Hamkorlikning yangi ufqlari
Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 2016 yil 18-19 oktyabr kunlari Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tashqi ishlar vazirlari kengashi Islom hamkorlik tashkilotining eng muhim tuzilmalaridan biri bo‘lib, uning sessiyasi har yili a’zo mamlakatlardan birida o‘tkaziladi. 2015 yilda Al-Kuvayt shahrida bo‘lgan 42-sessiyada navbatdagi sessiyani Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 19 avgustdagi qaroriga muvofiq ushbu xalqaro anjumanga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Sessiya tadbirlari uchun barcha zarur sharoit yaratildi.
Anjumanda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, tashkilotning yordamchi va maxsus muassasalari rahbarlari, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Italiyaning IHTdagi maxsus vakillari hamda BMT, YeXHT, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi qator tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi, Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh kirish so‘zi bilan ochdi.
Qur’on tilovat qilindi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev sessiyaning ochilish marosimida nutq so‘zladi.
Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish maqsadida ulkan ishlarni amalga oshirganini, islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shganini, bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilayotganini alohida ta’kidladi. Sessiyaga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etib, mamlakatimiz hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Sessiya Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov taklif etgan “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida o‘tdi. Anjuman ishtirokchilari mazkur g‘oya Islom hamkorlik tashkilotining buzg‘unchi mafkuraga qarshi kurashish, aholi, ayniqsa, yosh avlodda muqaddas islom dini qadriyatlari haqida to‘g‘ri fikr shakllantirish, yuksak ma’naviyatli va bilimli yoshlarni tarbiyalash orqali farovonlikka erishish kabi ustuvor maqsadlariga mos ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston ulkan ijtimoiy, ma’naviy va iqtisodiy salohiyati bilan Islom hamkorlik tashkilotida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimiz bu tashkilotga 1996 yilda a’zo bo‘lgan. Bugungi kunda o‘zaro hamkorlik keng ko‘lam kasb etgan.
Tashkilotning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi – ISESCO tomonidan Toshkent shahri 2007 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilingan.
O‘zbekiston 2003 yilda Islom hamkorlik tashkilotining ixtisoslashtirilgan tuzilmasi – Islom taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lgan. O‘tgan davrda mazkur bank bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, qurilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalarida o‘nlab loyihalar amalga oshirilgan.
O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga musulmon davlatlarni birlashtiruvchi umume’tirof etilgan forum sifatida qaraydi, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligini mamlakatimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasining e’tirofi, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston tashkilotning jahondagi rolini kengaytirish, tashkilot oldidagi muhim vazifalarni hal etishga har tomonlama ko‘mak berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining yalpi majlisida Kot d’Ivuar Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdalla Mabri, Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy, Sudan Respublikasining Saudiya Arabistonidagi elchisi Ali Alsanosiy, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Rustam Qosimov so‘zga chiqdi.
Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi Kuvayt Davlati o‘z raislik vakolatini O‘zbekistonga topshirdi. O‘zbekiston Respublikasining tashqi ishlar vaziri mazkur organning 2017 yildagi navbatdagi sessiyasiga qadar Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qiladi.