltaklash bolaning tanasiga emas, qalbiga shikast yetkazadi.
AQSHning Ostin shtati universiteti va Texas shtati universiteti tadqiqotchilarining ta’kidlashicha, bola qancha ko‘p tarsaki yesa, unda ruhiy salomatlik borasidagi muammolar shuncha tez paydo bo‘ladi, tajovuzkorligi ortadi. 50 yil mobaynida o‘tkazilgan ushbu tadqiqotda 160 ming nafar bola o‘rganildi.
Ko‘pincha ota-onalar ozgina kaltak foydadan xoli bo‘lmaydi, deb o‘ylaydi. Biroq uni qay holatda va qachon qo‘llashni bilmay, xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Bunday usuldan foydalanishga bolaligida o‘zlari ham kaltaklanib “tarbiyalangan” kishilar moyil bo‘ladi. Natijada bu holat takrorlanaveradi, avloddan avlodga o‘taveradi. Har kim o‘zi bilmagan holda qalbidagi og‘riqlari, alamlari uchun bolasini jazolaydi.
“Tadqiqotimiz kattalarni o‘z xatti-harakatlari haqida o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi va kelgusida ota-onalar odob-axloq o‘rgatishning faqat ijobiy usullarini qo‘llaydi, deb umid qilamiz”, deya ta’kidlashdi olimlar.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.